Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sarvar Ochilov

Yeganing haqida emas, ko‘rgan- bilganing haqida yoz!

Matbuotning kuchi nimada?

Matbuotning kuchi nimada?

Foto: «Uzbekistan24.uz»

Ko‘pchiligimizga ma’lum, yurtimizda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati mavjud bo‘lib, ushbu tuzilmalar qonun doirasida bir qancha vakolatlarga ega. Biroq norasmiy bo‘lsa-da «to‘rtinchi hokimiyat» deb ataluvchi matbuotning kuchi qayerda? Unda ham vakolat va imkoniyat bormi? Bor, albatta. Uning kuchi axborot tarqatishida, unga egalik qilishida. Qolaversa, muammo yoki masalaga jamoatchilik e’tiborini qarata olishida... Amalda-chi?

O‘tgan yili «Adolat» gazetasining 29-sonida «Qachon boshpanali bo‘laman?..» sarlavhali maqolam e’lon qilingan edi. Uni bir qancha internet saytlari ham berishdi. Maqolaning sarlavhasidan ham bilish mumkinki, uy-joy masalasi ko‘tarilgan.

Maqolada Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan vazifalar Toshkent viloyatining Qibray va Zangiota tumanlarida ijro etilmayotgani bayon qilingan edi. Ushbu qarorda ijtimoiy sohada faoliyat olib borayotgan yosh oilalar yuz yil ishlab ham oylik maoshidan orttirib uy ololmasligi inobatga olingan hamda ularni boshlang‘ich badalsiz 20 yillik ipoteka krediti evaziga uy-joy bilan ta’minlash, bu sharafli vazifa esa «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati(hozirgi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi)ga topshirilgan edi. Asosiysi, qarorda belgilangan talablarga bizning oila to‘liq mos keldi. Axir kasbimiz ijtimoiy, ya’ni oilaviy jurnalistmiz. Xotinim Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, qolaversa, ikkimiz ham kasbimiz bo‘yicha respublika miqyosida o‘tkazilgan qator ko‘rik-tanlovlarda maxsus diplomlar bilan taqdirlanganmiz.

Xullas, deyarli uyli bo‘ldik degan xayolda bundan uch yil avval «Kamolot» uylaridan birini olish uchun tashkilotning o‘zimiz doimiy ro‘yxatda turadigan Qibray tuman bo‘limi orqali ariza topshirdik. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay «Kamolot» YoIH markaziy kengashining qaroriga asosan Zangiota tumanida quriladigan uylardan birini olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Biroq oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, biz istagan Zangiota yoki Qibray tumanida birorta ham shu turdagi uy-joy qurilmadi. Sababi bizga qorong‘i...

O‘tgan davrda faqat umid qilmadik, tegishli idoralarga murojaat qildik, biroq hammasi foydasiz bo‘lmoqda. Qisqasi, qachon Qibray yoki Zangiota tumanida «Kamolot uyi» qurilsa, navbat bo‘yicha uy olishimiz «tushuntiriladi». Eng yomoni, uylar qachon quriladi degan savolga javob beradigan odam yo‘q. Yuqoridagi qarorda esa respublikamizning har bir hududida kamida ikkitadan ana shunday uy qurilishi belgilangan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra ayni paytda Toshkent viloyati bo‘yicha ushbu turdagi uylar qurilishini intiq kutayotgan biz kabi yosh oilalar soni Qibray tumanida 63 ta, Zangiotada esa 47 ta. Ular yillar davomida ijarada, noqulay sharoitlarda yashashga majbur bo‘lmoqda.

Biz yoshlar doimo e’tibor markazida bo‘lgan yurtda yashaymiz. Har holda shunday deb o‘ylaymiz. Yosh oilalarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ko‘p gapiramiz, yozamiz. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining o‘tgan yili o‘tkazilgan qurultoyida prezident ta’kidlaganidek, yoshlarning muammolariga kelganda mas’ul rahbarlarning barchasi ham birdek jon kuydirmaydi. Afsuski, kuydirishmayapti ham. Yo‘qsa, o‘tgan yili matbuotda e’lon qilingan maqolamga hech bo‘lmasa biror mas’ul idora izoh berardi...

Shu yurtda yashab, ishlab, uning porloq kelajagiga umid bog‘lab kelayotgan yoshlar kreditga bo‘lsa-da uy olishi shunchalik qiyinmi?! Topayotgan oylik daromadining kelishidan oldin ketadigan joyi (ijarada yashaganlar biladi) tayin bo‘lgan biz kabi uy-joyga muhtoj oilalar yurtimizda kammi? Ularning orasida uyli bo‘lish uchun pul toparmikanman deb chet davlatlarda sarson-sargardon bo‘lib yurganlari qancha?! O‘lib ketayotganlari-chi?.. Biz esa hamon hukumatning qaroriga ishonib, kunlar, oylar, yillarni ijara uyda o‘tkazmoqdamiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring