Ortiqxo‘jayev: «Biz 1 tonna paxta yetishtirib ming dollarga sotyapmiz. Amerika esa 130 grammlik ayfondan shuncha pul topyapti»
Bugun Toshkent shahar hokimiyatida shahardagi yangi uylar qurilishi va kommunal xizmatlar sifatining yaxshilanishi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda hokimiyat vakillari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda jurnalistlardan biri shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan Toshkentning yaqin kelajagini qanday ko‘ra olishi xususida savol berdi.
«Birinchi qilishimiz kerak bo‘lgan ishimiz, shunday tartibga solaylikki, biz qancha ishlashimizdan qat’i nazar kelgan keyingi hokim uni davom ettirib ketsin, ya’ni millatga, xalqqa zarari tegmasin. Avvalgi hokimlar davrida bir hokim ketgach, ikkinchisi kelib ishni yana boshqatdan boshlardi.
Men uchun eng katta muammolar, e’tibor qaratish lozim bo‘lgan soha bu bog‘cha, maktab, universitet. Biz Toshkentni aqlli qilishimiz kerak, mehnat emas, aql sotishimiz kerak. Ya’ni Toshkent aql sotuvchi shaharga aylanishi kerak. Chunki bu poytaxt. Aqlli shahar degani bu hamma joyga kamera o‘rnatish degani emas.
Masalan 1 tonna paxtani yetishtirish uchun qancha mehnat ketishini bilasiz. Biz 1 tonna paxta yetishtirib ming dollarga sotyapmiz. Yoki bir yarim ming dollarga. Amerika esa 130 grammlik ayfonni ming dollarga sotyapti. Ular aql sotyapti, biz mehnat sotyapmiz. Men Toshkentni aqlli, texnologiya rivojlangan shaharga aylanishini istardim» dedi shahar hokimi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter