Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Matbuot va axborot agentligi bosh direktori: «Jurnalistlar Prezidentga ko‘makchi bo‘lishi kerak»

Matbuot va axborot agentligi bosh direktori: «Jurnalistlar Prezidentga ko‘makchi bo‘lishi kerak»

Laziz Tangriyev — O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori (suratda o‘rtada)

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 25—27-aprel kunlari O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan joriy yilning Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Yoshlar oromgohi»da hududiy va markaziy OAVlarda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar ishtirokida «Jamoatchilikka axborot yetkazishda an’anaviy va internet jurnalistikasi yutuqlaridan samarali foydalanish» mavzusida seminar tashkil etildi.

Foto: «Xabar.uz»

Seminarning ikkinchi kunida ishtirokchilar «Internet tarmog‘ida milliy segmentni faol rivojlantirib, hududlardagi axborotlar bilan to‘ldirishning yangi uslublari» loyiha doirasida fikr almashdilar. Mamlakatimiz va dunyoda internet jurnalistikasini rivojlantirishning asosiy omillari, xalqaro mediamakonda mamlakat imijini shakllantirishda jurnalistning roli kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Ishtirokchilar, dastlab, matbuot sohasida marketing tizimini rivojlantirish masalasini muhokama etdilar.

Foto: «Xabar.uz»

— Afsuski, bugungi kun bosma nashrlarimizning aksariyati marketing sohasida orqada qolyapti, — dedi Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari Said Abdulaziz Yusupov. — Ko‘plab tahririyatlarda marketing bo‘limining o‘zi yo‘q. Shuning uchun ham har bir seminarda marketing masalasiga alohida e’tibor qaratyapmiz. Endi boshqa yo‘l yo‘q — o‘zining moliyaviy muammolarini hal eta olgan nashrgina yashab keta oladi. Shuning uchun jurnalistlar o‘z faoliyatida nafaqat ijodiy materiallar sifati bo‘yicha, balki iqtisodiy muammolarni hal etish borasida ham yangi bosqichga qadam qo‘yishi lozim.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev bugungi kun jurnalistlaridan yanada dadillik va jur’at talab etilayotganini alohida ta’kidladi.

— Bugun jamiyatdagi muammolarga nisbatan eng murosasiz munosabat bildirayotgan odam kim deb so‘rasangiz, Shavkat Mirziyoyev, deb javob beraman. Davlatimiz rahbari har bir chiqishida muammolarni ro‘y-rost, boricha ko‘rsatib beryapti. Ana shunday bir sharoitda jurnalistlar Prezidentning yonida turib, unga ko‘mak berishi, yurtimizda o‘z yechimini kutayotgan muammolarni ko‘tarib chiqishi kerak. Jurnalistning asosiy vazifasi ham shu aslida. Bugun ommaviy axborot vositalari, ayniqsa internet saytlari faoliyatida jonlanish ko‘zga tashlanmoqda. Bir qator veb-saytlarda muammoli maqolalar e’lon qilinayotgani, jurnalist surishtiruvlari o‘tkazilayotgani natijasida ko‘plab muammolar barham topdi. Bularning barchasi hammamizni quvontiradi.

Foto: «Xabar.uz»

Ammo shu o‘rinda yana bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Jurnalist avvalo vatanparvar bo‘lishi kerak. Millat va xalq oldida mas’uliyatni his etishi lozim. Davlatimiz ramzlari, muqaddas insoniy tushunchalar, azaliy qadriyatlarimizga chuqur hurmat ko‘rsatish talab etiladi. Har bir maqolani yozayotganda aynan mana shu nuqtai nazardan kelib chiqib yondashish jurnalistning muqaddas burchi bo‘lishi kerak, — dedi Laziz Tangriyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring