Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navro‘z oddiy emas, xalqaro bayram... 2009 yilda YuNESKOning Nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan

Navro‘z oddiy emas, xalqaro bayram...  2009 yilda YuNESKOning Nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan

Foto: «Twitter.com»

Sharq xalqlari orziqib kutadigan, insoniyatning orzu-istaklari mujassamlashgan, bahor fasli boshlanishi va tabiat yangilanishi bilan bog‘liq Navro‘z ayyomi qariyb uch ming yildirki, Markaziy va Janubiy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va Bolqon mintaqasi, Qora dengiz havzasi xalqlarida keng nishonlanib kelmoqda.

Bugungi kunda, Navro‘z 500 milliondan ortiq aholini qamrab olgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Turkiya kabi davlatlarda, shuningdek, Rossiyaning Boshqirdiston, Dog‘iston va Tatariston hududlarida keng miqyosida nishonlab kelinmoqda. Bundan tashqari, Albaniya, Makedoniya, Bosniya va Gersegovina, Gruziya Hindiston va Pokiston, Xitoyning bir qismida ham ushbu kunni bayram sifatida nishonlash an’ana tusini olgan.

Bu bayram nafaqat insonlar, oilalar va jamiyat uchun, balki elu elatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik va ahillik g‘oyalarini ulug‘lab, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashi bilan ham g‘oyatda ahamiyatlidir.

Uning betakror udum va falsafasi Sharq va G‘arb sivilizatsiyalari qadimiy urf-odatlarini o‘zida yaqqol aks ettirib, umumbashariy qadriyatga aylandi. Navro‘z tantanalari hayotning tabiat ila bevosita uyg‘unligini, yaratuvchanlik ruhiyatini ifodalab, har bir insonni hayotning ilk manbai bo‘lgan ona tabiatni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashga, u bilan yaxlit va hamohang bo‘lishga undaydi.

Navro‘z turli elat vakillari orasida turlicha nishonlanishi, noyob an’analari bilan ham ma’lum va mashhurdir. Ushbu kunda har bir millat farovonlik timsoli bo‘lgan o‘z dasturxonini o‘zgacha ko‘rinish, rang-barang va ajib milliylikni bezatishga intiladi.

O‘zbek dasturxoni halim, osh, sumalak singari milliy taomlar bilan yasatilsa, Tojikiston, Afg‘oniston, Pokistonda kumoch (katta non) pishirish odat tusini olgan. Shuningdek tojik xalqi «S» harfi bilan bog‘liq, afg‘onlar esa «Sh» harfi bilan boshlanuvchi yettita mahalliy ne’matlarni dasturxonga tortiq etishadi.

Ranglarga bo‘yalgan tuxumlar Navro‘zning eng sirli urf-odatlaridan biri sanaladi. Musulmonlar yashil rangga bo‘yash-bezatish orqali ulug‘vor tog‘larni, yangi ungan ko‘klam maysalarini, bepayon dala va qirlarda bahoriy uyg‘onish ramzini ifoda etishgan.

Bayram kunlari nuroniy otaxonlar va mo‘’tabar onaxonlar bolalarga bir hovuch bug‘doy, yong‘oq va quritilgan o‘rik berishadi, bu esa yurtda bu yil to‘kin-sochinlik va risqi butunlikka o‘ziga xos ishoradir.

Rossiyaning Chechen va Ingushetiya o‘lkalarida palov tayyorlanib, odamlar bir-birining uyiga mehmonga boradi, dehqonlar o‘rtasida yerni haydash bo‘yicha o‘zaro musobaqalashuvlar o‘tkaziladi.

Ko‘p millatli Rossiya zaminida Navro‘z bayrami munosabati bilan Moskva shahrida turli xalqlar milliy san’ati ko‘rgazmasi tashkil etilib, katta miqdorda osh damlanishi ham yildan-yilga yaxshi urfga kirmoqda. Volga mintaqalarida esa sport o‘yinlari va milliy taomlarni tatib ko‘rish orqali nishonlanadi.

Turkiya va Kavkazning boshqa xalqlarida ham Navro‘zi olam ko‘tarinki kayfiyat, yuksak ma’naviy bayram ruhida kutib olinadi.

Bu barhayot va o‘lmas mezonlar jahon hamjamiyati tomonidan munosib e’tirof etilmoqda. Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiya (2003-yil) talablariga muvofiq, Navro‘z ko‘plab xalqlarning madaniy rang-barangligi va an’analarini o‘zida aks ettirgan ulug‘ qadriyat sifatida 2009-yil 30-sentyabrda YuNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Bundan tashqari, tashabbuskor davlatlar tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida «Navro‘z xalqaro kuni»ni nishonlash bo‘yicha taklif kiritildi. 2010-yil 23-fevralda Bosh Assambleya 21-martni «Navro‘z xalqaro kuni» sifatida tan oldi va A/RES/64/253 soni maxsus rezolyusiya qabul qilindi. Ushbu yig‘ilishda YuNESKOning bir yil muqaddam e’lon qilingan qarori ham qo‘llab-quvvatlandi va to‘liq ma’qullandi.

Bosh Assambleya manfaatdor a’zo davlatlar, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari va jamg‘armalari, dasturlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, nodavlat muassasalariga Navro‘zni nishonlaydigan davlatlar tadbirida munosib ishtirok etishga tavsiya berdi. Shu bilan birga, a’zo davlatlar hududlarida Navro‘z haqida aholining ma’lumotdorlikni oshirish, bu bayram kunlarida tantana va tadbirlar tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z nafaqat mintaqaviy hamkorlik, qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro birdamlik ruhini mustahkamlaydi, balki dunyo ellarini farovon hayot, umumiy manfaatlar yo‘lida jipslikka chorlaydi.

Dilafro‘z Xudoyberdiyeva,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti

yetakchi mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring