Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oshgan ijara haqi, bo‘shab qolgan o‘tovlar yoxud bog‘ni yanada rivojlantirish uchun nimalar e’tibordan chetda qolayapti? (video)

Oshgan ijara haqi, bo‘shab qolgan o‘tovlar yoxud bog‘ni yanada rivojlantirish uchun nimalar e’tibordan chetda qolayapti? (video)

Foto: Xabar.uz

«SUZANE SULTAN» MChJ direktori Mohira Sultonova Navro‘z bog‘i – Navro‘z hunarmandlar shaharchasida, ya’ni Toshkent 24-hovli ustaxonasida besh yildan beri kashtachilik maktabi va «O‘zbekiston sotsial turizmi assotsiatsiyasi» NNTda faoliyat yuritadi. Yaqinda hunarmand ijara narxlari keskin oshirilgani sabab Prezidentga murojaat bilan chiqqandi. Shundan so‘ng tahririyat xodimlari holatni o‘rganib Navro‘z bog‘idan reportaj tayyorlashdi.

O‘zini mana shu boqqa mas’ul deb tanishtirgan shaxs videoga olishimizni istamadi, narxlar bo‘yicha bergan savolimizga qisqa audio javob berdi:  

– Mohira opa Sultonova shu paytgacha imtiyozli ravishda ijara haqini to‘lab kelgan. Bu yildan boshlab bayramdan boshqa kunlari, mavsum bo‘lmaganida bir metr kvadrat joy 35 ming so‘mni, bayramlarda, mavsumda 57 ming 500 so‘mni tashkil qiladi. Ya’ni bu yildan boshlab 7 mln. 664 ming so‘m mavsumda,  mavsum bo‘lmagan paytida esa 4 million 664 ming so‘m to‘laydi. Bulardan tushadigan ijara haqi bog‘ va xodimlar uchun sarflanadi. Bunday xonadonlarga ijara haqi to‘laydigan hunarmandlar 40 nafarni tashkil qiladi.

Bizning «Birorta hunarmand ijara haqini to‘lolmay xonadonlarni tashlab ketgan holatlar bo‘lmadimi, agar bog‘ni hunarmandlar tashlab ketib qolsa qaysi maqsadlarda foylaniladi bu bog‘dan», degan savolimizga o‘zini shu bog‘da shartnomalar bo‘yicha hunarmandlar bilan ishlaydigan mutaxassisman deb tanishtirgan yigit «Yo‘q hech kim tashlab ketmadi, bu ustaxonalarga talabgorlar juda ko‘p, ustaxonalarda, do‘konlarda ishlaydigan hunarmandlarning o‘zlarining mijozi bor, hali birorta hunarmandning norozi bo‘lganini ko‘rmadik. Agar siz aytganday hunarmandlar ketib qolsa, plyus-minuslari o‘rganiladi, yer solig‘i kamayadi, elektr ishlatimagach unga to‘lovlar ham qisqaradi», degan javobni oldik.

Ijara haqlari haqidagi shartnomalarni so‘raganimizda ushbu hujjatlarni ham ko‘rsatishga majbur emasliklarini aytishdi.

Shundan so‘ng biz hunarmand Mohira Sultonova ustaxona-xonadoniga yo‘l oldik.

 – Bog‘ ochilishida shaxsan Prezidentning o‘zlari shu boqqa tashrif buyurgandi. Dastlab bu bog‘da o‘zimizning milliylikni targ‘ib qiladigan hunarmandlar joylashishdi. Boshida bir million ijara narxlari to‘lardik. Mana bu kashtalarni, beshiklarni, chimildiqlarni chetdan kelgan xorijliklar hayrat bilan kuzatishadi. Bu hunarmandlik mahsulotlariga tikilgan har bir naqsh qo‘lda tikilganini eshitgach va ko‘rgach o‘z qiziqishlarini bildirishadi. Mana bu iplarni 90 dollardan sotib olamiz. Eski kashtalarni, milliylikka nimaiki oid bo‘lsa hammasini sotib olamiz. Maqsadimiz ularni avlodlarga yetkazish, keladigan sayyohlarni qiziqtirish. Besh yil davomida biz katta yoki kichik muammolarimizni o‘zimiz yechib kelayotgan edik. Karantin vaqtida va undan keyin bizga ijara bo‘yicha imtiyozlar berildi, bu uchun biz Prezident va bog‘ adminstratsiyasidan minnatdormiz. Ammo joriy, 2023-yildan boshlab, bog‘ning direktori o‘zgardi va ijaralarimiz keskin oshirildi. Ya’ni, men shu kungacha 2.500.000 ming to‘layotgan hovli ustaxonam uchun bu yildan ikki qavatli ustaxonam uchun 15.800.000 ming so‘m qilib belgilandi. Albatta, mavsumiga qarab, ammo mavsum bo‘lmagan paytlari bir so‘m ham ishlamagan holatlar ham bo‘ladi.

O‘zi shundog‘am oldingi ijarani bir nechta hunarmandlar bilan bo‘lishib to‘layotgandik, narx oshgach sheriklarim chiqib ketishdi va menga faqat birinchi qavatning o‘ziga 7.600.000 ming narx berishdi. Men buni umuman to‘lay olmasligimni tushuntirsam bog‘da tadbirlar qilamiz, odam ko‘p keladi, savdo bo‘ladi, deb ishontirishdi va shartnomaga qo‘l qo‘ydim. Ammo o‘tgan oyda faqat Navro‘z bayrami kunlari tomoshabinlar ko‘p bo‘lishdi, savdo ham bo‘ldi, ammo amallab 5 mln. so‘m ijara haqini ziyonimdan to‘ladim. Bu yilgi ijara shartnomasiga 2 mart kuni qo‘l qo‘yganimga qaramasdan, mendan ijara haqini, yanvar, fevral, mart oylari qarzlari bilan to‘lashimni yoki ustaxonani bo‘shatishimni talab qilishdi. Vaholanki, yanvar va fevral uchun men eski narxda ijara haqini to‘lab bo‘lgan edim.

Shundan so‘ng Mohira Sultonova bu oy esa tabiiyki, ijarani to‘lolmasligini, hovlini bo‘shatishga majburligini direktorga og‘zaki ravishda bildiradi va o‘sha zahotiyoq ogohlantirishlarsiz hovlini elektr tarmoqdan uzib tashlashadi. Biz borganda hali ham chiroq ulanmagan edi.

– Bog‘da xuddi shunday hovliday ustaxonalar 40 dan ortiq. Ammo yarmidan ko‘pi bo‘shab, qarovsizlikdan, chakka o‘tib mog‘orlagan, pollari, devorlari yorilgan, ya’ni avariya holatida. Chunki ijara haqi hali qimmatlashmagan vaqtdayoq ko‘p ustalar ijarani to‘lolmay chiqib ketishdi. Zargar, to‘quvchi, kashta tikuvchi ustalarimiz ikkinchi qavatda edi ular ham ijara haqlari qimmatlashgach chiqib ketishdi, – deydi hunarmand bizni ikkinchi qavatga boshlarkan. – Mana ko‘rib turganlaringizdek qishda tarnovlardan erib tushgan muz, suvlar mana bu holatga keltirdi bu yerlarni. Shu paytgacha ustaxonalarimizni ozroq bo‘lsa ham ta’mirlab berishayotgan edi. Lekin bu yildan o‘zlaringiz ta’mirlaysizlar, deyishmoqda. Axir biz ijara haqini o‘zimiz to‘lasak, soliqlarni va elektr energiyasiga ham ijara haqidan tashqari o‘zimiz to‘lasak, yana ta’mirlasak, biz to‘lagan mablag‘larni nima qilishadi?

«Mana bu o‘tovlardan bu yerda bir nechta bor, barchasi ijarani to‘lolmaganidan tashlab chiqib ketishdi, yaqinda bir shu o‘tovda ishlayotgan hunarmand, o‘tov ichidagi narsalar hatto qurtlab ketganini va tashlab yuborganini aytib qoldi, vaholanki bu yerga chiroq o‘rnatilmagan, ijara haqi esa baland. Prezident kelganida shu o‘tovlarga ham tashrif buyurgandi», – deydi Mohira Sultonova kuyinib. – Hunarmandning hunarmanddan farqi bor. Bu yerda o‘z qo‘llari bilan yaratgan narsalari ham ko‘rgazma qilib ham sotadigan yoki tayyor mahsulotlarni olib kelib savdogarlik qiladigan «hunarmandlar» bor. Biz sayyohlarga tavsiya qiladigan har bir mahsulotni ko‘z nurimizni to‘kib bunyod qilamiz. Sayyohlarga qanday yaratilishini erinmay ko‘rsatamiz, ya’ni bu bilan biz milliy hunarmandchiligimizni asrab qolamiz. Sizlar ham amallanglar, deyishadi. Biz amallashimiz uchun narsalarni olib kelib sotishimiz kerak. Biz sotish bilan shug‘ullansak asosiy hunarmandchilik ishlarimiz qolib ketadi. Masalan, chet ellarda bir hunarmandning ishini miridan-sirigacha ko‘rsatishadi. Biz ham  yaqinda Malayziyadan kelganlarga qo‘l mehnatini ko‘rsatdik, hayron qolishdi. Achinarlisi, o‘zimiznikilar bizning milliy hunarimizni eski latta-putta, deya bepisandlarcha munosabatda bo‘layotgani, xayrixohlik bildirmayotgani, uning o‘rniga har tomondan siqib tashlayotgani achinarli. Nahotki, bog‘ning daromadi faqat hunarmandlar topgan pulga qarab qolgan bo‘lsa. Men qancha takliflarimni berdim. Bog‘ni shakllantirish kerak. Yaqinda Tailandda bo‘lganimda mana shunday bog‘da yog‘ochdan yasalgan qishloqchalarni, xalqning turmush sharoitini aks etgan hunarmandchilik ishlarini ko‘rib havasim keldi. Bir kunda kechki soatdan keyin 300 nafargacha sayyoh kelarkan. Bizning bog‘dan ancha kichkina. Milliy taomlari, milliy o‘yinlari, milliy raqslari bilan sahnada shou ko‘rsatisharkan. Tailandning tarixini ko‘rasiz shu kichkina bog‘da, o‘shanga butun dunyodan odamlar kelishidan oldin chipta buyurtirarkan. Bizlarda bemalol shunaqa qilsa bo‘ladi. 50 foiz narsalar bor. Buni esa kim qiladi, bog‘ ma’muriyati tashkillashtirishi kerak. Faqat bizning milliy hunarimiz bilangina sayyohlarni chaqirib bo‘lmaydi, balki tariximizni, milliyligimizni ko‘rsatadigan shoular tashkillashtirish kerak. Shuni aytganimizda, o‘zlaring qilinglar, dedi. Men qilishim mumkin, lekin ishonch yo‘q, kredit olib shunday narsalarni tashkillashtirsam, ertaga foydaga kirsa ijara haqlarini yanada ko‘tarvorishi mumkin.

«Yaqinda zamonaviy hunarmandlar uchun xonalarni ijaraga berishdi. Ya’ni sovun, makrame, hidli sham va yana shunaqa hunarlar uchun. Balki bu hunarmandlar ijara haqini to‘lay olishar, savdosi yaxshiroq bo‘lar, lekin bizni qiynayotgani milliy hunarmandlarimizning bu yerni tashlab ketayotgani va milliy hunarmandchiligimizning e’tibordan chetda qolayotgani... Bu yerda ko‘rgazmalarni unchalik xohlashmaydi. Chunki haqiqiy hunarmand tikkan yoki to‘qigan, umuman o‘z qo‘llari bilan yasagan mahsulotlarini arzonga sotishadi, bu esa olib sotar «hunarmandlar»ga yoqmaydi...», deya ta’kidlaydi hunarmand...

Navro‘z bog‘i o‘ziga xos ajoyib bog‘. U yerda haqiqiy milliylik bilan to‘qnash kelasiz. Shunday asrab-avaylanishini, sayyohlar ko‘plab kelishini istaysiz. Shu bois bu mavzuga qayta qayta murojaat qilamiz. Umid qilamizki, bog‘ hali bir bog‘ bo‘ladi. Unda sayyohlar qaynab-toshadi, milliy hunarmandlarimiz javlon urib mehnat qilishadi, milliyligimizni, tariximizni butun dunyoga, avloddan avlodga yetkazadi.  

                                                                         Barno Sultonova, jurnalist,

                                                                      Yunus Mahmudov, videooperator

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring