Ona qishloqqa sayohat: bo‘zlayotgan Bo‘zariq (foto)
Yana bir bahor tongi otdi.
Kechasi yomg‘ir yo‘llarni yuvgan. Bog‘lar namxush, atrofdan o‘t hidi, gul hidi keladi.
Yengil va toza havo, o‘zingni mutlaqo erkin sezasan. Changdan qittay ham asar yo‘q. Yerdagi namlik va ko‘klik senga huzur bag‘ishlaydi. Og‘ir so‘lish olib, boqqa jo‘navorging keladi.
Odamlar g‘imirlab qolgan. Toklar bog‘landi, sim tortildi, tagini yumshatish boshlanadi, ariqlar tozalanadi.
Uzoqdan oppoq tog‘lar g‘aroyib kompozitsiyani hosil qilgan.
Munday olib qaraganda muammolarni unutib yashash uchun ajoyib imkoniyat.
Kitob tumanidagi Katta To‘pchoq qishlog‘ining shimoli-sharqiy qismi bo‘ylab yuramiz. Bog‘lar, bog‘chalardan o‘tib, adirlikka chiqamiz. Qishloq manzarasi namoyon bo‘ladi.
Qishloqning chekkasidan kichikroq ariq o‘tgan, xalq uni Bo‘zariq deb ataydi. Garchi Katta To‘pchoqning janubiy etagidan undan-da kattaroq anhor va kanal, Shahrisabz bilan chegarada daryo oqib o‘tsa ham, qishloqning qariyb uchdan ikki qismi Bo‘zariqdan suv ichadi (aniqrog‘i ichar edi).
Bo‘zariq bir nechta qishloqdan oqib keladi. Iskana, Kichik To‘pchoq, Qo‘rg‘oncha, Ravot qishloqlari ariq suvidan bahuzur ichadi. Katta To‘pchoqda ekinlar yozda suvsizlikdan quvrab borayotgan vaqt, ariq suvlari Iskana ko‘chalarida chopqillaydi…
Katta To‘pchoqda Aylanma degich 24 gektarlik uzumzor bog‘ bor. Yozning chillasida Bo‘zariq yoqalab, uzumzoriga suv olib keladiganlarning joniga to‘zim bersin. Bo‘zariqning har bir tomchi suvi bu yerga mashaqqat bilan yetib keladi. Aylanmaning o‘zi esa yozda quruqshagan yaylovlar ichida xuddi sahro o‘rtasidagi voha kabi yashillanadi…
Endi insof bilan o‘ylash kerak: 5 ta hayhotdek qishloqqa birgina ariq…Ulkan tog‘lar poyida joylashgan, yoningdan keng-mo‘l kanal, ariqlar oqib turib, ekinning qurishini tomosha qilish azob bo‘lsa kerak. Afsuski, Katta To‘pchoq aholisining ko‘pchiligi bu hissiyotni tatib ko‘rgan.
Suv aslida qahat emas. Hudud Qashqadaryoning eng sersuv joylaridan. Negadir Bo‘zariqning yaxshilab kengaytirish, qazish, atroflarini ta’mirlash, pastki qishloqlarda suv tanqisligini yumshatish hech kimning xayoliga kelmaydi. ( balki kelar, ammo men shu paytgacha biron amaliy harakat yoki rejani ko‘rmadim). Mahalla fuqarolari yig‘ini vakillari aholini tomoriqani tashlab qo‘ymaslik, ekin ekishga da’vat etadilar, ammo eniga zo‘rg‘a bir metrdan oshadigan sho‘rlik Bo‘zariqni hech kim o‘ylamaydi.
Katta To‘pchoq aholisining aksariyati Bo‘zariqdan umidini uzgan. Yoz kunlari uxlamay, fonar ko‘tarib suv yoqalash oson deysizmi? Odamlar ariq bo‘ylab kishini juda charchatadigan uzoq safardan zerikib, uydan quduq qazishga o‘tib ketishdi. Shunisi tinch. To‘rt-besh million sarflasang, quduq tayyor, suv otilib turibdi. Ammo bir kun kelib yerosti suvlar tugasa, kelajak avlod nima qilishi haqida qayg‘uradigan kishi yo‘q. Asosiysi, bugunni boy bermaslik kerak.
Bo‘zariq o‘tadigan qishloqlarda yashovchi, irrigatsiya yo‘nalishidan o‘qib kelganlardan ham ariqni kengaytirish va suv muammosini yechish borasidan takliflar chiqmaydi.
Aksincha hammasi orqaga qarab ketayotgandek. Yangi asr boshlarida, men 8-10 yasharlik vaqtlarimdan Bo‘zariqning suvlari mening mahallamga ham yetib kelardi. Bu suv ming mashaqqatlar bilan kelardi, uning ortidan bir necha kishi yurardi, quloqboshida tanda qurib yotib olguvchilar nechta edi, suv boshlaganlarning ko‘zini shamg‘alat qilib, tomorqasiga ochib olguvchilar nechta edi…Qishloqda qimirlagan jon borki, Bo‘zariqning suviga ishtiyoqmand edi, Bo‘zariqning suviga ehtiyojmand edi…
Biz tomonlarda aslini olganda suv serob. Faqat undan foydanalanish tizimi harob ahvolda. Qani ko‘raylik-chi, bu yil biron o‘zgarish bo‘larmikin?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter