Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu urushda qatnashish shar’an harom!» — Mubashshir Ahmad

«Bu urushda qatnashish shar’an harom!» — Mubashshir Ahmad

Foto: «Xabar.uz»

Kuni kecha Rossiya davlat Dumasi urushda Rossiya qo‘shini safida bir yil urushgan chet elliklarni mamlakat vatandoshligiga qabul qilishi to‘g‘risida qonunni qabul qildi. Shundoq ham rus armiyasi saflariga yollanayotgan vatandoshlarimiz soni bu qonundan keyin yanada oshishi kutilmoqda, deb yozadi Mubashshir Ahmad.

Bu haqda huquqshunoslarimiz chet davlat armiyasiga vatandoshlarimizning yollanishi jinoyat ekanini aytishdi. Xo‘sh, islom shariati bu holatga qanday qaraydi? Qanday hukmlar beradi? Shuni qisqa ko‘rib chiqsak:

Agar musulmon bo‘lmagan mamlakat bilan g‘ayridin boshqa davlat o‘rtasida urush bo‘lsa, musulmon kishi bunday urushda qatnashishi joiz bo‘lmaydi. Bu hanafiy, molikiy, shofi’iy va hanbaliylardan iborat jumhur fuqahoning mazhabidir.

Imom Muhammad «As-sayrul-kabiyr»da aytadilar: «Musulmonlar shirk ahli bilan boshqa shirk ahliga qarshi urushmog‘i joiz emas. Chunki ikki toifa ham shayton hizbidandir. Shayton hizbi esa ziyonkorlardandir. Shunday ekan musulmon kishi ikki toifadan biriga qo‘shilib, ularning sanog‘ini ko‘paytirib, ular himoyasi uchun urushmaydi. Chunki shirkning hukmi aniq-zohirdir. Musulmon haq nusrati uchun urushadi, shirk hukmini g‘olib qilish uchun emas» («Sharhus sayril kabir», 4/1515).

Musulmon kishi g‘ayridin boshchiligida urushga kirish aslo joiz emas. Alloh taolo aytadi: «Alloh hargiz kofirlarga mo‘minlar ustidan yo‘l bermas» («Niso» surasi, 141-oyat).

G‘ayridin qo‘mondon boshchiligida urushga kirish, mo‘minning ustida kofirga yo‘l berish bo‘lib qoladi.

Bu hukm musulmonning oddiy hollarda g‘ayridinlar safida urushga kirishi hukmi. Ammo musulmon kishi zarurat yuzasidan bunday urushlarga qatnashishi kerak bo‘lsa, u holda hukm o‘zgaradi:

1) Musulmon g‘ayridinlar safida g‘ayridinga qarshi urushishga majbur bo‘lsa, agar urushdan bosh tortsa, o‘ldirilsa, u holda qatnashishi joiz.

2) Asirga tushish, tahqirlanish xavfi bo‘lganda bunday ishlardan omonda bo‘lish maqsadida bunday urushga kirish mumkin.

3) Musulmonlar qarshi g‘ayridinlarning zulmidan ozod bo‘lishi va bir safda bo‘lgan qo‘mondonlari ularning huquqlarini berib, hurmat qilishi aniq bo‘lsa, bu holda ham urushishlari joiz.

Aytilgan hukmlardan ma’lum bo‘lyaptiki, bizning o‘zbek-musulmon vatandoshlarimiz rus qo‘shinlari safida jang qilishi, nafaqat jinoyat, balki shar’an harom bo‘lgan amal hamdir. Chunki ular yuqorida zikr qilingan uch holatning birortasiga ham doxil emasdirlar, deya qayd etadi Mubashshir Ahmad.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Bosh prokuratura,  O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ogohlantirish bilan chiqishgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qildi.

Bunga qadar Rossiyadagi huquqshunos migrantlarni ham harbiy xizmatga yollash boshlangani va buning oqibatlari haqida ogohlantirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring