Muftiy Usmonxon Alimovning vasiyati nima edi?
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ish boshqaruvchisi Rustam hoji Jamilov marhum muftiy Usmonxon Alimovning vasiyatini ado etgani haqida yozdi.
«Hazratimiz Usmonxon Alimov rahimahulloh muftiylik lavozimida boshqalardan ko‘ra eng uzoq muddat faoliyat yuritdilar, desak, xato bo‘lmaydi. U kishi 15 yil davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasida din yo‘lida xizmat qildilar.
Biz ko‘p safarlarda birga bo‘ldik. Hazrat kim bilan qanday muomala qilishni bilardilar, zamonaviy til bilan aytganda, aqlli diplomat edilar. Dunyo sahnalaridagi nutqlari ham g‘oyat tushunarli, chiroyli edi. Bir so‘z bilan aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning munosib avlodlari edilar. U kishining xatti-harakatlarida go‘zal payg‘ambarona xulqni ko‘rardingiz.
Muftiylik faoliyatlari davomida hazratning rahbarliklari ostida ko‘pgina xayrli ishlarni birgalikda amalga oshirdik. Jumladan, eng avvalo masjidlar obod bo‘ldi, bunda tahoratxonalarga alohida e’tibor qaratildi, yangi-yangi masjidlar bino qilindi. Yana ko‘plab ma’rifiy, diniy, tarbiyaviy ruhdagi kitoblarni chop etdik. Xususan, u kishining qalamlariga mansub bo‘lgan “Tafsiri Irfon” kitobini alohida tilga olish zarur. Yo bo‘lmasa, Qur’on musobaqalarining keng ko‘lamda, omma ichida o‘tkazilganini ham ta’kidlash joiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘zini-o‘zi boqsin, birovga qaram bo‘lmasin, degan maqsadda Qibray tumanida yordamchi xo‘jalik yerlarini obod qilish, issiqxonalar qilish, poliz ekinlarini yetishtirish, otxonalar va boshqa chorva fermalari, tikuv sexlari kabi ishlab chiqarishlarni hazratning tashabbuslari bilan amalga oshirdik. Idora binosi ham qayta ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Xususan, Diniy idora nashriyoti qoshida “Shamsuddinxon Boboxonov” nomli bosmaxonani tashkil qilish muftiy hazratlarining katta niyatlari bo‘lgan edi. “Bolam, shu bosmaxona tezroq ishga tushsa, u yerda mushaflar va boshqa diniy kitoblar chop etilganini ko‘rsam”, degandilar. Mana, Allohga shukr, bu xayrli ishimizni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar.
Hazrat avliyo inson edilar. Oxirgi yillarda mo‘ljallagan ishlarimizni tez-tez bitirishimizni istardilar. “Meni yaqinda topolmay qolasizlar. Shuning uchun xayrli rejalarimizni tezroq amalga oshiraylik”, deb ta’kidlardilar...
O‘zlari tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Eshoni Temirxon To‘ra” jome masjidini qayta ta’mirlab, yonidagi qabristonni ham obod qilganimizdan so‘ng meni yonlariga chaqirdilar. O‘shanda dadalarining qabrlari oldidagi joyni ko‘rsatib: “Bolam, meni vaqti kelib shu yerga dafn etinglar. Bu senga vasiyatim”, deb tayinlagandilar.
Ha, hammasini sezgan ekanlar. Shu masjidni ta’mirlayotganimizda ham “Tez-tez ishni tugatinglar”, deganlari hamon qulog‘imda. Betob bo‘lganlarida yonlarida turib, vafotlaridan so‘ng u kishini olib kelib, o‘zlari ko‘rsatgan yerga, ya’ni dadalarining yonlariga dafn etdik – vasiyatlarini bajardik, alhamdulilloh.
Hazrat bilan boshlab qo‘ygan yana talaygina xayrli ishlarimiz bor. Xudo xohlasa, ularni bekamu ko‘st bajarishga, oxiriga yetkazib, ruhlarini shod etishga harakat qilaman.
Alloh taolo hazratimizni rahmatlarga burkasin. Qilgan xayrli, ezgu ishlarining ajrlarini o‘zlariga hamroh qilsin. O‘zi hammamizdan rozi bo‘lsin, dinining yo‘lida xizmatlarimizni davomli etsin. Omin!», dedi Rustam hoji Jamilov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter