Muallifni qamatgan maqola

Bu maqola o‘z davrida katta jasorat namunasi bo‘ldi. Ammo uning muallifiga ulkan jur’ati qimmatga tushib, jabr ko‘rdi va qamoqqa olindi. Shu bilan birga, matbuotning jilovlanishiga sababchi bo‘ldi…
Ma’lumki, Abdulla Qodiriy – Julqunboy nafaqat ulug‘ adib, ayni paytda o‘tkir hajvchi, tanqidchi jurnalist ham bo‘lgan. Xususan, «Mushtum» jurnalining 1926-yilgi 27-sonida uning jamiyatdagi salbiy illatlarni fosh etib yozgan «Yig‘indi gaplar» nomli maqolasi o‘sha davr rahbarlarini ancha cho‘chitib qo‘ygan. Maqolada Julqunboyning respublikadagi vaziyatga munosabati, jumladan, Yo‘ldosh Oxunboboyev va Akmal Ikromovlar fikriga e’tirozlari aks etgan bo‘lib, shunday jumlalar bor edi:
«Men senga aytsam, o‘zbekning ishchisi, dehqoni, maorifi, madaniyati, iqtisodi, shaltoy-baltoyi, xullas, barchasi uxlaydi. Ammo o‘choqboshining holi-topg‘oni olaqarg‘alar bo‘lsa, xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilyapti!..
...Kechagi kun gazetda Oxunboboyevdek bitta sarkoringdan ham fe’lim ayniyozdi...
...Yer islohoti munosabati bilan O‘zbekistonda boshqa islohotlar yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘pdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, muharrrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarga axloq va kiyim, xotunlarga jabr, zulm, domlalarg‘a din va salla...»
Xullas, Julqunboyning shu singari fikrlari sho‘ro mafkuraviy siyosatbozlarini cho‘chitib yubordi. Ushbu maqolasi uchun esa Julqunboy uch oyu o‘n kun hibsda saqlab turildi.
14–16-iyun kunlari respublika oliy sudi Julqunboyni Jinoyat kodeksining 73-moddasi asosida ayblab, ikki yilga ozodlikdan mahrum etdi. Mahbusning adabiy muhitda, xalq orasida, xorijda katta obro‘-e’tiborga egaligi, qolaversa, aybi yetarlicha isbotlanmaganligi uchun ozod qilindi.
Birlashgan davlat siyosiy boshqarmaning O‘rta Osiyodagi muxtor vakolatxonasi xodimlari Julqunboyning maqolasini shunday baholagandilar:
«Maqola O‘zbekiston kompartiyasi va hukumatini uning ayrim rahbarlari siymosida obro‘sizlantirishga qaratilgan. Ayni paytda maqolada kommunistik partiya va sovet hukumatining O‘zbekistonda olib borgan muhim tadbirlari masxara va tanqid qilingan.Maqola muallif tomonidan ochiqdan ochiq aksilinqilobiy maqsadda tayyorlangan va keng tarqatilgan».
Qarangki, «Yig‘indi gaplar» maqolasi atrofidagi vahimayu shov-shuvlar endigina tinchib, sukunat bo‘lib turgan paytda matbuotda xuddi yuqoridagi kabi yana bir «aksilinqilobiy maqola» chop etiladi.
Buloq taxallusli, xorazmlik Matkarim Xudoyberganov ismli yosh jurnalist «Yer yuzi» jurnalining 1927-yil 26-sentyabr sonining 5-sahifasida «Xorazm hunarmandlari» maqolasini nashr qildiradi. Muallif unda hunarmandlarning og‘ir hayotini yoritib, o‘z davrini xonlik payti bilan taqqoslab, shunday yozgan edi:
«Xon zamonida kustar (hunarmand ma’nosida – U.B.) kasabalarning tepasida «Kalontar» turar edi. Kalontar xon tomonidan tayin qilinganlikdan to‘ra qatorida hisoblanar edi. Inqilob keldi, lekin Xorazmni ancha o‘zgartira olmadi. Kalontar o‘rniga «vakillar» saylandi. Kasabalar kasaba soyuziga aylandi. Ammo ikki yuz yildan beri o‘rnashib kelgan tartib burung‘icha qoldi».
Muallif maqolasida yozgan «inqilob keldi, lekin o‘zgarish bo‘lmadi» degan xulosasi ham o‘z davrida jasorat edi va bunday fikrlar «aksilinqilobiy «hisoblanardi. Buloq «vohada bitta ham zavod yo‘qki, kustarlarni mukammal ixtisoslarga o‘rgatsa, bittagina maktab yoki kurs yo‘q. Faqat qo‘l yoki oyoq kuchi bilan Xorazm kustarlari har qanday narsalarni: kiyim, uy-ro‘zg‘or, ovqat ashyolarini ishlab chiqaradurlar. Ota-bobolari qanday ishlagan bo‘lsa, shularning avlodi ham «ota kasbi», degandek. Necha yuz yillik eski aravani tortib kelmoqdalar», deya inqilobdan keyingi hayot haqida xulosa chiqargan edi. Ya’ni, muallif fikricha, «inqilob kelgani bilan eski hammom – eski tos».
Maqola chop etilgach, sho‘ro harbiy siyosiy ma’muriyati muallifni jazolagan bilan bu xildagi chiqishlarni to‘xtatib bo‘lmasligini anglab, endi matbuotni jilovlash, ma’lum bir qolipga solishga qaror qildi.
1927-yil Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zkompartiyaning V plenumi tomonidan chiqarilgan qarorda «matbuot bo‘limiga rahbarlik ishini kuchaytirish, xususan, muharrirlar faoliyatini malakali xodimlar hisobiga kengaytirish choralarini ko‘rish topshirilsin! Gazetalarning tarbiya-targ‘ibot ishlarida borgan sari katta rol o‘ynashi, biroq ularga pirqaviy rahbarlikning yetarli darajada bo‘lmaganligini tanqid qilish bilan barobar, matbuot sho‘’basiga va mahalliy pirqa tashkilotlari bilan birga devoriy gazetalarning ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yish, xususan, ularni mumkin qadar ko‘proq kommunistlar ta’siriga olish to‘g‘risida birmuncha choralar ishlab chiqarilsin» , deyiladi («Plenum materiallari», Samarqand, 1927- yil, 55-bet).
Oradan bir yil o‘tib, 1928 yilda nashr etilgan N.Qodirovning «O‘zbekiston matbuotining galdagi vazifalari» kitobida ham matbuotni jilovlash, xususan, uni siyosiylashtirilgan holda kommunistlar qolipiga solish bo‘yicha vazifalar belgilab olingan». Matbuotimizning galdagi vazifalari6 siyosat bobida kommunistlar pirqasining va kengashlar hukumatining tutgan yo‘l va qoidalarini mustahkamlash yo‘lida hech charchamasdan ishlash, bu ishga ko‘mak berish, ishchilar sinfi bilan dehqonlarning ittifoqini mustahkamlash yo‘lida to‘xtamasdan ishlab, bu ittifoqning susayib qolishiga yoxud kesilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaslik zarurdir. Ishchilar bilan dehqonlar o‘rtasidagi ittifoqning mustahkamlanishi juda muhim siyosiy bir masaladir» deyiladi N.Qodirovning yuqorida qayd etilgan kitobining 13-betida.
Xullas, katta qiyinchilik va begunoh insonlar qoni evaziga bo‘y ko‘rsatayotgan sho‘ro harbiy siyosiy ma’muriyati o‘zbek matbuotini jilovlash va qolipiga solishga 1927-yildan qat’iy kirishgan. Bu qolip esa shu qadar mustahkam ediki, uni keyinchalik Julqunboy va Buloqdek hech bir jurnalist yorib chiqolmadi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter