O‘tgan yilgidan ancha ko‘p: urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofoti belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 16-aprel kuni «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida» farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida berilgan.
Unga ko‘ra, 9-may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 5 000 000 (besh million) so‘m miqdorida biryo‘la pul mukofoti belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Nuroniy» jamg‘armasi va «Mahalla» xayriya jamoat fondi, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi va sha’ni-sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma’rifiy-badiiy kechalar o‘tkazadilar.
Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklandi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 2 000 000 (ikki million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter