Namangandagi tuman nashrlari adadi keskin tushib ketgan
Bugun O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov Namangan viloyati axborot-kutubxona markazida sayyor qabul o‘tkazdi.
Agentlik saytida yozilishicha, qabulda viloyat bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, matbaachilar, kutubxonachilar, shuningdek, kitob do‘konlari tashkil etmoqchi bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi. Qabul davomida «Kosonsoynoma», «Yoshlar nigohi», «Shifokor va hayot», «Namangan sadosi» gazetalari vakillari A.Olimov, N.Niyozova, A.G‘oziyev, O.Jo‘rayev va boshqalar sohaning muammoli masalalari to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Jumladan, davlat mulkini xususiylashtirish «bahona»sida ko‘plab tuman va shahar hokimliklarining gazetalari tahririyatlari binolaridan mahrum bo‘lib, ularda turli xil noqulayliklar yuzaga kelgan.Hokimliklarning e’tiborsizligi sabab gazetalar adadi1000-2000 taga tushib qolgan. Masalan, Namangan tumanining «Istiqlol» gazetasi 1276 nusxada, Kosonsoy tumanining «Kosonsoynoma» gazetasi 1000 nusxada, Namangan shahrining «Namangan sadosi» gazetasi 1885 nusxada chop etilmoqda. Bundan tashqari, gazeta tahririyatlari pochta, matbuot tarqatuvchi idoralaridan obuna pulini olishda muammolarga duch kelmoqda. Oqibatda bosmaxonadan qarzdorlik ko‘paymoqda, ishchi-xodimlarning oylik ish haqlarini berishda uzilishlar paydo bo‘lmoqda.
Mazkur masalalar yuzasidan S.Shukurov tuman nashrlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga e’tibor berilishi, xususan, hukumatning tegishli hujjatiga asosan har bir tuman va shaharda Matbuot va axborot- kutubxona markazlari tashkil etilayotganini bildirdi. Joriy yilning may oyida respublikada birinchi bo‘lib 100 mingdan ortiq kitob fondiga ega Norin tumani matbuot va axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirilgani, unda kutubxona, kitob do‘koni bilan birgalikda «Norin ovozi» gazetasi tahririyati joylashtirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, 2018-2020-yillarda bunday markazlar respublikaning barcha tuman va shaharlarida barpo etilishi rejalashtirilganini aytib o‘tdi.
Qabul davomida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etish, qishloq aholisiga kutubxona xizmatini ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, jurnalist R.Irisov tashabbusi bilan Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Fayziobod» va «Yangi hayot» mahalla fuqarolar yig‘inlarida ikkita kutubxona tashkil etilgan. Ayni kunlarda Namangan shahridagi «Navro‘z» MFYda kutubxona ochilishi kutilmoqda.
Viloyatda kitob savdosini tashkil etish bilan bog‘liq bir qator muammolar ham mavjud. Sayyor qabulda 10 nafardan ortiq jismoniy shaxs, yuridik shaxslarning vakillari tomonidan shu kabi masalalar yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlanib, ularni hal etish yuzasidan Agentlik vakolati doirasida zarur choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter