Ostona Livanga tinchlikparvar kuchlarini yubormoqchi
Qozog‘iston bu yil Livanga tinchlikparvarlik kuchlarini yuborishi ehtimoli bor, deya 9 aprel kuni Ostonada bayonot berdi Qozog‘iston mudofaa vazirining o‘rinbosari Talg‘at Muxtarov parlament majlisining hukumat soatida qilgan chiqishida. Uning bu so‘zlarini mahalliy axborot agentliklari e’lon qildi.
Qozog‘iston mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vazir o‘rinbosari aynan Livan haqida gapirgan.
«Biz ayni damda bo‘linmalarimizni tinchlikni saqlovchi kuchlardan birining missiyasiga yuborish uchun qizg‘in tayyorgarlik ishlarini olib boryapmiz. Ma’lum muddat biz tinchlikni saqlovchi kuchlar tarkibida shtab ofitserlari, ofitser kuzatuvchilar sifatida harbiylarimizni yuborish orqali ishtirok etib keldik», — dedi Muxtarov. Uning aytishicha, bu borada ma’lum jarayonlardan o‘tildi.
«Endilikda BMT talab qiladigan ayrim jihatlar, standart jarayonlar qoldi. Kuzga borib biz rota yuboramiz, taxminan 120 kishini missiyalardan biriga yuboramiz. Missiya taxminan Livanda bo‘ladi, — dedi Talg‘at Muxtarov. Shu bilan birga u o‘z so‘ziga qo‘shimcha qilar ekan, shaxsan o‘zi mana shu mamlakatga borganini, «joyni ko‘rganini» ta’kidladi.
Qozog‘istonda 2015-yili qabul qilingan «Tinchlikparvarlik faoliyat to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, harbiylarning u yoki bu tinchlikni saqlash amaliyotida ishtiroki bilan bog‘liq masala prezidentdan tushgan taklif parlament palatalarining qo‘shma majlisida muhokama qilinganidan so‘ng qabul qilinadi. Qurolli kuchlardan foydalanish to‘g‘risidagi taklif prezidentga hukumat tomonidan beriladi, taklifda tinchlikparvar kuchlarning tarkibi, soni va qancha muddat bo‘lishi ilgari suriladi. Qozog‘iston tinchlikparvar kuchlarining u yoki bu amaliyotda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalaning muhokama qilinishiga xalqaro tashkilotlarning qarori yoki Ostona tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro bitimlar asos bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter