Nega O‘zbekistonda nogironlar deputatlikka saylanmaydi?
«Men XDPdan noroziligimni bemalol ayta olaman, — deydi Nogironlar jamiyatining raisi Oybek Isoqov. — 2014-yili biz bilan imzolagan memorandumga ko‘ra, Oliy majlis, Parlamentga nogironligi bor shaxslardan ham nomzod ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Lekin baxtga qarshi biz ikki nafar nomzodimizni Oliy Majlisga tavsiya qilganimizda vaqtni cho‘zib-cho‘zib, ularni tuman kengashi ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yishgandi. Ularning yonida ishonchli vakil bo‘lib men qo‘ltiqtayoqda, o‘rinbosarim aravada kirib bordik. Va ular bir ovozdan bularning o‘zi yordamga muhtojku degan gapni aytishdi. Endi ayting-chi, ziyoli va intellekti yuqori bo‘lgan odamlar bizga nisbatan shunday fikr bildirib turgach, ommaning stereotipidan xafa bo‘lmasak ham bo‘ladi. Masalan, xorijda Parlament, Oliy Majlisga aravachada o‘tiradigan, og‘ir tashxis qo‘yilgan imkoniyati cheklangan shaxslar deputatlikka qo‘yilgan».
Og‘ir nogironligi bo‘lgan 61 yoshli Yasuxiko Funago va 58 yoshli Eiko Kimura Yaponiya parlamenti yig‘ilishida ishtirok etishdi. Ularning ikkalasi ham nogironlar aravachasida o‘tirishibdi va deyarli falaj bo‘lib qolishgan. Funago va Kimura 21 iyuldagi saylovlardan keyin parlamentning yuqori palatasiga chiqishdi. Funagoda amyotrofik lateral skleroz yoki Lou Gergig kasalligi mavjud. Kasallik 2000 yildan beri rivojlanib kelmoqda, hozir u falaj bo‘lib, faqat kompyuter va yordamchining yordami bilan gaplashishi mumkin. Kimuraning esa yoshligidan falaji bor, endi u faqat o‘ng qo‘lini harakatlantira oladi. Ikkalasi ham g‘ildiraklardagi nogironlar aravachasining kattalashtirilgan versiyasidan foydalanadilar va ikkalasi ham yordamchilarining doimiy ko‘magiga muhtoj.
«Uzoqqa bormaylik, Qirg‘izistonda ko‘zi ojiz deputat bor. Bizda esa hatto tuman kengashlarida ham nogironligi bor shaxslar deputatlikka saylanmagan. Axir nogironligi bor odamlar boshqalarga qaraganda mas’uliyatliroq va o‘zgalar dardini eshitishga, ko‘makka doimo tayyor», deydi Oybek Isoqov.
...Mamlakatimizda 700 mingdan oshiq nogironligi bor shaxslar bo‘lsa, shularning 110 ming nafarini bolalar tashkil qiladi. Ulardan 40 ming nafari ixtisoslashgan maktablarga boradi. Demak 70 minggi uyda ta’lim olishga majbur. Bir misol aytaman. Oddiy maktablarning birida fizkultura o‘qituvchisi qandaydir aybi uchun jazo sifatida nogiron bolaga dars berish uchun jo‘natiladi. Va u o‘sha bolaga ximiyadan, biologiyadan, xullas barcha fanlardan dars beradi. Aytingchi, fizkultura o‘qituvchisi asosiy fanlardan dars bera oladimi? Fizkultura o‘qituvchisi jazolanganmish, ammo u bolaning aybi nima, imkoniyati cheklanganimi? Yana bir fakt: uyda o‘qigan bolalarning birortasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirolmaydi. Chunki ularga attestat berilmaydi, ma’lumotnoma bilan kifoyalanishadi...
Har qanday jamiyatning ma’naviyati bolalar, qariyalar va nogironligi bor kishilarga nisbatan munosabati orqali aniqlanadi. Ko‘pchilikning fikricha «nogiron» so‘zi «umidsizlik», «umidsiz kasal» tushunchasi bilan bog‘liq. Ularni kasallik yoki imkoniyati cheklanganlik azoblamaydi. Ularni ilojsiz, ko‘maksiz qoldiradigan narsa bu — atrof-muhit, jamiyat, odamlarning loqaydligi yoki omma o‘rtasidagi stereotiplar. Nogironligi bor odamlar uchun to‘siqsiz muhitni sizu biz yaratmasak, kim yaratadi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter