«O‘zbek adabiyotining Chingizi ketdi» – ziyolilar kuni kecha vafot etgan adibni xotirlamoqda
25 iyul kuni taniqli yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Luqmon Bo‘rixon 58 yoshida vafot etdi.
Ziyolilar ijtimoiy tarmoq orqali marhumni xotirlab, uning haqiga xayrli duolar qilmoqda.
«Do‘st, ustoz, beg‘ubor inson, Allohning suyimli bandasi Luqmon Bo‘rixon... Undan yaxshi xotiralar, asarlar, zabardast farzandlar qoldi. Alvido, yaxshi odam! Diydor qiyomatga qoldi!» – deb yozdi inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov.
«Ishonging kelmaydi! Ayni aqli to‘lgan, sermahsul ijod qilayotgan bir davrda-ya... Yaqindagina kitoblarining taqdimotini o‘tkazgandik. Rejalari bir olam edi. Luqmon Bo‘rixon kamtarin, o‘ziga xos ijodkor edi. Alloh rahmat qilsin ukamizni! Dilbar suhbatlar, benazir asarlar yodgor bo‘lib qoldi», – deb yozdi shoir va jurnalist Amirqul Karim.
«Bugun hayotda topgan eng yaxshi odamimdan ayrildim. Ham aka, ham do‘st, ham ustoz edi. 1996 yilning kuz oylarida «Gazetniy korpus»ning koridoridan topgandim bu odamni! Shu kundan boshlab biror kun ajralmadik. Luqmon aka juda beg‘ubor edi. Shu qadar beg‘ubor ediki, hazil qilib ustidan kulsam, o‘zi ham menga qo‘shilib ketardi... Do‘stlar, odamning yoshi o‘tgan sari yer ustidan ko‘ra yer ostida tanishlari ko‘payib borarkan. Bugun yana bir do‘st, iste’dodli yozuvchi, o‘zbek adabiyotining Chingizi ketdi», – deya ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishdi shoir Alisher Nazar.
«Yozuvchi Luqmon aka Bo‘rixon bilan biroz ishlash nasib qilgan. Marhum «Katta fiqh ensiklopediyasi»ning asosiy muharrirlaridan edilar. Sokin, tabassumli va mo‘min inson sifatida yodda qolganlar. Alloh Luqmon akaning gunohlarini mag‘firat qilsin! Rahmatiga doxil qilsin! Haqlariga duongizdan umidvorman», – deya marhumni yodga oldi taniqli ulamo Mubashshir Ahmad.
«Sodda tabassumlari ko‘z o‘ngimda turibdi. Qanday toza, tiniq, malolsiz inson edilar-a! Ruhlari oromda bo‘lsin», – deya bitik qoldirdi shoira Guljamol Asqarova.
«Voh, do‘stim-a... Bizdan rozi bo‘ling, diydor qiyomatga qoldi. Nima deyin... kuyib ketyapman...» – deya ta’ziya izhor etdi yozuvchi Qo‘chqor Norqobil.
«Hali Sobir O‘nardan ajralib qolganimizga ko‘ngillar ko‘nikkani yo‘q, endi Luqmon Bo‘rixon... Joyingiz jannatlarning to‘ridan bo‘lsin, eshon bobo!» – deb yozdi Gulnora Rahmonova.
«Yuragi toza, hazilkash, shogirdsevar edilar. Shunchalik g‘animat ekanlar, g‘aflatda qolibmiz...» – deb hamdardlik bildirdi shoira Nargiza Asadova.
«Juda ajoyib, kamtar inson edilar. Luqmon aka bilan bor-yo‘g‘i ikki marta ko‘rishganmiz... Eshitib ochig‘i larzaga keldim. Nahotki buyuklar jimgina tark etadi!» – deya nadomat chekdi Dilshod Xursanov.
«Xizr ko‘rgan yigit bizlarni jaziramada qoldirib ketdi... Yuragim yonib ketyapti...» – deb yozdi shoir Muhiddin Abdusamad marhum adibning mashhur asarlariga ishora qilib.
«Hayot o‘ta beshafqat!.. «Yoshlik» jurnalida birinchi debyutimiz birga nashr etilgandi... Keyinchalik, adabiyotdan dars berganimda hozirgi adabiy jarayonning yirik namoyandasi sifatida Luqmon Bo‘rixon asarlarini talabalarim bilan o‘qib tahlillar qilganmiz. Oramizda odamlar har doim bordek, yonimizdadek. Aslida har bir kun, har bir dam, har bir odam g‘animat!» – deya qadrlashga undadi shoira va deputat Gulbahor Said G‘ani.
Luqmon Bo‘rixon 1965 yili Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida tug‘ilgan. 1986-1991 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 1991 yili «Cho‘lpon» nashriyotida «Yalangoyoq» deb nomlangan ilk hikoyalar to‘plami nashr etilgan. 2005 yilda chop etilgan «Jaziramadagi odamlar» romani muallifni zabardast adib sifatida tanitgan. «Sirli muallim», «Xizr ko‘rgan yigit», «Temiryo‘l», «Tun qa’ridagi shu’la», «Olov tutgan odam», «Begonalar yurmas bu yerda», «Sokin daryo» kabi roman, qissa va hikoyalardan iborat kitoblari chop etildi. Yozuvchining buyuk alloma, aqoid ilmi ustozi Abu Mansur Moturidiy hayotidan naql qiluvchi «Imom Moturidiy» romani ham katta e’tirof qozongan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter