Nig‘matilla Yo‘ldoshev Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi bilan uchrashdi
Bugun Bosh prokuraturada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Rossiya Federatsiyasining Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin bilan uchrashdi. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakat hayotining barcha jabhalarida, xususan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, alohida ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi o‘rtasidagi professional hamkorlik aloqalari shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish orqali izchillik bilan rivojlanib bormoqda.
Taraflar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim hamda 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan idoralararo hamkorlik Dasturi imzolandi. Ushbu hujjatlarning amalda tatbiq etilishi huquqiy sohada axborot va ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlik rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter