«Navro‘z uchun Belarusdan keldim...» — mehmonga boy bayramdan fotoreportaj
Poytaxtimizning Navro‘z milliy bog‘i o‘ziga xos. Ayniqsa Milliy bayramlarimizning ushbu bog‘da o‘tkazilishi bog‘ni yanada jozibali ko‘rsatadi. Kun salqin, ammo odamlarda bahoriy kayfiyat. Bog‘da milliy raqslar, milliy kurash, milliy qo‘shiqlar, milliy taomlar... Ammo bayram barchaniki. Ayniqsa o‘zga millat vakillari uchun o‘zgacha hayratlanarli.
Katya, Belarus: Men ilk marta ushbu bayramda ishtirok etishim, bayram doirasida milliy ko‘razmalarning tashkil qilingani ayni muddao. Milliy matolardan tikilgan liboslar juda qiziqarli, onam va o‘zim uchun kiyim tanlayapman. Bu etnografik shaharchada paxsa devorli hovlilar, choyxona, hunarmandchilik ustaxonlari, ayvonlar timsolida go‘yoki qadimiy O‘zbekiston ko‘chalarini ko‘rgandek bo‘ldim. Biz xorijliklar uchun diqqatga sazovor maskanga aylangan.
— Ismim Irina, Toshkentda yashayman. Har yili bayramlarda qatnashaman. Chiroyli, qiziqarli, ortiqcha shovqin-surondan holi, o‘ziga xos bayram. Juda chiroyli tashkillashtirilgan. Ammo tantanalar kamchiliklari bilan qiziq. Uch kundan beri e’lon qiladi, bepul osh va bepul sumalak, yana somsa, afsuski ushbu milliy taomlaringizga talab katta bo‘lgani uchun yetkazib berisholmayapti, hatto sotib olish uchun ancha ovoragarchilik. Tandirning boshidan somsa sotib olasiz, lekin kassa boshqa tomonda. Sumalakka ilinolmadik. Ammo baribir kayfiyatimiz yaxshi.
— Rigadan keldim, — deydi sumalak qo‘zg‘ayotgan ayollardan biri. — Meni hayratlantirgani imkoniyati cheklanganlarning o‘z mehnatlari bilan yaratilgan ijod namunalarini ko‘rgazmalarga olib chiqqani. Milliy kiyimlar, milliy qo‘g‘irchoqlar, kelajakda bular bilan hamkorlik qilishni o‘z oldimizga maqsad qildik. Motivatsiya oldik, turli qo‘l mehnati namunalari o‘ziga xosligi bilan ajrab turadi. Umuman olganda bu bog‘ xorijliklar aylanib hordiq chiqarishi uchun ayni muddao, chunki bu xuddi Buxoro, Xorazm shaharlarining bir bo‘lakchasidek.
— Biz uchun bu bayram yangi do‘stlar orttirish, o‘zimizning nimaga qodirligimizni boshqalarga ko‘rsatish uchun imkoniyat ham — deydi, nogironligi bo‘lgan hunarmandlar, ishtirokida tashkil etilgan xayriya ko‘rgazma yarmarkasi tashkilotchilaridan biri Gulnoza Saidova. — Ko‘rgazmada Sergeli va Yangihayot tumanlararo nogironlar jamiyati a’zolaridan 6 nafari o‘z qo‘llari bilan yaratgan ijodiy ishlari bilan qatnashmoqda. Bilasizmi, Minskdan tashrif buyurgan Natashaxonim va Marinaxonimga O‘zbekistonda sizlarga aynan nima yoqdi degan savolimga tinchlik va odamlarning mehmondo‘stligi, deb javob berishdi. Ular aprel oyida alohida kelishmoqchi.
— Boyjonova Rahbaroyman, Qozog‘istonda ham Navro‘z shunday chiroyli o‘tadi. Ota onam shu yerda tug‘ilgan 84 yoshdaman. Yonimdagi evaram. Navro‘z menga ota-onamni, bolaligimni eslatadi. Kun sovuq bo‘lishiga qaramay bayramga chiqqim keldi. Bog‘ning o‘ziga xos paxsa devorlari menga Toshkentning eski mahallalarini eslatdi. Do‘ppilar, ko‘zmunchoqli qo‘g‘irchoqlar, adrasu atlas kiygan qizaloqlar hammasi juda yoqimli, endi birozdan so‘ng dor o‘yinlari boshlanar ekan o‘shani kutib o‘tiribmiz...
Bog‘ yonidagi attraksion bolalarning qiy-chuvi bilan to‘lgan, sal nariroqda tandirda somsa, o‘choqda osh. Karnay-surnay sadolari esa yangi yilimiz Navro‘zning boshlanishi ovoza qilayotgandek. Bugun boshlangan bayram yana 4 kun davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter