Prezident kardiologiya sohasidagi kamchiliklarni sanab o‘tdi. Muammo ko‘p
Ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida aholi salomatligini ta’minlashdagi eng muhim sohalardan biri bo‘lgan kardiologiya yo‘nalishi masalalariga qaratilgan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda. Davlat rahbari mazkur yo‘nalishda kamchiliklarni sanab, ularni bartaraf qilish bo‘yicha mas’ullarga bir qator topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda keltirilishicha:
- 30-70 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘lim holatlarining 53 foizi hanuzgacha yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda (dunyoda 31 foiz);
- so‘nggi besh yilda yurak-qon tomir kasalliklari 20 foizga (330 ming nafar), hatto yoshlar orasida ham ko‘paygan;
- 40 yoshdan yuqori aholining 20-25 foizida gipertoniya alomatlari mavjud bo‘lib, rasmiy kasallar sonidan 4-5 barobar yuqori;
- respublika bo‘yicha 4 millionga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bo‘lib, umumiy aholining 12 foizini tashkil etadi.
Hududlar kesimida olinsa:
- bunday kasalliklarga chalingan aholi soni Namanganda – 18 foiz (450 ming nafar), Farg‘onada – 17 foiz (600 ming), Buxoroda – 14 foiz (230 ming), Qashqadaryoda – 13 foiz (470 ming) tashkil etib, respublika ko‘rsatkichidan yuqori;
- Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yurak-qon tomir kasalliklarining og‘ir asoratlari, qolgan hududlarga nisbatan baland;
- Kardiologiya markazining Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi filiallarda angiografiya uskunasi bo‘lmagani bois, stendlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida, ushbu hududlardan respublika markazlariga 1,5 ming nafar bemor murojaat qilgan.
«Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Agar birlamchi bo‘g‘inda kasalliklar va ushbu kasalliklarga moyilligi bor aholini aniqlash ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, mazkur raqamlar ancha ko‘proq bo‘ladi, bu ham haqiqat», — dedi prezident.
Yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va oldini olish maqsadida:
- kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi (10 million nafar) oilaviy poliklinika va tibbiy brigadalar orqali, yiliga kamida bir marta manzilli skiringdan o‘tkaziladi;
- tuman laboratoriyalari koagulometr va zarur reaktivlar bilan ta’minlanadi;
- yurak-qon tomir kasalliklar aniqlangan aholining yagona elektron reyestri yuritiladi;
- yurak-qon tomir kasalliklari uchun enalapril kabi dorilar doimiy ravishda 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga bepul tarqatiladi;
- tuman hokimlari har bir mahallada “gipertoniya salomatlik maktablari”ni tashkil etadi.
- oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda hamshiralarning vazifalari ham qayta ko‘rib chiqilib, ularning funksiyalari kengaytiriladi.
Bu maqsadlar uchun, kelgusi yilda har bir tumanga 350 million so‘mdan, jami 70 milliard so‘m ajratiladi.
Umuman, birlamchi bo‘g‘inga dori va tibbiy buyumlar uchun kelgusi yilda budjetdan 580 milliard so‘m beriladi (bu – joriy yil xarajatlaridan 3 barobar ko‘p). Shuningdek, sohadagi shifokorlar va hamshiralar ham mazkur yo‘nalish bo‘yicha qayta o‘qitiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter