Omadni qarang! Mobil aloqa abonenti Ulug‘bek Ergashev 150 million so‘m yutib oldi
Bugun, 26-yanvar kuni 350 million so‘m yutuq fondiga ega «UMS dan millionlar» aksiyasi g‘oliblarini aniqlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida kechgan tadbir «Uzreport TV» telekanalining jonli efirida namoyish qilindi.
G‘oliblarni aniqlash marosimida UMS mobil operatorining faol abonentlari, tijorat va biznes hamkorlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Jonli teletranslyasiya uzatilgani bois millionlab o‘zbekistonliklar aksiya jarayonini bevosita kuzatishdi.
Tadbirning ochilish qismida teletomoshabinlar va mehmonlar e’tiboriga UMS kompaniyasi erishgan natijalari va istiqbolli rejalari haqidagi rolik taqdim qilindi.4G va 3G tarmoqlari qamrovini hududlarda, shu jumladan Kamchiq dovoni, Chimyon-Chorvoq hududi kabi tog‘li joylarda yanada kengaytirish, yangi mahsulot va xizmatlarni joriy qilish, abonentlarga xizmat ko‘rsatishning yangi imkoniyatlarini yaratish kompaniya faoliyatining strategik yo‘nalishlari ekanligiga urg‘u berildi.
O‘yinning asosiy qismida boshlovchilar «UMS dan millionlar» aksiyasi shartlarini eslatib o‘tishdi va unining ishtirokchilari haqida ma’lumot berishdi.
Xususan, aksiyada ishtirok etish uchun abonentlar (jismoniy shaxslar) ikki bosqichdan o‘tishlari kerak edi. Birinchi bosqichda – 2017-yilning 5-dekabridan 31-dekabrigacha – ular aloqa xizmatlariga hech bo‘lmaganda 70 ming so‘m sarflashlari lozim edi. Xuddi shunday mablag‘ 1-yanvardan 20-yanvargacha bo‘lib o‘tgan ikkinchi bosqichda ham sarflanishi zarur edi. Sarflangan har 70 ming so‘m bitta imkoniyatga tenglashtirildi. Ishtirokchilar qo‘lga kiritgan har bir imkoniyatga noyob ID-kodlar berildi.
O‘yin natijasida 4 nafar g‘olib aniqlandi. 3- va 4-o‘rinlar sohiblari 50 million so‘mdan yutib olishdi. 2-o‘rin sohibi 100 million yutib oldi. Eng asosiy g‘olib buxorolik Ulug‘bek Ergashev esa 150 million so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar bilan jonli efirda aloqa o‘rnatildi.
G‘oliblar sovrinlarni 30 ish kuni davomida zarur hujjatlarni rasmiylashtirgandan keyin yutuqni olishlari mumkin bo‘ladi. Pul mablag‘lari ularning bank hisob raqamlariga naqdsiz pul shaklida o‘tkazib beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter