«Zamministrning ikkinchi xotini» firmasi o‘z nomini o‘zgartirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Vtoraya jena zamministra» – «Zamministrning ikkinchi xotini» nomi bilan mas’uliyati cheklangan jamiyat ochilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi vakolatli organ sifatida mazkur masalaga oydinlik kiritdi.
Qayd etilishicha, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunining 33-moddasiga asosan, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati sub’yekti firma nomiga bo‘lgan huquqqa ega, bu nomni uning o‘zi mustaqil ravishda belgilaydi va o‘z ta’sis hujjatlarida ko‘rsatadi.
2017 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub’yektlari Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali (o‘zi kelgan holda yoki onlayn usulda) davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi «Firma nomlari to‘g‘risida»gi Qonunining 4-moddasiga asosan Firma nomida:
- davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to‘liq nomi;
- tarixiy yoki O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;
- firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;
- jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar ko‘rsatilmasligi kerak.
Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida «Firma nomlari to‘g‘risida»gi Qonunga asosan firma nomlarida ishlatilishi mumkin bo‘lmagan so‘zlardan foydalanish bo‘yicha cheklovlar qo‘yiladi. Ushbu ro‘yxat mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda yangilanib boriladi.
Muhokamalarga sabab bo‘layotgan tadbirkor aslida boshqa nom ostida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, joriy yilning 22 dekabr kuni Zangiota tumani Davlat xizmatlari markazi orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan va nomini o‘zgartirgan. Muhokamaga sabab bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektining firma nomi, tadbirkor bilan olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng, belgilangan tartibda o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini «vazir o‘rinbosarining ikkinchi xotini» deya tanishtirgan va YPX xodimlari bilan talashgan ayol videosi keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Shundan so‘ng, «zamministrning ikkinchi xotini» iborasi tarmoqlarda trendga chiqib ketgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter