Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Onkologik xastaliklarga shifo istab xorijga borishga hojat yo‘q (foto)

Onkologik xastaliklarga shifo istab xorijga borishga hojat yo‘q (foto)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy ta’sir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bunday kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichi yildan yilga o‘sib bormoqda. Ma’lumki, onkologik kasalliklarning oldini olish va erta bosqichlarda aniqlash – juda muhim omil hisoblanadi. Onkologik kasalliklar erta bosqichda samarali davolansa, ushbu darddan to‘liq forig‘ bo‘lishi mumkin.

Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘plab amaliy sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-aprelda qabul qilingan «2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori aholiga ixtisoslashgan onkologik tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash va ko‘lamini kengaytirish, aholining barcha qatlamini to‘la qamrab oluvchi tizimni shakllantirish va rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur qaror asosida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqdi. Jumladan, joriy yil 28-avgust kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida «Elekta Infinity» firmasining zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasining o‘rnatilganligi munosabati bilan, uning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, nur terapiya – onkologik bemorlarni davolashdagi asosiy usullardan biri hisoblanadi. U jarrohlik usuli bilan birga kombinirlangan va alohida shaklda qo‘llaniladi. Ushbu usul palliativ va simptomatik davo uchun ham ishlatiladi. Rivojlangan davlatlarda nur terapiya onkologik bemorlarning 60 foizdan ortig‘ini davolashda qo‘llaniladi. Markazning nur terapiya o‘tkazuvchi chiziqli tezlatkichi bilan ta’minlanishi esa yildan yilga rivojlanib, yangilanib borayotgan yangi texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash imkonini beradi va nur terapiya o‘tkaziladigan bemorlar kontingentining ortishiga, ularning hayot sifati va davolash natijalarining yaxshilanishiga olib keladi.

– Ushbu noyob va zamonaviy uskuna jahonning yetakchi klinikalaridagina mavjud bo‘lib, O‘zbekistonda ham ilk bor onkologik bemorlarni mana shunday ilg‘or nur terapiya yordamida davolash imkoni yaratilmoqda. Zamonaviy nur terapiyaning o‘rni va imkoniyatlari juda keng bo‘lib, ushbu uskuna nishonga maksimal aniq davolovchi doza beradi va sog‘lom to‘qima hamda a’zolarning zararlanish ehtimolini keskin kamaytiradi, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. –  Natijada, davolash samaradorligi ortadi, remissiya davri uzayadi, hayot sifati yaxshilanadi, nojo‘ya ta’sirlarning kamayishi hisobiga bemorlar nogironligi kamayadi, onkologik bemorlarning shifoxonada bo‘lish davri qisqaradi. Bunday samaralarga erishish uchun nur terapiyaning ushbu zamonaviy hajmli (3D) konformatsiyalash usuli dunyoning rivojlangan davlatlarida ham keng qo‘llaniladi.

IMRT/VMAT uskunalarining qo‘shimcha ravishda yo‘llanilishi esa, hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolarga doza yuklamasining keskin kamayishiga, nurdan keyingi asoratlar xavfining qisqarishiga va aniq jarayonga nisbatan optimal nur terapiya o‘tkazishga imkon beradi. Bugungi kunda bosh-bo‘yin, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i va kichik chanoq a’zolari o‘sma kasalliklarini davolashda rivojlangan davlatlarda ushbu texnologiya “oltin” standart hisoblanadi. Bundan tashqari, nur terapiyaning rotatsion uslubda tutamlar intensivligini modulyasiya qilish  (VMAT) natijasida, uskunaning o‘tkazuvchanlik qobiliyati vaqtining 2-3 barobar qisqarishiga erishiladi. Bu esa, o‘z navbatida  o‘pka, prostata bezi kabi harakatchan a’zolardagi o‘sma nishonlarini davolashda juda muhimdir.

Bir so‘z bilan aytganda, Sog‘liqni saqlash tizimining bunday yuqori texnologiyaga asoslangan, innovatsion va zamonaviy uskuna bilan ta’minlanishi Davlatimiz rahbarining halqimiz salomatligini saqlash yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosati mahsulidir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 
Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring