«Ma’rifat» 4 nafar talabani ishga qabul qildi

«Ma’rifat»-«Uchitel Uzbekistana» gazetalari tahririyati qoshida tashkil etilgan «Mahorat maktabi» mashg‘ulotlari nihoyasiga yetdi. Kecha «Poytaxt» biznes markazida o‘tkazilgan tadbirda tinglovchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, «Ma’rifat»-«Uchitel Uzbekistana» gazetalari hamda «Boshlang‘ich ta’lim» jurnali tahririyatlari hamkorligida tashkil etilgan uch oylik o‘quv kurslarida O‘zMU va O‘zDJTUning 19 nafar talabasi ustoz jurnalistlardan ixtisoslashuv sabog‘ini oldi. Tahririyatlarning uzoq yillik tajribaga ega o‘ndan ziyod mahoratli xodimlari tahrir san’ati, mualliflar bilan ishlash, mavzu tanlash, ta’lim tizimiga ixtisoslashish, bolalar publitsistikasi mavzularida bo‘lg‘usi jurnalistlarga atroflicha tushuncha berdi.

«Mahorat maktabi» ta’lim-tarbiya yo‘nalishidagi gazeta-jurnallar uchun ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Sobiq tinglovchilarning aksariyati markaziy nashrlarda ishlayapti. Jumladan, bu yil ham mashg‘ulotlarda faol qatnashgan, dolzarb mavzudagi maqolalari chop etilgan 4 nafar tinglovchi «Ma’rifat» gazetasiga ishga qabul qilindi. Bu haqda tahririyat bosh muharriri Husan Nishonov yig‘ilganlarga ma’lum qildi.

Tadbirda fond direktori Said Abdulaziz Yusupov «Mahorat maktabi»ga 10 dona zamonaviy noutbuk sovg‘a qildi. Uning ta’kidlashicha, «Mahorat maktabi» mashg‘ulotlari shu yil sentyabr oyidan huquqiy, iqtisodiy, axborot xavfsizligi yo‘nalishlari bo‘yicha ham davom ettiriladi. Yil oxirida natijalar sarhisob qilinib, kurslarda faol qatnashgan, maqolalari muntazam chop etilgan 10 nafar tinglovchi ustozlar tavsiyasi asosida chet elga bir haftalik malaka oshirishga yuboriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter