Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oilada bag‘ri butun bolalar

Oilada bag‘ri butun bolalar

«O‘zbek xalqi — bolajon xalq» deb bejiz aytishmagan. Toshkent viloyati Yangi yo‘l tumanidagi o‘qituvchilar oilasiga yana 6 nafar farzand kelib qo‘shildi. Bir-biridan mehribon va aqlli bu bolalarning o‘z oilasi borligidan quvonchlari cheksiz…

Toshkent viloyati Yangi yo‘l tumanida yashovchi Sherzod va Nigora Kazakbayevlar bolalarga oilani his qilish imkonini berolganlaridan xursand. Nigora opadan so‘raymiz: «Oilangizga o‘zingizning ikki farzandingizdan tashqari xarakteri, tabiati, dunyoqarashi har xil bolalarning kelib qo‘shilishi sizlarni qiynab qo‘ymadimi?»

— Yoshligimdan ko‘p bolali oilalarga havasim kelardi. Buni qarangki, turmush o‘rtog‘im ham shu fikrda edilar. Ikkimizning fikrimiz bir joydan chiqdi. Prezidentimizning tashabbuslari bolalarga mehr ko‘rsatishga, tarbiya olishimizga sababchi bo‘ldi. Biz bolalarni yaxshi ko‘ramiz. Ko‘pchilik aytdi: «Nima qilasan, qiynalib qolasan», deb. Lekin onam: «Sen yolg‘iz emassan, men ham qo‘limdan kelgunicha deb bolalaringni tarbiyalashga qarashaman», — deb qo‘llab-quvvatladilar. Oldinlari juda sokinlik edi oilamizda. Hozir esa bolalarim guvillab oldimga chopib kelishadi. Bu qanday baxtligini bilasizmi? Ularni ko‘rib charchoqlarim chiqib ketadi. Darrov ovqatga unnayman: «Nima ovqat yeyishar ekan, qanday ovqatlarni yoqtirishar ekan», deb o‘ylayman. Turmush o‘rtog‘im ularning o‘qishiga, tarbiyasiga ko‘proq e’tibor beradilar. Axir men ham mana shu inson tufayli oliy ma’lumot olganman. Bolalarimizning barchasini oliy ma’lumotli qilamiz, deb niyatni katta qilganmiz.

— Nigora opa, farzandlaringizga muomala qilishda qiynalmayapsizmi? Axir o‘z farzandi bilan til topisha olmayotgan onalar ko‘p...

— Men o‘qituvchiman, demak, bolalar bilan til topishishim qiyinchilik tug‘dirmaydi. Vaqti kelganda jahl qilaman, ammo o‘zimni bosib gaplashaman, vaqti kelganda maqtayman, lekin har doim har daqiqada mehr beraman. Ularga yaxshi ko‘rishimni aytib turmasam, men quvvatsizlanib qolganday bo‘laman. Ular ham doim oldimda girdikapalak. «Oyijon», «dadajon», degan so‘zlarni tez-tez va og‘izlarini to‘ldirib aytishni yaxshi ko‘rishadi. Bizlar bir-birimizga kuch beramiz.

Bu oilaga kelgan bolalardan biri Husanni gapga solaman:

— Senga bu yerdagi hayot, oila bag‘rida bo‘lish yoqadimi?

— Oldingi hayotimni eslashni xohlamayman, garchi barcha shart-sharoitlar yaratilgan va mehribon tarbiyachilar qurshovida yashasak-da, oila bag‘rida bo‘lishga hech narsa teng kelmaydi.

— Husanni tarbiyamizga olamiz deganimda, atrofdagilar: «Tok urib kuygan va ko‘p operatsiyalarni boshidan o‘tkazgan bolani nima qilasan, qaray olmaysan», — deb aytishdi. Shunda men aytdimki: «Aynan shu bolani olaman va bor mehrimni beraman», shunday deya Nigora opa Husanni quchib boshini silaydi.

Oilaning yana bir farzandi Nozimani suhbatdoshim: «O‘zgacha dunyoli qizim», deya tanishtirdi.

«Men katta bo‘lsam, o‘qituvchi bo‘laman. Yaxshi o‘qituvchi bo‘lsam, dadamga o‘xshagan direktor bo‘laman», — deb aytadi orzulari osmon bo‘lgan qizlardan yana biri Mubina. Qizlarning ko‘zlaridagi quvonchni, shijoatni ko‘rib beixtiyor ularning baxtli ekanligini anglash qiyin emas.

Biz bu xonadondan olam-olam taassurotlar bilan qaytdik. Bu yerda mehrni, samimiylikni, hamjihatlikni, bag‘ri butunlikni ko‘rdik. Va yurtimizda muruvvat uylari kamayishini, serfarzand ota-onalar, ota-onasi, oilasi borligidan baxtli bolalar ko‘payishini chin dildan istadik.

Maftunabonu Abbosxonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring