Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ombudsman terimga jalb etilgan mahkumlar saqlanayotgan joyga to‘satdan bordi

Ombudsman terimga jalb etilgan mahkumlar saqlanayotgan joyga to‘satdan bordi

Mahkuma ayollar yashaydigan joy.

Foto: «ombudsman.uz»

Ombudsman tomonidan o‘z vakolati doirasida 42-sonli manzil koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar mehnatining tashkil etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazildi (Zangiota tumani). Monitoring doirasida mahkumlar saqlanadigan manzil koloniyaga (15.11.2019) va paxta terimi ishlariga jalb qilingan mahkumlarning Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi vaqtincha saqlash joyiga (18.11.2019) e’lon qilinmagan tashrifi uyushtirildi.

Monitoring davomida qishloq xo‘jaligi ishlariga 230 nafar mahkum, shu jumladan 150 nafar ayol va 80 nafar erkak jalb qilinganligi aniqlandi. Mahkuma ayollar tuman hokimligi tomonidan ajratilgan bir qavatli g‘ishtli binoga, erkaklar 30 kishigacha yashashi uchun mo‘ljallangan nam va sovuq o‘tkazmaydigan palatkalarga, muassasa ma’muriyati ham shunday palatkalarda joylashtirilgan. Shu kabi palatkalarda oshxona hamda mahkumlarning uchrashish joylari tashkil etilgan. Har bir xonada kerakli miqdorda isitish qurilmalari mavjud.

Shuningdek, mahkumlar joylashgan hududdagi g‘ishtli binoda statsionar tibbiy yordam ko‘rsatish punkti, sovuq va issiq suvi mavjud yuvinish xonasi hamda hojatxonalar tashkil etilgan.

Ma’muriyat tomonidan mahkumlarga har kuni 3 mahal issiq ovqat tashkil etilgan, iste’mol tovarlari sotilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Paxta terimi mahkumlar uchun belgilangan vaqt doirasida tashkil etilib, terilgan paxta kilogrammi uchun mahkumlar o‘z vaqtida naqd pul olishi ta’minlangan. Jumladan, birinchi terim uchun 800 so‘m, ikkinchi terim 1 200 uchun so‘m.

Har bir mahkuma ayolga ikki juft rezina poyabzal, erkaklarga qalin paxtalik shimlar bepul berilgan. Paxta yig‘im-terimida na’muna ko‘rsatgan mahkumlarga rag‘batlantirish sifatida qo‘shimcha 15 ta termos, 70 bo‘lak «adras» matosi, 520 dona paxta moyi, 1 080 ta gigiyenik sovun tarqatilgan.

Mahkumlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va madaniy xordiq olishi uchun ijodiy jamoalar ishtirokida 5 marta konsert dasturlari uyushtirilgan.

Mahkumlarga zarur statsionar va ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ularning sog‘liklari bilan bog‘liq murojaatlarida asosan shamollash holatlari bayon etilgan. Sog‘lig‘i qishloq xo‘jaligi maydonlarida ishni davom ettirish imkonini bermagan ayrim mahkumlar statsionar davolanishni davom ettirishi uchun manzil koloniyaga qaytarilgan.

Monitoring davomida Ombudsman vakillari 36 nafar mahkum bilan yakkama-yakka suhbatlar o‘tkazgan. Suhbat jarayonida mahkumlar hayoti va faoliyati uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratilganligi, oldingi yillarga nisbatan imkoniyatlar yaxshi ekanligi, yoshi 45 dan oshgan mahkumlar uchun kunlik terim rejasi umuman belgilanmaganligi ma’lum qilingan. Shuningdek, hech bir mahkumga nisbatan ma’muriyat tomonidan biror-bir ta’sir o‘tkazilmayotganligi bildirilgan.

Mahkumlar bergan ma’lumotga ko‘ra, ma’muriyat mahkumlarning ixtiyoriy qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtiroki to‘g‘risida arizalar to‘plash tashkil etmagan.

Bu davr mobaynida Jinoyat-ijroiya kodeksiga muvofiq 4 nafar mahkum, shu jumladan 3 nafar erkak va 1 nafar ayol intizomiy jazoga tortilgan. Qoidabuzarliklar ichki tartib qoidalariga muvofiq, taqiqlangan ashyolardan foydalanganlik va ma’muriyat yo‘llanmasi bo‘yicha mahkum bo‘lishi kerak bo‘lgan joyni o‘zboshimcha tark etganligi bilan bog‘liq.

Yuqorida qayd etilganlarga asosan, qishloq xo‘jaligi ishlariga mahkumlarni jalb etilishi inson huquqlari, shuningdek mahkumlar huquqlarini ta’minlash sohasida qabul qilingan xalqaro huquqiy hujjatlarga zid emas. Xususan, BMTning Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalariga muvofiq (1955 yil) «barcha jazoga tortilgan mahkumlar vrachlar tomonidan tasdiqlangan, o‘z jismoniy va ruhiy qobiliyatlariga mos mehnat qilishi shart. Mahbuslarga normal ish kunini to‘ldirish uchun yetarli bo‘lgan foydali ishni yuklash zarur.

Muassasalarda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga rahbarlikni xususiy pudratchilarga emas, balki qamoqxona boshqarmasiga yuklash maqsadga muvofiqdir. Mahkumlar o‘z mehnati uchun muayyan tizim doirasida adolatli taqdirlanishi kerak. Ushbu tizimga muvofiq mahbuslar o‘zlari ishlab topgan pulning bir qismini kundalik hayoti uchun zarur ruxsat etilgan buyumlarni sotib olishga sarflash va bir qismini oilasiga yuborish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak».

Xalqaro mehnat tashkilotining «Majburiy mehnat to‘g‘risida»gi 29-sonli Konvensiyasiga ko‘ra «majburiy mehnat» termini «sud organi qarori bilan chiqarilgan hukm natijasida biror-bir shaxsdan talab qilinadigan har qanday ish yoki xizmatga, agar bu ish yoki xizmat davlat hokimiyati nazorati ostida amalga oshirilsa va mazkur shaxs xususiy shaxslar, kompaniyalar yoki jamiyat ixtiyoriga berilmasa, tatbiq etilmaydi».

«Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida»gi xalqaro paktda ham (1966 yil) «vakolatli sud hukmiga ko‘ra og‘ir mehnatni bajarish» hamda «oddiy fuqarolik majburiyatlariga kiradigan har qanday ish yoki xizmat» majburiy mehnatga kiritilmaydi.

Yevropa penitensiar qoidalarida (1987-yil) quyidagilar ta’kidlanadi: «ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mehnat axloq-tuzatish, kasbga tayyorlash va ma’muriy boshqaruvning ijobiy jihati sifatida qaraladi. Ozodlikdan mahrum etish joylarida mehnatni tashkil etish va uning usullari mahbuslarni erkin mehnat qilishning normal shart-sharoitlariga tayyorlash uchun jamiyatda qo‘llaniladigan mehnatga imkon qadar yaqin bo‘lishi kerak. Mahbuslar ish kuni va ish haftasining eng uzoq davom etishi ozodlikda mehnat qiladiganlarga nisbatan qo‘llaniladigan amaldagi mahalliy qoidalar va normalarga muvofiq belgilanadi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring