Oliy Majlisda hangoma: «olib qochish»ga uringan vazir o‘rinbosari «darhol tutildi»
Bugun bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida kutilmagan holat ro‘y berdi (darvoqe, parlamayent quyi palatasi majlisida davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalarining 2020-yil 9-oyidagi ijrosi ko‘rib chiqilmoqda).
To‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilyotgan majlisda Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Maqsudjon Yo‘ldoshev nutq so‘zlab bo‘lgach, bir oz o‘tib, «Iye, aka, olib qochishga majburmiz endi, nima qilamiz», degan gapi yangraydi. Ma’lum bo‘lishicha, gapini tugatgan amaldor kamera mikrofonini o‘chirishni esdan chiqarib qo‘ygan ekan. Bu paytda kelib, 110-Marg‘ilon saylov okrugidan saylangan deputat Doniyor G‘aniyev berayotgan savol efirda yangrayotgandi.
Vazir o‘rinbosarining bunday ehtiyotsizligi darhol ijtimoiy tarmoqlarga yoyildi. Katta ehtimol bilan u «olib qochishi»ni parlamentdagi o‘z nutqiga nisbatan aytgani ta’kidlanmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati darhol holatga aniqlik kiritishga shoshildi. Unga ko‘ra: «...haqiqatan ham M.Yuldashev deputatlar savollariga javob bergandan so‘ng onlayn uzatilayotgan efir mikrofonini o‘chirish esdan chiqqanligi va u ish faoliyatini davom ettirganligi hamda bu jarayonda unga bo‘lgan qo‘ng‘iroqqa javob berganligi ma’lum bo‘ldi».
Vazirlik izohi vaziyatni xaspo‘shlashga urinishday ko‘rinadi. Nega desangiz, majlisda ishtirok etayotgan deputat Rasul Kusherbayev gapning po‘stkallasini yozib ulgurdi: «Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari o‘zi bilmagan holda ish tizimi bo‘yicha bor haqiqatni ochib qo‘ydi: tizim olib qochishga moslashgan. Bugun deputatlarni aldab olib qoching, ertaga Prezidentni aldab olib qoching, keyin xalqni aldab olib qoching...
Hammasi yaxshi ketayotuvdiya, attang, attang...».
Xullas, shunaqa gaplar...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter