Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Murod Muhammad Do‘st: «Mavzu mag‘zavaga aylansa, mohiyat ko‘pik tagida qoladi...»

Murod Muhammad Do‘st: «Mavzu mag‘zavaga aylansa, mohiyat ko‘pik tagida qoladi...»

Foto:«Turon24.uz»

Rus tiliga  rasmiy til maqom berish haqidagi taklif jamiyatda ko‘plab bahs-manozaralar keltirib chiqarayotgani bor gap. Aytilayotgan gaplar, bildirilayotgan fikrlarda tanqidiy  ohang ustuvor bo‘layotgani-da bor gap.  Ayni jarayonning tomoshabini emas, faol ishtirokchisi bo‘layotgan taniqli adib   Murod Muhammad Do‘st  Feysbukdagi sahifasidan navbatdagi postini e’lon qildi:

«Rus tiliga yuksak maqom so‘ragan yurtdoshlarimiz o‘zlari bilmagan va mutlaqo istamagan holda xayrli bir ish qildilarki, millat kelajagini o‘ylagan odamlar o‘zaro birlashib, baralla sas berdilar va bu sas jamiyatning barcha qatlamlariga borib yetdi.

Irsiyan faol bo‘la turib, ikki kun tugal tepadan «vahiy» kutib azob chekkan so‘zamol «suvoriy»larimiz ham nihoyat gurziyu garonini ko‘tarib maydonga chiqdi. Endi ko‘rasizki, gazetu internetda, radiyolu televizorda milliy til himoyasiga bel bog‘lagan shovvozlarning kimo‘zar o‘yini boshlanadi. G‘ayrat otiga qamchi bosayotgan poygachilarga qarab turib, nima qilishingni ham bilmaysan: kulib yig‘lash kerakmi yoinki – yig‘lab kulish?..

Mashhur xatga imzo chekkan yoki og‘zaki rag‘bat ko‘rsatgan kishilarni tavbasiga tayantirish, el aro sazoyi qilish shart emas. Biz ularning kimligini yaxshi bilamiz, armonlarini ham tushunamiz.. Ulardan boshpurtlarini tortib olib, o‘zlarini yurtdan badarg‘a qilishni talab qilayotgan g‘azabnok vatandoshlarimizni ham yaxshi tushunamiz, tushunish asnosida azbaroyi o‘tinib so‘raymizki, bosiqroq va kengroq bo‘laylik, birodarlar, imzokashlarga pishang bergan kuchlar bizdan ayni shu javobni kutib, «Dod! Rusiyzabonlar huquqlari toptalmoqda!», deya ayyuhannos solishga shay turgan bo‘lishi ham mumkin.

Umuman, til masalasini uloq qilib chopishga hojat yo‘q. Mavzu mag‘zavaga aylansa, mohiyat ko‘pik tagida yo‘qolishi muqarrar.

Milliy tilimizning ayanchli ahvolini xalq ham, hukumat ham juda yaxshi biladi. Odamlar turli minbarlardan yangragan va bugun internet va turli tok-shoularda yanada balandroq avjlarda yangrayotgan ash’orbozlikka, da’vatu shiorlarga to‘yib bo‘ldi, ortiq ishonmaydi.

«Quruq qoshiq og‘iz yirtadi», degan hikmat bor.

Senat g‘aladonida dimiqib yotgan jo‘yali takliflarning changini qoqib, zudlik bilan yangi islohdagi lotin alifbosiga o‘tish va uni barcha jabhalarda joriy etish fursati yetdi.

O‘ttiz yildirki kuchga kirmagan til haqidagi pajmurda qonunni qayta tiriltirib, yangi, kengaytirilgan tahrirda parlament tasdig‘idan o‘tkazish va uning barcha jabhalarda so‘zsiz amal qilishini ta’minlash fursati yetdi.

Mamlakat rahbariyatida shunga yarasha siyosiy iroda topiladi, deb ishongimiz keladi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring