Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navro‘z bog‘idagi ustaxonalarning ijara haqi 2.500.000 so‘mdan  15.800.000 so‘mga ko‘tarildi, taniqli hunarmand Prezidentga murojaat bilan chiqdi

Navro‘z bog‘idagi ustaxonalarning ijara haqi 2.500.000 so‘mdan  15.800.000 so‘mga ko‘tarildi, taniqli hunarmand Prezidentga murojaat bilan chiqdi

«SUZANE SULTAN» MChJ direktori Mohira Sultonova Navro‘z hunarmandlar shaharchasida, ya’ni Toshkent 24-hovli ustaxonasida besh yildan beri kashtachilik maktabi va «O‘zbekiston sotsial turizmi assotsiatsiyasi» NNTida faoliyat yuritadi. Kuni kecha tadbirkor ijara narxlari keskin oshirilgani sabab Prezidentga murojaat bilan chiqdi:

«Bog‘ ochilishida shaxsan o‘zingiz ustaxona-muzeyimizga tashrif buyurgandingiz. Bu yerdagi ustaxonalar va do‘konlar muayyan ish joylari bo‘lmagan, ustaxona va do‘kon ochish orzusida yillab qiynalib yurgan hunarmand ustalar uchun eng qadrli sovg‘angiz bo‘ldi o‘shanda, – deydi o‘z murojaatida Mohira Sultonova. – Besh yil davomida biz katta yoki kichik muammolarimizni o‘zimiz yechib kelayotgan edik. Karantin vaqtida va undan keyin bizga ijara bo‘yicha imtiyozlar berildi, bu uchun Sizdan va bog‘ adminstratsiyasidan minnatdormiz. Ammo joriy, 2023 yildan boshlab, bog‘ning direktori o‘zgardi va ijaralarimiz keskin oshirildi. Ya’ni men shu kungacha 2.500.000 ming to‘layotgan hovli ustaxonam uchun bu yildan 15.800.000 ming so‘m qilib belgilandi.

O‘zi shundog‘am oldingi ijarani bir nechta hunarmandlar bilan bo‘lishib to‘layotgandik, narx oshgach sheriklarim chiqib ketishdi va menga faqat birinchi qavatning o‘ziga 7.600.000 ming narx berishdi. Men buni umuman to‘lay olmasligimni tushuntirsam bog‘da tadbirlar qilamiz, odam ko‘p keladi, savdo bo‘ladi, deb ishontirishdi va shartnomaga qo‘l qo‘ydim. Ammo o‘tgan oyda faqat Navro‘z bayrami kunlari tomoshabinlar ko‘p bo‘lishdi, savdo ham bo‘ldi, ammo amallab 5 mln. so‘m ijara haqini ziyonimdan to‘ladim. Bu yilgi ijara shartnomasiga 2 mart kuni qo‘l qo‘yganimga qaramasdan, mendan ijara haqini, yanvar, fevral, mart oylari qarzlari bilan to‘lashimni yoki ustaxonani bo‘shatishimni talab qilishdi. Vaholanki, yanvar va fevral uchun men eski narxda ijara haqini to‘lab bo‘lgan edim».

Shundan so‘ng Mohira Sultonova bu oy esa tabiiyki, ijarani to‘lolmasligini, hovlini bo‘shatishga majburligini direktorga og‘zaki ravishda bildiradi va o‘sha zahotiyoq ogohlantirishlarsiz hovlini elektr tarmoqdan uzib tashlashadi. Bog‘da xuddi shunday hovliday ustaxonalar 40 dan ortiq. Ammo yarmidan ko‘pi bo‘shab, qarovsizlikdan, chakka o‘tib mog‘orlagan, pollari, poydevorlari cho‘kib, devorlari yorilgan, ya’ni avariya holatida. Chunki ijara haqi hali qimmatlashmagan vaqtdayoq ko‘p ustalar ijarani to‘lolmay chiqib ketishadi. Endi narxlar oshgach, qolgan ustalar ham bog‘dan ketishmoqda ekan.

«Mening savolim shundaki, shaxsan O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan aynan biz hunarmandlarga qurib berilgan bu shaharchani nima sababdan bu holatga keltirishmoqda? Axir bog‘ mana shu hunarmandlarga ijaradan imtiyoz berishi uchun davlatimiz ham bog‘ni yer va mulk solig‘idan imtiyozli ozod qilganini bilamiz-ku? Nima uchun ular Prezident biz sababli ularga bergan imtiyozdan ko‘z yumishayapti? Nima uchun ijara narxini birdaniga 70-80 foizga oshirib yuborishdi? Bunga ularning haqqi bormi? Prezident hunarmand ustalarni qo‘llab-quvvatlashni targ‘ib qilib turganlarida, davlat tomonidan shuncha imtiyozlar berib qo‘yganlariga qaramasdan, bu yerdagilar bizni xuddi o‘zlarining shaxsiy hisobidan qurilgan bog‘dan haydagudek muomala qilishyapti?! Bizga yordam berish uchun bu muammoga yechim taklif qilgan bir nechta davlat tashkilotlari ham rad javobi olishdi», – deya ta’kidlaydi hunarmand.

«Biz kabi milliylikni targ‘ib qiluvchi, Prezident himoyasidagi tadbirkor-hunarmandlarga bunday munosabat qilishga ularning qonuniy huquqlari bormi?  Davlatimizdagi qonunchiligimiz taqdiri hal bo‘layotgan shunday tarixiy kunlarda Davlat rahbarining xalqchil siyosatiga nisbatan bunchalik keskin mensimaslik, hurmatsizlik munosabatini tushunolmadik. Shavkat Miromonovich, biz Navro‘z bog‘ida faoliyat olib borayotgan hunarmandlar Sizdan bizning shu muammoimizga munosabat bildirib, munosib yechim topishda yordam berishingizni iltimos qilamiz»,– deydi Mohira Sultonova murojaat yakunida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring