Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Odamlar uyda qolishadi, lekin ularning ehtiyojlari hech qayerga yo‘qolmadi» – Ruslanbek Davletov

«Odamlar uyda qolishadi, lekin ularning ehtiyojlari hech qayerga yo‘qolmadi» – Ruslanbek Davletov

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Davlat xizmatlari uchun pandemiya bilan bog‘liq qiyinchiliklarni qanday yengish mumkin? Davlatlar karantin choralari va iqtisodiy to‘siqlar sharoitida nima qilishlari kerak? Xalqaro savdo va logistika qanday qiyinchiliklarga duch keldi? Karantin davrida jamiyatni safarbar qilishda qanday ijtimoiy innovatsiyalar va aqlli qarorlar yaxshiroq yordam beradi? Pandemiyadan keyin barqarorlikni qanday ta’minlash mumkin?

Ushbu va boshqa jihatlar Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmati va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi (SAPSSI) tomonidan tashkil etilgan «COVID-19 ga hukumatlarning tezkor javobi» Global veb-forumida muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ikki kun 14-15-may kunlari davomida ushbu muloqot va tajriba almashish, turli mamlakatlarning innovatsion yondashuvlarining muhokama maydoniga aylandi. «COVID-19»ga qarshi kurashda va pandemiyadan keyingi davrda ijtimoiy innovatsiyalar hamda oqilona qarorlarning hal qiluvchi rolini davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlari bilan bog‘liq hozirgi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi.

Global veb-forumda dunyoning turli mamlakatlaridan vazirlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori lavozimli vakillari ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham spikerlar safida chiqish qildi.

«Pandemiya davrida davlat xizmatlari» sessiyasi doirasida adliya vaziri Ruslanbek Davletov respublikada davlat xizmatlari tizimida yuzaga kelgan masalalar va bu boradagi amaliy qarorlar haqida o‘z fikrlarini bayon qildi.

Ta’kidlanganidek, COVID-19 epidemiyasining dastlabki kunlaridan boshlab O‘zbekiston rahbariyati infeksiya ommaviy tarqalishining oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rdi, jumladan, karantin rejimi joriy etildi.

«Mamlakatimizda infeksiyani «ixotalash» choralari ko‘rildi. Odamlar uyda qolishdi, lekin ularning ehtiyojlari hech qayerga yo‘qolmadi. Davlat va uning tashkilotlari ham o‘z rolini, vazifalarini qayta ko‘rib chiqishi, ish uslubi hamda usullarini o‘zgartirishi har qachongidanda dolzarb bo‘lib turibdi. Bularning barchasi soliq to‘lovchilarning ortib borayotgan talabini qondirish uchun zarurdir», dedi R. Davletov.

Masalan, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo‘ldi. Davlat xizmatlari markazlari avtotransport vositalari harakati uchun ruxsat beruvchi stikerlarni berganligi sababli, cheklov choralari davrida murakkab vazifalardan birini amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi.

Qattiq karantin bo‘lishiga qaramasdan, davlat xizmatlari markazlari nafaqat ish vaqtini qisqartiribgina qolmay, balki 24 soatlik xizmatga o‘tishdi. Arizalar onlayn qabul qilindi. O‘n kun ichida o‘rtacha 200 mingdan ortiq ariza ko‘rib chiqildi, ularning faqat 15% mezonlarga muvofiq deb topildi.

Aholi xavfsizligini ta’minlash uchun elektron davlat xizmatlari turlari sezilarli darajada ko‘paymoqda. Hozirda mavjud tizimda 140 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, yil oxiriga qadar unga yana 50 ta qo‘shimcha xizmat qo‘shilishi rejalashtirilgan. Yangiliklardan yana biri fuqarolar tomonidan uydan chiqmasdan, masofadan turib elektron imzo kalitini olish imkoniyati bo‘ldi.

Davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari qurilishi davom etmoqda, yil oxiriga qadar qariyb 200 ta markaz binosi qurilishi tugallanishi ko‘zda tutilgan. Shunday qilib, aholi postpandemik davrda eng qulay sharoitlarda davlat xizmatlarini olishi mumkin. Biroq, birinchi navbatda, onlayn xizmatlarni taqdim etishga o‘tish lozim. Bu hozir amalga oshirilmoqda ham, bu davlat va fuqarolarning o‘zaro hamkorligining istiqbolidir.

«Umuman olganda, biz juda ko‘p narsani o‘rgandik, pandemiyadan xulosa chiqardik. U bizning zaif tomonlarimizni ko‘rsatdi, takomilga muhtoj bo‘lgan tuzilmalarni aniqladi. Bundan tashqari, biz qutulishimiz kerak bo‘lgan nooqilona byurokratiyaga duch keldik. Shu munosabat bilan, yangi ma’muriy munosabatlarni qurishning zamonaviy innovatsion usullarini tadqiq qilish va joriy etish, ushbu sohadagi davlat tuzilmalarining maqsad va vazifalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish, biznesni qo‘llab-quvvatlash vositalariga alohida e’tibor berish, xizmat ko‘rsatishning umumiy tartib-taomillarini qayta ko‘rib chiqish boshlandi. Masalan, vazirlik biznes uchun litsenziyalar va ruxsatnomalar sonini ikki barobarga qisqartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorladi», – dedi adliya vaziri.

Global veb-forumda SAPPSI (ASAN Service) raisi Ulvi Mextiyev, ICESCO Bosh direktori Salim M. Al-Malik, BMTTD ma’muri Axim Shtayner, Jahon iqtisodiy forumi prezidenti Borge Brande, Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Lyuk Devin va boshqalar so‘zga chiqishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring