Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oylik olib yotishibdi bekordan-bekor» – prokurorning o‘qituvchilar haqida videosi tarqaldi

«Oylik olib yotishibdi bekordan-bekor» – prokurorning o‘qituvchilar haqida videosi tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Angren prokurori maktab o‘qituvchilarini qor tozalashga majburlagani haqida xabarlar tarqaldi.

Uning Angrendagi maktabga borgani va o‘qituvchilarni qor tozalamagani uchun koyigani aks etgan video chiqib, internet tarmoqlarida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. «Mana, umuman tozalanmagan. O‘qituvchilariyam yo‘q, oylik olib yotishibdi bekordan-bekor», degan u.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holatga munosabat bildirib, pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanganini eslatdi va ushbu videolavha Bosh prokuraturaga yuborilgani, holat hozirda o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

«Jamiyatda o‘qituvchining obro‘sini oshirishni har birimiz o‘zimizdan boshlashimiz lozim. Bu borada kattalar yoshlarga o‘rnak bo‘lishi va har doim barchamizga bilim bergan ustozlarga hurmat bilan muomalada bo‘lishimiz shart.

O‘rni kelganda, Prezidentimiz tomonidan o‘qituvchilarning nufuzini oshirish borasida qator topshiriqlar berilganini va  «O‘qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman» deganlarini alohida ta’kidlash lozim.

Shuningdek, «Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida»gi Konvensiyaning (Jeneva, 28.06.1930) 6-moddasiga asosan ma’muriyat amaldorlari, hatto ularning vazifasi ularga ishonib topshirilgan aholini qandaydir mehnat shakli bilan band qilishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lsada, ushbu aholi yoki alohida shaxslarni xususiy shaxslar, kompaniyalar yoki tashkilotlar uchun ishlashga majbur qilishi mumkin emasligi belgilangan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 10 maydagi 349-son qaroriga muvofiq Bosh prokuraturaga O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash tavsiya etilganligini eslatib o‘tamiz», deyiladi rasmiy munosabatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring