Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi xodimlariga chiqarilgan «o‘ta yumshoq hukm» jamoatchilik g‘azabini keltirdi

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi xodimlariga chiqarilgan «o‘ta yumshoq hukm» jamoatchilik g‘azabini keltirdi

Foto: «O‘zA»

Demokratiya va inson huquqlari instituti Bosh prokuraturani Marg‘ilondagi mehribonlik uyi xodimlariga chiqarilgan «o‘ta yumshoq hukm»ni bekor qilish va mamlakatdagi barcha mehribonlik uylarini tekshirishga chaqirdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

Demokratiya va inson huquqlari instituti O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodovga Marg‘ilondagi mehribonlik uyining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgan xodimlariga chiqarilgan sud hukmini bekor qilish tashabbusi bilan chiqishni iltimos qildi. Murojaat institut direktori, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Maslahat kengashi a’zosi Sayyora Xodjayeva tomonidan «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilindi.

«Farg‘ona viloyat sudining tarbiyachilar ustidan zo‘ravonlik qilish va pul o‘g‘irlashda aybdor deb topilgan Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi direktori va xodimlariga nisbatan o‘ta yumshoq hukm chiqargani holati bo‘yicha Sizga murojaat yo‘llamoqdamiz. Bolalar uyi rahbariyati va xodimlari davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan pullarni o‘marish, shuningdek tarbiyachilarga nisbatan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik ishlatganlikda ayblangan», — deyiladi xatda.

Institut O‘zbekiston sobiq Ittifoq mamlakatlari ichida birinchilardan bo‘lib BMTning «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasini ratifikatsiya qilgani va 2008 yilda «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunni imzolaganini eslatib o‘tdi. «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasida davlat bolaning shaxsi, turar joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda bolani ekspluatatsiyaning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqqa solishlardan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, jinoiy faoliyatga, fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etilishdan himoya qilishni amalga oshiradi, deyiladi.

Xuddi shu qonunning 11-moddasida esa har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi, deyiladi.

«Marg‘ilon shahrida sodir bo‘lgan holat mazkur Mehribonlik uyi rahbariyati faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishga majbur hisoblangan vasiylik va homiylik organlari, xalq ta’limi organlari va boshqa nazorat qiluvchi organlarning to‘liq harakatsiz bo‘lganidan guvohlik beradi», — deya ta’kidlanadi murojaatda.

Sayyora Xodjayeva sud tomonidan jinoyatchilarga chiqarilgan jazo choralari jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilinganini ta’kidlab o‘tdi. «Fuqarolar nafaqat mansab jinoyatlari, balki mazkur Mehribonlik uyi xodimlarining hayvoniy instinktlari iskanjasida qolgan himoyasiz bolalar ustidan tahqirlashga nisbatan yumshoq hukm chiqarilganidan g‘azabga kelmoqda».

Bundan tashqari, «Farg‘ona viloyat sudi mazkur Mehribonlik uyini nazorat qiluvchi yuqori vasiylik va homiylik organlari, shuningdek xalq ta’limi organlari harakatsizligiga ham baho berishi, Xalq ta’limi vazirligiga shu kabi bolalar muassasalarida bu kabi noma’qulchiliklarning takrorlanmasligi uchun hodisaga aloqador javobgar shaxslarni intizomiy choralarga tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish to‘g‘risida hukm chiqarishi lozim edi», — deyiladi xatda.

Eslatib o‘tamiz, bolalar xo‘rlanib, qizlar zo‘rlangani aytilgan Marg‘ilondagi mehribonlik uyi direktori Kamol Yakubov va uning o‘rinbosari Sobirjon Usmonov 4 yilga qamaldi. Feldsher Ixtiyor Yo‘ldoshev 3 yilu 6 oyga, tarbiyachi Ravshan Abdufattoyev 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Tarbiyachilar Xurshida Yakubova, Nargiza Soliyeva hamda enagalar Xanifa To‘rayeva, Dildora Jo‘raboyevalarga nisbatan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring