Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekning Londonda namoyon bo‘lgan oriyati

O‘zbekning Londonda namoyon bo‘lgan oriyati

Londonda kechgan ajoyib kunlarning birida Erkin aka telefon qilib qoldi. «Bunyod, hujjat bilan bog‘liq ishlar bor, vaqting bo‘lsa birga borib kelaylik», dedi. Dam olish kuni edi, rozi bo‘ldim, shu bahona Londonning xali ko‘rmagan joylarini ham ko‘rish ishtiyoqida birga yo‘lga chiqdik.

Shu o‘rinda Erkin akaga qisqacha ta’rif beray, o‘sha kungacha Erkin aka men uchun ko‘ngliga nima kelsa qiladigan, miyasiga nima kelsa gapiradigan, oddiy qishloqda katta bo‘lgan chapani inson edi. Lekin safarda hamrohingning hech kim ilg‘amagan qirralarini kashf etar ekansan.

To‘q jamiyat. Britaniyada odamlar ham, hayvonlar ham bizga nisbatan ancha to‘q. To‘kin-sochinlikda yashaydi. To‘qchilik qursin, ko‘chada ketayotgan it mushukka qaramaydi, mushuk sichqonga qiyo boqmaydi. Chunki ularni maxsus tayyorlangan oziq-ovqatlar bilan boqishadi. Natijada o‘z xususiyatini yo‘qotib borsa kerak. It itligini, mushuk mushukligini his qilmaydi. To‘qchilik sabab hatto ba’zi (bu yerda inson yoki odam so‘zi bo‘lishi mumkin edi)lar ham xususiyatini yo‘qota boshlagan.

Xullas odatdagidek yomg‘irli havoda metroga tushdik, bekatda (yer ostida) barcha qit’adan odamlar bor, lekin hammasi umumiy qoidalarga amal qiladi. Navbatlar ba’zan bir necha yuz metrgacha uzayib ketadi, lekin insonlar (keling, bularni insonlar deylik) sabr bilan, bir-biriga xushmuomalalik bilan kutishadi. Agar kimdir qovog‘ini solib yursa, nimadan xafaligini, yordam berishga tayyorligini aytishadi. Eng ko‘p ishlatiladigan so‘z «sorry», hatto bu so‘zni sehrli so‘z ham deyishadi. 

Manzilga yaqin bekatdan chiqsak, olomon bayram kayfiyatida o‘yin-kulgu qilib qorong‘u ko‘cha tomon ketayapti. Erkin aka «kel, bir chigilni yozaylik», deb olomon ichiga o‘zini urdi. Yig‘ilganlar ham Erkin akani quchoq ochib kutib oldi. O‘yin-kulgu borgan sari avj olmoqda. Avvaliga odatiy karnavallardan biri bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Keyin ular ko‘tarib olgan plakatlardagi «palakat» yozuvlarga qaradim. DAHShAT! O‘z xususiyatini yo‘qotganlar paradi ekan.

...Erkin akani ogoh etish maqsadida yelkasini qoqdim. Ko‘zlarini yumgan holda o‘ynayotgan o‘zbek akamiz «qochey» deya qo‘limni qaytarib tashladi. Ancha payt bunday shavq bilan o‘ynamagan shekilli, hech to‘xtagisi kelmas edi. Nihoyat musiqa tugadi. Erkin aka ham o‘yindan to‘xtadi. Shunda unga xususiyatini yo‘qotganlar paradi ekanligini aytdim. Shunda uning yuzidagi o‘zgarishni ko‘rsangiz edi. Bir necha soniyalarda boshqa odamga aylandi, qoldi. Endi ulardan jirkanar, biror joyi tegib ketmasligi uchun bor ehtiyotini qilar edi. O‘ng tomonga yorug‘ ko‘chaga chiqish uchun urinayotganda, go‘yo ularni qo‘li bilan ushlasa kir bo‘lib qoladigandek, oyoqlari bilan chekkaga surib yo‘l ochar edi...

Qaytishda muzeyga aylantirilgan «Tower of London»ga kirdik. U yerda ko‘hinur olmosi saqlanadi. Gid xonim olmos haqida gapirar ekan, Humoyun Mirzoni tilga oldi.

Tarixdan ma’lumki, Humoyun Mirzo rojaning qizini qutqargani uchun yosh rojaning onasi unga ko‘hinur olmosini hadya qiladi. Bu uning oriyati uchun berilgan yuksak baho edi.

...Ko‘p narsalar solishtirganda bilinadi. O‘zlarini o‘ta madaniyatli hisoblaydiganlar orasida o‘zimizning oddiy qishloqda katta bo‘lgan chapani akamiz o‘zbekning yuksak madaniyatini, oriyati ko‘rsatgan edi. Bir paytlar ko‘hinur Humoyun Mirzoning oriyati, g‘ururi uchun munosab ko‘rilgan bo‘lsa, o‘shanda Erkin aka bunga munosib edi. Toj bilan olib uning boshiga kiydirgan bo‘lar edim.

Kelajakda dunyo jamoatchiligi o‘zbek o‘g‘lonlari ilmi, odobi va insoniy oriyatiga xolisona baho berib, ko‘hinurni aynan bizga munosib ko‘rsa, ajabmas!

Bunyod Abdullayev, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring