Navbatdagi rekordga hozirlik! 5 tonna sumalak tayyorlanadi
Namangan shahrida Navro‘z bayrami tantanalari doirasida 2018-yil 20-21-mart kunlari birinchi bor tashkil etiladigan «Sumalak sayli» turizm va milliy qadriyatlar festivali davomida 5 tonnalik qozonda bahoriy ne’mat — sumalak tayyorlanadi.
Buncha miqdordagi sumalakni tayyorlash uchun ketadigan 2 tonna bug‘doy bugun ivitildi. Bug‘doydan tashqari, sumalakni tayyorlash uchun 2 tonna un, 1 tonna yog‘, 450 kg. zog‘ora uni, 50 kg. novvot ishlatiladi. Sumalakni tayyorlash 25 nafar mohir sumalak ustasi onaxonlar jalb etiladi. Ginnesning rekordlar kitobidan yana bir o‘zbek madaniyati voqeligi joy oladigan bo‘ldi.
Tayyorlangan sumalak barcha tashrif buyurgan mehmonlarga tortiq qilish bilan birga, qariyalar va mehribonlik uylariga, mahallalardagi kam ta’minlangan oilalarga tarqatiladi.
An’anaga aylanishi rejalashtirilgan holda Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilayotgan bu birinchi «Sumalak sayli» turizm va milliy qadriyatlar festivali Namangan shahar hokimligi tomonidan tashkil etilmoqda.
Festival mohiyatiga ko‘ra o‘zida bahoriy yangilanishga xos bayram shukuhi, o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari e’zozi, xayriyaparvarlik, barchaga shodlik ulashish kabi xususiyatlarni qamrab olgan ommaviy sayl sifatida namoyon bo‘ladi. «Sumalak sayli» turizm va milliy qadriyatlar festivali davomida shahardagi kam ta’minlangan oilalarning farzandlarining nikoh hamda xatna to‘ylari o‘tkaziladi.
Festival davomida turli konsert dasturlari, milliy xalq o‘yinlari bo‘lib o‘tadi, ishtirokchilar bahoriy milliy taomlardan bahramand bo‘lishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter