Nega bo‘rilar sirkda tomosha ko‘rsatmaydi?
Hech sirkda bo‘rini ko‘rganmisiz? Bir emas, bir nechtalab yo‘lbars yoki sherlar bitta hayvon o‘rgatuvchining buyrug‘ini bajaradi yoki ayiq hatto velosiped haydaydi, ammo ulardan jussasi ancha kichik bu kulrang yirtqichni sirk arenasida uchratmaymiz. Nega?
Bo‘ri hayoti
Bo‘ri — juda makkor va xavfli yirtqich. Tashqi ko‘rinishi xonaki itlarga o‘xshagani bilan, ular itlar oilasiga mansub har qanday qarindoshidan ayyor va tajovuzkordir: boshqa turdagi qarindoshining kekirdagini uzib olish uchun unga atigi bir necha soniya kifoya qiladi.
Bu jonivorni amalda qo‘lga o‘rgatib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, uzoq vaqt qafasda saqlangan bo‘ri ertami-kech hayvon o‘rgatuvchining buyruqlarini bajaradi, lekin bu aldamchi bo‘ysunishdir. U voler to‘sig‘ini tark etgan zahoti ozodlikka intiladi. Bunga shu darajada harakat qiladiki, u nafaqat hayvon o‘rgatuvchisiga, balki ko‘zi tushgan har kimga tashlanishi mumkin.
Istisno
Biroq ba’zan istisnolar ham bo‘lib turadi: buning uchun ishga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashish kerak. Buni Perm davlat sirki hayvon o‘rgatuvchisi Yekaterina Korenkova isbotlagan. Endigina 18 yoshga to‘lgan bu qiz 1995-yili «Bo‘rilarni o‘rgatish» dasturi ustida ishga kirishadi.
Yekaterina kulrang yirtqichlar ham sadoqat va yoqimtoyligini namoyish qila olishini isbotlashga erishgan. Buning uchun odam bo‘rini bolaligidan asrab olishi kerak. Faqat ular bilan ishlash juda katta mehnat talab etadi. Kerakli natijaga esa har qanday hayvon o‘rgatuvchi ham erisha olmaydi.
Eng avvalo, hayvonni o‘rgatishdagi qiyinchilik har bir jonivorga alohida yondashuvni izlab topish bilan bog‘liq. Ustiga-ustak, bo‘rilar yakkalikda nihoyatda xavfli va yuraksiz bo‘lib qoladi. Ular ko‘p to‘plangan odamlardan, yorqin nurdan, baland tovushlardan, olqishu qarsaklardan qo‘rqishadi. Lekin to‘da orasida bo‘lganda bu yirtqich har qanday dushmanga tashlanishi mumkin. Hatto u kuch-quvvat, chaqqonlik va tezkorlik borasida bo‘ridan ustun bo‘lsa ham.
Boz ustiga, bo‘rilar — makkor va kek saqlovchi. Hayvonni jismoniy jazolash qat’iyan man etiladi. Ular o‘zini bo‘ysunayotgandek ko‘rsatishi, keyin kutilmaganda tashlanib qolishi hech gap emas. Hatto yaxshilab qo‘lga o‘rgatilgan bo‘ri ham kamdan-kam hollarda gastrolga chiqadi, negaki notanish arena, yorug‘lik, hid va tovushlarga moslashishga qiynaladi.
Korenkova bo‘rilar sirkda tomosha ko‘rsatmaydi, degan gap unchalik ham to‘g‘ri emasligini isbotladi. Bo‘rini qo‘lga o‘rgatish, unga harakatlarni bajartirish mumkin. Faqat bu juda og‘ir mehnat. Ishni esa o‘zi boqib katta qilgan jonivor bilan olib borish shart. Shu bois hayvon o‘rgatuvchilar o‘ziga xos fe’l-atvorga ega bo‘rilardan ko‘ra, itlar bilan shug‘ullanishni afzal ko‘rishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter