Markaziy Osiyo: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar
Bugun, 20-sentyabr kuni Toshkentda «Markaziy Osiyo xalqaro transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar» mavzuida xalqaro konferensiyaning birinchi ish kuni bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan o‘qib eshittirilgan murojaatda mintaqaning xalqaro transport tizimiga integratsiyalashuviga to‘sqinlik qiluvchi bir qator omillar tilga olindi.
Asosiy plenar yig‘ilish «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi va tushdan keyin tanlangan tematik tarmoqlar bo‘yicha to‘rtta parallel seksiyali sessiya o‘tkazildi. Xususan, «Markaziy Osiyo mamlakatlari transport va tranzit salohiyatining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari» seksiyasida Markaziy Osiyo mamlakatlari transport va tranzit salohiyatining imkoniyatlari, Markaziy Osiyodagi tashqi integratsiyalashgan transport sohasini shakllantirish va mintaqada yangi yo‘laklar yaratish masalalari muhokama qilindi. Sho‘ba yig‘ilishini O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri Botir Xo‘jayev, YeXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor kirish so‘zi bilan ochib berishdi. Ayniqsa, Jon Makgregorning o‘zbek tilida anjuman ishiga omad tilagani barchaning diqqatini o‘ziga tortdi. Anjmumanda BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Hadi Suleymanpur, Toshkentdagi INHA universiteti rektori vazifasini bajaruvchisi Muzaffar Jalolov va boshqalarning chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, transport va logistika sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashning xalqaro tizimi, xalqaro yuk tashish uchun zamonaviy shart-sharoitlar va bojxona-chegara tartiblarini ishlab chiqish masalalari, yirik transport yo‘nalishlari bo‘yicha logistika markazlari, bojxona omborlari hamda TIR-parklar tarmog‘ini yaratish mavzusi va boshqa ko‘plab masalalar ko‘rib chiqildi.
«Temir yo‘l transportini rivojlantirishning jahon va mintaqaviy tendensiyalari» seksiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari temir yo‘llari sohasida axborot texnologiyalari, marketing va raqamli transport xizmatlarini joriy qilish, temir yo‘l tariflarini tartibga solish, shu jumladan, O‘zbekiston eksport qiluvchi korxonalari, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi va takomillashtiruvchi yangi texnologiyalarni yaratish uchun jahon va Markaziy Osiyodagi temir yo‘l transporti infratuzilmasi istiqbollariga bag‘ishlandi. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi mavjud temir yo‘l transport koridorlari va temir yo‘l tarmog‘i bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama etildi.
Uchinchi seksiya «Avtomobil transportini yanada takomillashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik: xorijiy tajriba va milliy tajriba» ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlarining avtomobil transportida axborot, marketing va raqamli transport xizmatlarini joriy etish, shuningdek, asosiy transport koridorlari bo‘ylab xalqaro avtomobil transportini rivojlantirish uchun innovatsion texnologiyalardan foydalanishni muhokama qildilar.
«Markaziy Osiyoda havo transportini rivojlantirishning dolzarb masalalari» seksiyasida ishtirokchilar jahon va Markaziy Osiyodagi havo transportining bugungi ahvoli va istiqboliga, xalqaro aviatashuvlarni rivojlantirishga, Markaziy Osiyo mamlakatlariga xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga, Markaziy Osiyoda havo yo‘nalishlarini yanada kengaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga, Markaziy Osiyo mamlakatlarida terminallar va logistika markazlari, pochta jo‘natmalari markazlarini yaratish va boshqa masalalarga e’tibor qaratishdi. Anjumanning ikkinchi kuni, 21-sentyabrda konferensiyaning xorijiy mehmonlari Samarqandga borishadi, jumladan, «MAN Auto-Uzbekistan» qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishishadi.
Ma’lumot uchun:
Nufuzli anjumanda 37 mamlakatdan 300dan ortiq mehmon qatnashmoqda. Ular orasida Jahon banki, OTB, ITB, YeTTB, OIIB, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi, YeXHT, GXHJ, ShHT, IHT, MDH, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi, TRASEKA dasturi, Xalqaro avtomobil transporti uyushmasi, Temir yo‘llar hamkorligi tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va yetakchi transport kompaniyalari vakillari bor.
Transport bo‘yicha xalqaro konferensiya tafsilotlarini 50dan ortiq OAV vakillari yoritdi. Xalqaro konferensiya hamda uning doirasida bo‘lib o‘tadigan sho‘’ba yig‘ilishlari haqidagi tafsilotlarni tezkorlik bilan yoritib borish uchun matbuot markazi tashkil etildi. Markazda zamonaviy kompyuter, yuqori tezlikka ega internet, Wi-Fi tarmog‘i va boshqa barcha qulayliklar yaratilgan. OAV vakillari xalqaro konferensiya tafsilotlarini shu yerning o‘zidan turib to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn uzatishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter