Ozarbayjon ombudsmani ikki muhim masala bo‘yicha bayonot berdi
Ozarbayjon Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sabina Aliyeva Xalqaro terrorizm qurbonlarini yodga olish kuni munosabati bilan bayonot berdi.
«BMT Bosh assambleyasining 2017-yil 19-dekabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq ta’sis etilgan Xalqaro terrorizm qurbonlarini yodga olish kuni har yili dunyo bo‘ylab 21-avgust kuni nishonlanadi. Ushbu sanani ta’sis etishdan ko‘zlangan maqsad terror qurbonlarini yodga olish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ularning haq-huquqlari va asosiy erkinliklarini to‘laqonli yuzaga chiqarishdan iboratdir», – deyiladi bayonotda.
S.Aliyeva uzoq yillar davomida qo‘shni davlatning terror siyosatidan aziyat chekkan mamlakat vakili sifatida qo‘poruvchilik harakatlarining barcha shakllarini qoralagan hamda xalqaro hamjamiyatni ushbu ofatga qarshi kurashni kuchaytirishga undagan.
Ozarbayjon ombudsmani yana bir masala – ishg‘oldan ozod qilingan hududlarda mina portlashi oqibatida qurbonlar soni oshib borayotgani yuzasidan ham bayonot bergan. Xususan, 20 va 21-avgust kunlari Lochin tumanida mina portlashi oqibatida ikki nafar Ozarbayjon askari jarohatlangan. Qayd etilishicha, minalarning xaritasi yo‘qligi shu kabi og‘ir oqibatalarga olib kelmoqda. S.Aliyeva bu borada ham xalqaro hamjamiyatni faollikka undagan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjonning inson huquqlari bo‘yicha vakili 2021-yil 16-iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar ombudsmanlarining 4-yig‘ilishida qatnashgan hamda Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova bilan hamkorlik aloqalarini muhokama qilgan edi.
Ikki davlatning inson huquqlari mas’ullari joriy yil may oyida Bursa shahrida tashkil etilgan Turkiy tilli davlatlar ombudsmanlari yig‘ilishi doirasida ham uchrashgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter