Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ortiqxo‘jayevning birinchi o‘rinbosarini hayajon bosdi...

Ortiqxo‘jayevning birinchi o‘rinbosarini hayajon bosdi...

Foto: «Xabar.uz»

Poytaxtda barpo etilayotgan uch qavatli ko‘prik qurilishi ishlarini jadallashtirish va ish jarayonida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Yashnobod tumanidagi Maxtumquli ko‘chasining Parkent va Pahlavon Mahmud ko‘chalari oralig‘idagi qismi vaqtincha yopilganidan xabaringiz bor.

Salkam ikki yildan beri davom etayotgan qurilish ishlari ayni paytda yakuniga yetgan hisob. Shu kunlarda pardozlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ko‘prik qurilishi boshlanganidan buyon uning biqinidan o‘tgan ko‘chadalargi tirbandliklar yanayam oshgan bo‘lsa, hafta avval batamom yopilishi shu atrofda istiqomat qiluvchi aholida ma’lum muammolar tug‘dirgani bor gap. Bu hol ayrim fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lganiyam to‘g‘ri.

Foto: «Xabar.uz»

Biroq katta hajmdagi qurilish jarayonida vaqtincha noqulayliklardan qochib qutilishning iloji yo‘q. Zero, bir emas, uch qavatli ko‘prik shahar chetrog‘ida emas, poytaxtning eng katta chorrahalaridan biri — Ohangaron va Parkent hamda Mahtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi nuqtada barpo etildi. Bir hafta nari-berisida foydalanishga topshirish mo‘ljallanayotgan mazkur ko‘prikda avtomobillarni o‘tkazish imkoniyati soatiga 21 mingtagacha yetadi. Unda svetoforlar bo‘lmaydi, barcha yo‘nalishlardagi to‘xtovsiz harakat esa tirbandliklarning oldini olishi aniq.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun bir qator ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur ob’yektga taklif etilib, poyoniga yetayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Ko‘rdikki, mutasaddilarning hammasi shu yerda. Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov-ku shu joyga «tanda qo‘ygan». Turgan gap, jurnalistlar tasvir va suratga olish ishlarini yakunlagach, D.Hidoyatov bilan muxtasar muloqot qilishi kutilgandi. Ammo poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosarini hayajon bosdimi yoki boshqa sababmi, xullas, «hamma jurnalistlar tiqilib kelvolmasligini» aytib, faqat «O‘zbekiston-24» telekanali muxbiri bilan suhbatlashishni lozim topdi. Shundayam bir-ikki marta «repititsiya» qilindi, so‘ng qurilishga oid ma’lumotlar yozilgan bir varoq qog‘oz videokameraning «bo‘g‘zi»ga yopishtirilib, «shapargalka» yasaldi... Amallab intervyu bergach, yana o‘z ishiga andarmon bo‘ldi.

Amaldorning ommaviy axborot vositalarini «toifaga ajratishi»dan ensasi qotgan mamlakatning yetakchi saytlari muxbirlari bilan poytaxt hokimining matbuot kotibi Furqat Mahmudxo‘jayev suhbatlashdi.

Foto: «Xabar.uz»

Anchagina odamshinavanda Furqat akadan kerakli ma’lumotlar olingach, biz ham ishxonaga shoshildik.

Uch qavatli ko‘prikka oid ma’lumotlar quyidagicha:

  • Bosh pudratchi: «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi tarkibidagi «Ko‘prikqurilish tresti» unitar korxonasi;
  • loyiha qiymati: 140 mlrd. so‘m;
  • ko‘prikning birinchi qavati hibolanmish tunnelning kengligi 26,7 metr, ko‘prik osti balandligi esa 5,5 metrni tashkil etadi;
  • loyihaning ikkinchi pog‘onasida 2ta yo‘l o‘tkazgich barpo etilishi bilan umumiy diametri 329,5 metrli xalqasimon yo‘l o‘tgan;
  • ko‘prikning uchinchi pog‘onasi esa Mahtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi umumiy uzunligi 593 metr, kengligi 26 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichdir. Uning 411 metri estakada, 182 metri tayanch devordan iborat.
  • O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga barpo etilgan ulkan qurilish loyihasi «Ko‘prikqurilishloyiha» korxonasi va «Boshtransloyiha» AJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring