«Nahotki, menga pasport berishadi»
Hayotda har kim o‘z o‘rni, munosib yashash sharoiti, oilasi, sevgan kasbi, ijtimoiy kafolatlanganlik, qolaversa, tinchligi, huquq va erkinliklarini mustahkam himoya qiladigan Vatani bilan baxtli. Ushbu ne’matlarning barqarorligini ta’minlab, muhrlab qo‘ygan hayot kitobi – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidir.
So‘nggi yillarda qancha-qancha odamlar «O‘zbekiston fuqarosi» degan sharafga erishdilar. Shunday paytda quvonch yoshlari yuzini yuvgan, fuqarolik guvohnomasini ko‘ziga surtib, shukronalar keltirgan yurtdoshlarimizni ko‘p ko‘rdim.
Odatda imkoniyati cheklangan insonlarni qalbi o‘ksik deya ardoqlashga harakat qilamiz. Fuqarolikka yetish orzusidagi ko‘ngli kemtik insonlar ham nihoyat vatan e’tiboriga, ardog‘iga muyassar bo‘lishyapti, buni e’tirof etmay bo‘ladimi?!
Shu ma’noda har yili bayram arafalarida, ayniqsa, Konstitutsiya kunidagi shirin orzular, kutishlar, intiqliklarni uni boshidan kechirgan insonlargina biladi. Aytishlaricha, bir ko‘ngilni obod aylamoq – Muborak Haj ziyoratini ado etmoqlik bilan barobar ekan.
Shu kunlarda yana shunday mutaassir damlarga guvoh bo‘ldik. Poytaxtimizning Yunusobod tumani pasport bo‘limiga chaqirilgan bir guruh fuqaroligi yo‘q shaxslar orasida turib ular so‘zlariga quloq tutdik: «Ishonasizmi, kutilmaganda qo‘ng‘iroq qilib, «pasport bo‘limi»ga kelib keting, deyishganida yuragim qalqib ketdi. Nahotki, menga pasport berishadi, deb ko‘zimdan yosh chiqdi...». «Voy, nimasini aytasiz, Konstitutsiya kunida albatta quvonchli xabar eshitaman deb ishongan edim, shu ishni boshida turganlar dunyo turguncha turishsin!»
Shunday ezgu tilaklar mening ham xayolimdan o‘tganini inkor etolmayman. Zero, men ham chorak asrdan buyon shu orzu-istaklar ro‘yobini kutib yurganlardan biriman. Darhaqiqat, navbatda turganlar nigohida quvonch, baxtiyorlik, minnatdorlik ifodalari mujassam: kimdir bayramda, kimdir Yangi yilgacha olar ekanmiz pasportimizni, deya entikib, shodligini yashirolmaydi.
Alhol, Vataning panohida, jamiyat ardog‘ida yashashning, O‘zbekiston fuqarosi degan sharafga munosib bo‘lishning ulug‘ ne’mat ekanini idrok eta olish baxti har kimga nasib etsin deymiz.
S.Rixsiyeva,
«Madaniyat» gazetasi muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter