«O‘sha do‘kon egasi ham musulmondir» — hokim masjid yaqinidagi spirtli ichimliklar do‘koni haqida gapirdi
Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov kecha matbuot vakillari bilan uchrashdi. Suhbat davomida Asaka shahridagi «Xolid ibn Volid» masjidi atrofini obodonlashtirish masalasi ham ko‘tarildi. Bloger Otabek Nuritdinov masjid yaqinida spirtli ichimliklar do‘koni faoliyat yuritishi va bu amaldagi qonunchilikka zid ekanini ta’kidlab o‘tdi.
— Asaka shahrida mashhur masjid bor. Uni ziyorat qilish uchun ko‘plab odamlar keladi. Ammo masjidning shunday yonginasida spirtli ichimliklar do‘koni ham ishlab turibdi. Qonunchilikka asosan bunday do‘konlar 200 metr uzoqlikda bo‘lishi kerak. Bu masalani hal qilish imkoni bormi?
— «Xolid ibn Volid» masjidi atrofida noqonuniy imoratlar qurilib, obidani to‘sib qo‘ygan edi. Biz barcha noqonuniy binolarni buzib, tekisladik. Spirtli ichimlik do‘konlari muammosini avval ham eshitgandim, bu masalani astoydil ko‘rib chiqamiz. O‘sha do‘konning egasi ham musulmon bo‘lsa kerak. Agar tushungan odam bo‘lsa, avvalo u yerga do‘kon qurmas edi. Menimcha bu bo‘yicha uning o‘ziga ham murojaat bo‘lgandir, ammo tadbirkor buzishga qarshilik qilyapti shekilli. Biz muammoni qonun asosida ko‘rib chiqamiz. Diniy inshootlar yaqinida spirtli ichimliklar do‘koni bo‘lmasligi kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter