Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navro‘z dasturxonidan tanovul qilishda nimalar muhim? Shifokor maslahati

Navro‘z  dasturxonidan tanovul qilishda nimalar muhim? Shifokor maslahati

Foto: Xabar.uz

Navro‘z bayrami arafasida ayollar bahoriy ayyom dasturxonini qanday taomlar bilan to‘ldirish haqida bosh qotirayotgani sir emas. Sog‘liqni saqlash vazirligi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilovaning to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha maslahatlarini taqdim etdi.

— Inson sog‘lig‘i ovqatlanishning alohida tarkibiga, mahsulotlar va taomlarning sifatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. To‘g‘ri ovqatlanish barcha ma’lum bo‘lgan kasallik holatlarining 80 foizining oldini olishda ahamiyatlidir.

Navro‘z ayyomi kunlarida xalqimiz ko‘klamga yetganlik shukronasi sifatida, mahallalarda bayram sayllari o‘tkazish taraddudida bo‘ladi. Shu kunlarda dasturxonga ko‘klam taomlarni bilan birgalikda o‘nlab turdagi yeguliklar, taomlar, pishiriqlar va shirinliklar qo‘yiladi. Bu esa bahorgi holsizlik bilan yuzma-yuz turgan inson organizmi uchun ancha og‘irlik qilishi turgan gap.

Ovqat to‘liq hazm bo‘lmasdan turib, yana taom yeyilsa, hazm jarayoni og‘irlashadi. Chunki oshqozonda ovqat ustiga yana taom tushishi shira aralashish me’yorini buzadi. Bu o‘z o‘rnida kishida qorin g‘uldirashi, dam bo‘lishi va lohaslik kabi holatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ma’lumki, me’da ovqatga to‘lib ketsa, uning harakat funksiyasi yomonlashadi, natijada oshqozondagi oziq moddalarning shira bilan aralashishi qiyinlashib, hazm jarayoni izdan chiqadi.

Agar qorin to‘yishiga oz qolganda ovqatdan qo‘l tortilsa, kishi hazm a’zolarining ishi yengillashadi, odam o‘zini yaxshi his qiladi va keyingi ovqatlanishga ishtaha saqlaydi.

Demak, bayram kunlarida noxush holatlarga barham berish uchun, avvalo, ovqat iste’mol qilish tartibiga rioya qilish lozim. Kun davomida sabzavotli salatlar, oshko‘klar, ho‘l mevalardan, ko‘klam ne’matlaridan oz-ozdan iste’mol qilingani ma’qul.

Tabiiy mahsulotlar ko‘proq yeyilganda 50 foiz hollarda hazm qilish a’zolari yaxshi ishlaydi. Natijada me’da-ichaklar ishi osonlashib, organizmning ovqat hazmiga sarflanadigan energiyasi birmuncha tejaladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring