Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimning o‘limi islomdagi bo‘shliq, uni zamonlar o‘tishi to‘ldira olmaydi...

Olimning o‘limi islomdagi bo‘shliq, uni zamonlar o‘tishi to‘ldira olmaydi...

Foto: «Fitrat.uz»

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafot etdilar. U zotni ustozlar ustozi deb atashadi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi musulmonlarning peshqadamlaridan bo‘lganlarning ko‘pchiligi Shayxning murabbiyligi ostida diniy ta’lim olgan edilar.

Bu zot mashhur olim, davrning imomi, sobiq sho‘ro hududidagi musulmon ummatining vijdoni edilar. U kishi sobiq ittifoq va undan keyingi davrni bog‘lab turuvchi halqa edilar. O‘rta Osiyo va Rossiyada islomiy ta’lim va tarbiyaning hayotiy an’analari asosan u zot tufayligina uzilib qolmadi. Bolsheviklar inqilobidan ham avval yashagan ustozlaridan ta’lim olib, bu bilimlarni mustahkamlab, ziyodasi bilan keyingi avlodga qoldirdilar.

U zot sobiq ittifoq hududida jahonga tanilgan yagona musulmon olimi edi va shunday ham bo‘lib qoladi. Agar MDH musulmonlarining rahbari bo‘lishga loyiq bo‘lgan kishi haqida gapiradigan bo‘lsak, bunda, avvalambor, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ismini eslamaslikning iloji yo‘q. Uning so‘zlarini prezidentlar, qirollar, vazirlar hamda Yer sharining turli joylaridagi millionlab oddiy insonlar tinglashar edi.

Foto: «Islom.uz»

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Butundunyo ulamolari kengashi uyushmasi, «Butundunyo islom robitasi»ning ta’sis majlisi, Butundunyo tasavvuf uyushmasi, Butundunyo musulmon xalqlari boshqaruvining bosh kotibiyati, Butundunyo da’vat uyushmasi va yana boshqa bir necha tashkilotlarning a’zosi edilar. U zot Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Pokistondagi bir nechta universitetlarning faxriy professori edilar.

U zotning nomlari ilk bor XX asrning 80-yillarida tilga olina boshlangan edi. Sobiq ittifoqdagi qayta qurish davrida Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi muftiysi va sobiq sovet Oliy kengashiga deputat etib saylandilar.

Guvohlarning xabar berishicha, sobiq ittifoqda islomga nisbatan davlat darajasidagi dahriylik siyosatining yengillashtirilishi va keyinchalik butkul bekor qilinishida aynan u zotning xizmatlari katta edi. 1989 yili Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘sha paytdagi prezident Mixail Gorbachyovga musulmonlarining hayoti ifoda etilgan bayonnomani taqdim etdilar. Bayonnomada musulmonlarning haq-huquqlarini hurmatlash, ularning huquqlarini qaytarish masalalari ko‘tarilgan edi.

Foto: «Uz24.uz»

Shundan so‘ng davlatning musulmonlarga nisbatan siyosatida ijobiy o‘zgarishlar sezila boshlandi. Ko‘plab masjidlar va madrasalar ochila boshlandi, diniy adabiyotlar chop qilina boshlandi, avval man qilingan narsalar paydo bo‘la boshladi.

Shayxning deputatlik so‘rovnomasiga ko‘ra, Mixail Gorbachyov sobiq ittifoqdan musulmonlarning haj safariga borishni tashkillashtirish haqida qaror qabul qildi, bu esa kommunistik davlat uchun ulkan voqea edi. Yetmish yil davomida musulmonlar Islomning besh arkonlaridan birini ado qilish imkonidan mahrum edilar. Birinchi uch yillikda sobiq ittifoqdan haj ziyoratiga borgan ziyoratchilar Saudiya Arabistoni qiroli Fahd ibn Abdulazizning shaxsan mehmoni bo‘ldilar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, shuningdek, tinchlikparvarlik sohasida ko‘p sa’y-harakat qildilar. Sovet ittifoqining Oliy kengashi delegatsiyasi a’zoligida bir necha davlatlarga safar qildilar, jumladan, afg‘oniy jihod qo‘mondonlari bilan sovet harbiy asirlarining ozod qilinishi borasida muzokaralar olib bordilar.

Shayx hazratlari XX asr oxiri — XXI asr boshlarida Islom olamida yuz bergan ko‘pgina tanazzuliy voqealarni ko‘rish va ularni ichidan o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 1993-yili O‘zbekiston muftiysi lavozimidan ketganidan so‘ng, u zot uzoq vaqt turli musulmon o‘lkalarida yashab, mehnat qildi.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yuzlab kitob va ma’ruzalar muallifidir. U zot tarafidan yozilgan Qur’oni karimning tafsiri 22 jild, hadislar sharhi esa 39 tomdan iboratdir (!!!). U zotning radio orqali qilgan haftalik ma’ruzalari ko‘p kishilar uchun hayotining ajralmas qismi bo‘lib qolgan edi. U zot millionlab kishilarning xonadoniga ma’nan tashrif buyurib, ularning doimiy va aziz mehmoni, hatto oila azosiga aylanib ulgurgan edilar.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Islom shiori ostida harakat qiluvchi har qanday radikal harakatlarga jiddiy va doimiy ravishda qarshi chiqib, bu masalalarda doim mahkam turdi. Sodiqligi va teran ilmi — mana shuning uchun u zot sevildi va ardoqlandi.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqiqiy zamonaviy musulmon kishining go‘zal namunasi edilar. U zotning shariat ahkomlari va ijtimoiy fanlarni chuqur egallaganligi hamda ulkan hayotiy tajribasi turli holatlarda islomiy hukmlarni to‘g‘ri qo‘llash uchun imkon berar edi. Shayx hozirgi o‘zgaruvchan va murakkab zamonamizda musulmon bo‘lib qolish san’atini — har qanday holatda, har qanday idorada, har qanday shaxs oldida Allohning ko‘rsatmalari va hukmiga tobe’ bo‘lgan holda zohir bo‘lish san’atini mohirlik bilan egallagan edi.

«Har bir musulmon, uning hayot tarzi, uning xatti-harakatlari va nutqi — islomning nima ekanligini ko‘rsatuvchi eng ta’sirli qo‘llanmadir. Eng-eng katta da’vat — musulmonning maqtovga sazovor va go‘zal amalidir», — degan edilar.

Foto: «Islom.uz»

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqiqiy olim edilar. U zot faqat bilimlarni egallabgina qolmay, ularga amal qilar edilar. U zot o‘zi ishongan da’vat qilgan shaklda yashar, o‘zi yashagan shaklda da’vat qilar edi. Shu bois u zotning so‘zlari qalblardan darrov o‘rin olar edi.

Shayx hazratlarining asosiy orzulari nafaqat islom ummatining uyg‘onishi, balki bu ummat yana Alloh taolo musulmonlarni Qur’oni karimda: «Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz», deb vasf qilganidek bo‘lib qolishi edi. U zot bu orzu bilan yashadi, harakat qildi. O‘z dargohiga Islom olamining kelajagi haqida so‘rab kelganlarni mana shunga o‘rgatdi.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘zlarining oxirgi ma’ruzalaridan birida afsus bilan shunday degan edilar: «G‘ayrimusulmon dunyosi musulmon olamiga qarab: musulmonlarning o‘zlari avval o‘zaro murosa qilib, oralaridagi muammolarini tinch yo‘l bilan hal qila oladimi? Noislomiy usullarni qo‘llayotganlarni bartaraf qila oladilarmi, deb juda to‘g‘ri savol bermoqda. Biz ekstremizm, terrorizm va radikalizmni o‘z qalblarimizdan tubdan olib tashlash uchun haqiqatan ham ko‘p kuch, ahamiyat va vositalarni sarflashimiz kerak bo‘ladi. Tinchliksiz ummatning rivoji va o‘sishi mumkin emas».

Islom dini insonlarga ularning mas’uliyati, ya’ni insoniyatning Alloh oldidagi, Rasululloh (s.a.v.) oldidagi, Qur’on oldidagi, xalq oldidagi mas’uliyatini bildirish uchun kelgan. Musulmonga ulkan mas’uliyat yuklatilgan. U haqiqiy mo‘min bo‘la olishi uchun, bu dunyo va u dunyoda rahmatga sazovor bo‘lishi uchun bu mas’uliyatni bajarmog‘i lozim. Bu mas’uliyatni biz anglab yetmog‘imiz darkor. Har bir musulmon o‘z dinida qanday yashash, Allohga qanday ibodat qilish, o‘zining musulmon birodariga va g‘ayrimusulmonga qanday munosabatda bo‘lish keraklini o‘rganishi, boshqa turli savollarga javobni bilishi lozim».

«Janubi-sharqiy Osiyo xalqlarining qanday qilib Islom dinini qabul qilganligini eslang. Odamlar tarozidan urmaydigan va hisobda aldamaydigan va barcha xaridorlar bilan birday xushmuomala bo‘lgan tojirlarni ko‘rgan edi. Bu tojirlar o‘zaro yordamlashib, bir-birlari bilan nohaq raqobatlashmas edilar. Sizning bunday bo‘lishingizga nima sabab, deb so‘ralganlarida bunga dinimizni sabab, deb ko‘rsatishdilar. Haqiqiy musulmon har qanday o‘rinda ham o‘rinli muomala qiladi. Mana shu eng ta’sirli da’vatdir». Mana shu so‘zlar ham u zotning so‘nggi ma’ruzalaridan edi.

Biz Alloh taolodan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini peshqadamlar bilan Jannat bog‘larida birga qilishini, u zotni mag‘firat qilib, o‘zi muhabbat qilib, doim o‘rnak olib kelgan Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning shafoatlariga muyassar bo‘lishini nasib etishini so‘rab qolamiz.

Abdulla Rinat Muhamedov
Abu Muslim tarjimasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring