«Milliy tiklanish» partiyasi jurnalist e’tirozlariga raddiya berdi
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida «Milliy tiklanish» partiyasi saylovoldi va’dasini qachon bajaradi?» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Bugun tahririyatga ana shu materialda ko‘tarilgan fikrlarga nisbatan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan munosabat keldi. Quyida matnning asliyatini saqlagan holda e’tiboringizga havola qilamiz.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida jurnalist Vohid Luqmon «Milliy tiklanish» partiyasi saylovoldi va’dasini qachon bajaradi?» sarlavhali maqolasida lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha shaxsiy fikr-mulohazalarini bildirishga harakat qilgan.
Muallifning fikricha, ona tilimiz bilan bog‘liq mazkur jarayonda siyosiy partiyalar, xususan, o‘z saylovoldi Platformasida davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirishga ko‘maklashish vazifasini belgilab olgan O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi go‘yo «jim» turgan emish. To‘g‘ri, partiya saylovoldi Platformasida davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirishga, til madaniyatini, o‘zaro muomala sifatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, ommaviy muomalada o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalarining buzilishini oldini oladigan aniq maqsadli ishlarni olib borish maqsadi ilgari surilgan. Bundan aslo ko‘z yummaymiz. Lekin muallif o‘z maqolasida partiyaning bu boradagi sa’y-harakatlari, amaliy ishlaridan xabari yo‘qligini bildirib qo‘ygan. Qolaversa, ona tilimiz sofligini saqlash, uni boyitish, lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi bo‘yicha bir to‘xtamga kelish bir partiyaning sa’y-harakati va ishtiroki bilan hal bo‘ladigan masala emasligini, naxotki bilmasa. Ammo shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining bu boradagi dasturiy vazifalari asosida amalga oshirayotgan ishlaridan maqola muallifini boxabar qilishni o‘z vazifamiz, deb bildik.
Partiya ona tilimiz bilan bog‘liq vazifalarni bajarishdagi ishlarni uch yo‘nalishda tashkil etib kelmoqda. Birinchidan, til haqida qabul qilingan qonunlar ustidan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish ishlari tobora qat’iylik kasb etmoqda. Ikkinchidan, o‘zbek tilini asrab-avaylash va uni keng targ‘ib etish borasida targ‘ibot, tashviqot ishlari amaliy harakatlarga ko‘chmoqda. Uchinchidan, sohada mavjud muammolarni tadqiq etish borasidagi ishlarda ilmiy muassasalar va tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Tug‘ri, muallif maqolada kamtarlik bilan «bugun deputatlarimiz faoliyatida bir oz jonlanish sezilayotgan»ini tan oladi. Lekin bugungi va ikki-uch yil oldingi deputatlar faoliyatini taqqoslasak, bu borada qator amaliy natijalarga erishilayotgani, bu o‘zgarishlarni xalqimiz o‘z kundalik hayotida sezayotganini aytmaslik, insofdan emas.
Xususan, partiyadan saylangan barcha darajadagi deputatlar partiya saylovoldi Platformasi ijrosini ta’minlashga, elektoratni qiziqtirayotgan masalalarni hal etishga intilmoqda. Jumladan, til masalasi partiya fraksiyasi va mahalliy Kengash deputatlarining doimiy diqqat markazida. Bu borada xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan saylangan deputatlar jamoat joylari, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalariga amal qilinishi holati, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunlarining ijrosi, bu boradagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish yuzasidan deputatlik nazorati o‘rnatgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, respublikamizning tuman va shaharlarida faoliyat yurituvchi bir qator korxona, muassasa va tashkilotlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi savdo do‘konlari va boshqa tashkilotlarda o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalarining qo‘pol tarzda buzilish holatlari aniqlangan.
Birgina 2016-2017-yillarda xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi guruhlari 44 Kengash sessiyalariga «Ommaviy jamoat joylari, OAVda o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalariga amal qilinish holati to‘g‘risida»gi masala kiritgan. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan bir qator mansabdor shaxslarning eshituvi tashkil etilgan. Sessiyada ko‘tarilgan masalalar yuzasidan Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi vazirliklari, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari, shuningdek, shahar va tuman hokimlariga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, tashkilot, muassasalar, mehnat jamoalari rahbarlarining mas’uliyati oshirilgan. Ayni kunda mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz o‘z saylov okruglarida sessiyalarda til masalasiga oid qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilib kelmoqda.
Mahalliy Kengashlar sessiyalarida ushbu yo‘nalishda qabul qilingan qarorlar ijrosi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasida ham qizg‘in muhokama etilmoqda. Fraksiyamiz hamda mahalliy Kengash deputatlari bilan o‘zbek tili qoida va me’yorlarini buzilishini oldini olish bo‘yicha bir necha bor yig‘ilishlar o‘tkazildi.
Maqolada muallif «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida «O‘zbek tili jonkuyarlari» guruhi tashkil etilgani va bu guruh til masalalarini qizg‘in muhokama qilayotganini qayd etib, bu masalalar, «O‘zbek tili jonkuyarlari» guruhi a’zolaridan tashqari, kimnidir qiziqtiryaptimi?», deb savol qo‘yadi.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi bu masalaga nafaqat qiziqib, balki doimiy ravishda e’tibor qaratib keladi. Shu maqsadda soha mutaxassislari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 2017-yilning 15-sentabr kuni O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida «Davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirish, til madaniyatini yuksaltirishning dolzarb masalalari» mavzuida ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqotda o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari buzilishining oldini olish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Memorandumda til haqidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan samarali jamoatchilik va parlament nazoratini o‘rnatish, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, bu boradagi huquqiy targ‘ibot ishlarini zamon talablari asosida tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Ushbu chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy muloqot va davra suhbatlari tashkil etilmoqda, mutaxassislarning takliflari o‘rganilmoqda. Masalan, partiya Markaziy kengashi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida o‘tkazilgan «O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari» mavzusidagi respublika konferensiyasi shular jumlasidandir.
Shuningdek, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashida partiya faollari, fraksiya a’zolari, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida «Davlat tili haqida»gi Qonunning amaldagi ijrosi holati, Qonunni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Til, yozuv bilan bog‘liq muammolar, ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida mazkur masalalar bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, chora-tadbirlar belgilandi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi ishchi guruhning lotin alifbosi yuzasidan dastlabki xulosalari internetda e’lon qilindi. Bu bo‘yicha ishchi guruhga ko‘plab mulohazalar bildirilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarining ko‘p sonli professor-o‘qituvchilari va talabalari so‘roviga ko‘ra, Respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida «Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili)» va «O‘zbek tili va adabiyoti» ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar va mutaxassislar ishtirokida «Zamonaviy o‘zbek yozuvining dolzarb muammolari» mavzusida videodars tashkil etildi.
Videodars davomida Respublikamizning shahar va ko‘chalaridagi turli tillarda yozilgan yozuvlar, SMS yozishmalari, ulardagi xatoliklar, alifboga o‘zgartirishlar kiritish yoki kiritmaslik, o‘zbek tilining mashinaviy tilini yaratish bilan bog‘liq muammolar o‘rtaga tashlandi va qizg‘in muhokama qilindi.
Ma’lum bo‘lganidek, o‘zbek tiliga munosabat, adabiy til me’yorlariga amal qilish masalasi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Bu borada partiya davlat va jamoat tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘rganish natijalari, tahlil va xulosalar yakuniga yetgach, albatta, alifboni takomillashtirish borasidagi takliflar partiya tomonidan mutasaddi mas’ullarga taqdim etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, partiya o‘z nashri va rasmiy saytida so‘nggi ikki yilda til masalasiga oid yuzdan ortiq tahliliy maqolalar chop etdi. Ko‘zga ko‘ringan tilshunos olimlar bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatilib, «Til — millat ko‘zgusi» targ‘ibot filmi yaratildi. O‘zbek tili tarixini o‘rganish, uning jamiyatdagi nufuzini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni mutolaasiz tasavvur etib bo‘lmasligini hisobga olib, Xalq ta’limi vazirligi tizimida o‘zbek mumtoz adabiyoti, o‘zbek milliy ma’naviyatining rivojlanishida Navoiy ijodini tom ma’noda xalq mulkiga aylantirishga qaratilgan «Navoiy vorislari» tanlovi joriy etildi. Tanlov natijasida Alisher Navoiyning «Xamsa» asari dostonlarini yaxlit yod biladigan maktab o‘quvchilari kashf etildi.
Shu bilan birga, partiya va hamkor tashkilotlar respublikamiz miqyosida adabiy til me’yor hamda qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan yangi «Sof o‘zbek tilida» loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra 2017-yilning oktyabr oyidan boshlab har oyning uchinchi haftasi «Til haftaligi» etib belgilab olindi. Ushbu loyihada har bir hududdan deputatlik guruhi vakillari, tilshunos olimlar, jurnalistlar, ziyolilar, qisqa qilib aytganda, o‘zbek tilining haqiqiy fidoiylaridan iborat ishchi guruhi shakllantirilgan. Ular yil davomida barcha sohada til me’yorlari buzilishining oldini olishga qaratilgan amaliy ishlar bilan band.
Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganlaridek, davlat tilini boyitish, yanada takomillashtirish, til madaniyatini yuksaltirish borasidagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish faqat bir partiyaning emas, balki millat ertasini o‘ylaydigan har bir ziyolining zimmasidagi mas’uliyat, vijdon amri ekanini unutmasligimiz kerak.
Bahodir Xolmatov,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi
Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi devoni xodimi»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter