Og‘ir jinoyatda ayblanib, so‘ng oqlangan tarixchi olim Andrey Kubatin qamoqxonaga tushgan kunlarini esladi
Tarixchi olim, turkiy xalqlar tarixiga oid uchta monografiya va saksondan ortiq ilmiy maqolalar muallifi Adrey Kubatin 2017-yilda Jinoyat kodeksining 157-moddasi, ya’ni davlatga xoinlik qilishda ayblanib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Bunga bir kishining huquq-tartibot organlariga yo‘llagan tuhmat xati sabab bo‘lgan, deyiladi O‘zAda e’lon qilingan maqolada.
Olim o‘zining aybsizligini isbotlash uchun 2,5 yil kurashdi. Nihoyat 2019-yil sentyabr oyida u to‘liq reabilitatsiya qilinib, oqlandi.
Qayd etilishicha, bunday og‘ir jinoyat bilan ayblangan va jazo muddatini o‘tayotganda oqlangan yagona inson — Andrey Kubatindir.
Hozirgi kunda A.Kubatin avval o‘zi ishlagan Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti katta o‘qituvchisi lavozimiga qayta tiklandi.
A.Kubatin Markaziy Osiyo tarixiga oid adabiyotlarni xorijlik olimlariga bergani uchun uni davlat siriga aloqador hujjatlarni oshkor qilishda ayblashdi. Vaholanki, u bergan ilmiy adabiyotlar internetdagi ochiq ma’lumotlar bazalarida ham mavjud edi.
– Avvaliga menga hech kim quloq solishni ham istamadi, – deydi A.Kubatin. – Shu tariqa kunlar, oylar yillarga ulanib ketdi. Lekin aybsizligimni isbotlash uchun kurashdan bir lahza ham to‘xtamadim.
Unga qo‘yilgan ayb – eng og‘ir jinoyatlardan bo‘lib, bundaylarga xavfli shaxs sifatida qaralgan. Ilgari bunday shaxslarning jazo muddati tugagach ham turli bahonalar bilan jazo muddati cho‘zib borilgan. Uni avvaliga eshitishmaganining sababi ham shunda.
– Qamoqxonaga tushgan kunlarim mahbusga umuman odam sifatida qaralmasligiga guvoh bo‘ldim, – deydi Andrey. – Omadim bor ekanki, sal o‘tmay, ushbu tizimda, sud-huquq sohasida, ayniqsa, xavfsizlik xizmatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan muhim islohotlar amalga oshirila boshlandi. Jazoni ijro etish muassasasidayoq buning natijasi yaqqol sezildi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning mahkumlar bilan uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Shu tariqa meni eshitadigan odamlarni topishga muvaffaq bo‘ldim. Ombudsman vakillari kelganida murojaatimni ularga topshirdim. Davlatimiz rahbari tomonidan mansabdor shaxslarning xalq bilan muloqoti yo‘lga qo‘yilgani tufayli oila a’zolarim Prezident davlat maslahatchisi, Bosh prokuror bilan uchrashish va men haqimda ma’lum qilish imkoniga ega bo‘ldi. Mana shunday sa’y-harakatlar natijasida ishim sudda qayta ko‘rib chiqildi. To‘g‘risini aytsam, islohotlar bo‘lmaganida oqlanishim dargumon edi.
Bu jarayonda dunyo olimlari hamjamiyati, jamoatchilik ham o‘zbek olimining taqdiriga befarq bo‘lmadi. Uni ozod qilishga oid murojaatlar, chaqiriqlar yangradi.
Nihoyat, 2019-yil 26-sentyabrda A.Kubatin Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi appelyasiya instansiyasida reabilitatsiya qilindi va sud zalidan ozodlikka chiqarildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter