Mol so‘yish, kalla-pocha tozalashdan yuqadigan xavfli kasallik
Dunyoning ko‘pgina davlatlarida, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari qatori O‘zbekistonimizda ham har yili yoz-kuz oylarida kuydirgi kasalligi qayd etilib turadi.
Kuydirgi hayvonlardan odamlarga yuqadigan, asosan o‘ziga xos yara (karbunkul), kamdan-kam hollarda esa o‘pka va ichak shakllarida namoyon bo‘ladigan hayvonlar va odamlarda uchraydigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Ushbu kasallikning teri, o‘pka va ichak shakllari uchraydi, og‘ir hollarda septik turiga ham aylanishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigan teri shakli o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilsa, tuzalib ketadi.
Kasallikni «kuydirgi tayoqchalari» deb nomlanadigan bakteriyalar keltirib chiqaradi. Kuydirgi kasalligi hayvonlardan hayvonlarga, hayvonlardan odamlarga yuqadi, biroq kasallik odamdan odamga va odamdan hayvonlarga yuqishi aniqlanmagan.
Kuydirgi kasalligi odamlarga shu kasallikka chalingan hayvonlarni so‘yish, terisini shilish, go‘shtini maydalash, oshqozon-ichaklari va kalla-pochasini tozalashda, shuningdek, kasallangan hayvonlarni parvarishlash jarayonlarida, yetarli termik ishlov berilmagan go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida yuqadi. Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlovchilar va ovchilar ko‘proq kasallanadilar.
Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 14 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi.
Kasallik belgilari:
Teriga tushgan kuydirgi tayoqchasi dastlab terida qichishish va qizil dog‘ hosil qiladi. Dog‘ tugunchaga aylanib, bir necha soat ichida pufakcha hosil bo‘ladi. Doimiy qichishish oqibatida pufakcha yorilib, ichidan suyuqlik ajraladi (sachragan suyuqlik yangi pufakchalarni hosil qiladi). Yorilgan pufakcha o‘rnida qora rangli o‘zidan zardobli suyuqlik ajratib turuvchi, atrofi shishib ko‘tarilgan yara hosil bo‘ladi. Shu vaqtga kelib, yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari ham kattalashadi. Uning eng xarakterli belgisi yaralar og‘riqsiz bo‘ladi. Yara hosil bo‘lishi bilan tana harorati ko‘tariladi. Bemorning eti uvushadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi, holsizlanadi. O‘pka shaklida qon qusadi, ichak shaklida esa ich ketishi qon bilan kuzatilib, bu holat 5 — 7 kun davom etadi.
Yuqoridagi belgilar kuzatilganda tezda shifokorga murojaat qilish lozim!
Kuydirgi kasalligining oldini olishda quyidagi chora-tadbirlarga amal qilish kerak:
— qishloq xo‘jalik hayvonlarini davriy veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib turish;
— molxonalarda veterinariya-sanitariya qoidalariga qattiq rioya etish;
— hayvonlarni veterinariya nazoratisiz so‘ymaslik va go‘shtini aholiga tarqatmaslik;
— kuydirgi bilan kasallangan hayvon go‘shtini dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish;
— kasal hayvonlar yotgan joylarni 2 foiz formalin, 20 foiz xlorli ohak eritmasi va boshqa vositalar bilan dezinfeksiya qilish, o‘lganlarni esa 2-2,5 metr chuqur qilib, ustiga 10 sm qalinlikda ohak solib ko‘mish yoki yoqib yuborish;
— kuydirgi yarasiga ishlatilgan vositalarni dezinfeksiya qilish, o‘rin-ko‘rpalarni dezkameradan o‘tkazish;
— chorvachilik, go‘sht kombinati, teri va qorako‘l zavodi ishchilari, veterinarlar, laboratoriya xodimlarini kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish;
— go‘sht sut mahsulotlari bilan ishlashda e’tiborli bo‘lish, pichoqlar va taxtaychalarni alohida bo‘lishiga qat’iy rioya etish talab etiladi.
Kuydirgi xastaligini oldini olishda sanitariya-profilaktika ishlarini kuchaytirish muhim vazifadir. Ya’ni qishloqlar, maktablar, chorvachilik korxonalari, ovqatlanish shoxobchalari, suv havzalarida kasallik kelib chiqishining oldini olish chora-tadbirlarini, shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilishning ahamiyatini aholiga tushuntirish o‘ta muhimdir.
Hozirgi kunda O‘zbekiston bilan chegaradosh qo‘shni davlatlarda ham kuydirgi bo‘yicha vaziyat yaxshi emas. Ammo chegara hududlarimizning epizootik-epidemik xavfsizligini ta’minlashda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning joylardagi mutasaddi tashkilotlari mutaxassislari qat’iy chora-tadbirlarini amalga oshirishmoqda.
Azizbek Nishonov,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mutaxassisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter