Navoiyda Bosh prokuror to‘lqinlanib ketdi...
Navoiy viloyatiga xizmat safari chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev «bir qop semirgani» aytilmoqda.
Nig‘matilla To‘lqinovichning to‘lqinlangani bejiz emas, demoqda «Xabar.uz» manbasi. Negaki, yillar davomida viloyat prokurori darajasiga yetgan shaxsning yanayam ko‘tarilib yoki boshqa viloyatga shunday lavozimga o‘tkazilgani o‘ta kamyob hodisaga aylangandi. Viloyat prokurorligiga (faqatgina Navoiy viloyati nazarda tutilayotgani yo‘q) tayinlanganlarning aksariyati ikki-uch yil o‘tmay oyog‘i yerdan uzilishi ortidan «urilib» ketgani sir emas. Tizimni «xalq prokuraturasiga» aylantirishga jiddu jahd qilinganidan keyin bunday holat, ko‘z tegmasin, kam uchramoqda. Endilikda bir hududdan boshqasi o‘tkazilayotgan mutaxassisni orqasidan «teskari alqab» emas, izzat-hurmat bilan kuzatish ko‘zga tashlanmoqda.
Navoiydan Sirdaryo viloyati prokurorligiga o‘tkazilgan Sh. Aminov bilan shunday bo‘ldi. Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov qonuniylikni ta’minlash, ayniqsa, sektor rahbari sifatida amalga oshirgan ishlari uchun unga quyuq minnatdorchilik bildirib, esdalik sovg‘aga ilova tariqasida yelkasiga to‘n yopdi, beliga qiyiq bog‘lab, boshiga do‘ppi qo‘ndirdi.
Ayni o‘sha tadbirda viloyatga yangi tayinlangan prokurorni tanishtirishga chog‘lanayotgan Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev xodimiga ko‘rsatilgan bunday e’tibordan to‘lqinlanib ketibdi.
Bosh qonun posbonini tushunish mumkin: shaxsni katta lavozimga tayinlar ekan, buning zamirida katta ishonchidan tashqari ozroq xavotiri ham bo‘ladi. Zero, prokurorlik xohlagan paytda «shartta ariza yozib ketvoradigan» lavozim emas-da.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter