Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Marg‘ilondagi yetimlar taqdiri. Ish yopiq sudda ko‘rib chiqilmoqda

Marg‘ilondagi yetimlar taqdiri. Ish yopiq sudda ko‘rib chiqilmoqda

Foto: O‘zA

Marg‘ilon shahridagi Mehribonlik uyining sobiq direktori va xodimlariga nisbatan sud hukmiga oid maqola yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayevaning Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi mansabdor shaxslariga nisbatan chiqarilgan hukm bilan sudlangan shaxslarga nisbatan yengil jazo tayinlangani haqidagi chiqishi berilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi bu borada O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga quyidagilarni ma’lum qildi:

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi tomonidan Marg‘ilon shahar 1-sonli Mehribonlik uyi direktori lavozimida ishlagan K.Yakubov O‘zbekiston Respublikasi JK 207-moddasining 1-qismi, 115-moddasining 1-qismi, 167-moddasi 3-qismining “a” bandi, 209-moddasining 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksi 207-moddasining (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyat uchun ushbu modda sanksiyasida eng yuqori jazo 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 115-moddasining (ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash) 1-qismida 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 209-moddasining (mansab soxtakorligi) 1-qismida 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 167-moddasining (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismida 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Qonunda shuningdek, 167-moddasining 4-qismida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi deb ko‘rsatilgan.

Tergov organi tomonidan K.Yakubov voyaga yetmagan farzandi A.Yoqubovni jinoyatga, ya’ni Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan qonunsiz harakat qilishga jalb qilgan deb, topilgan va O‘zbekiston Respublikasi JK 127-moddasi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 3-qismi “v” bandi bilan ayblangan. Bu toifa jinoyat uchun besh yildan o‘n yilgacha jazo belgilangan.


Albatta, o‘qing:
Marg‘ilondagi mehribonlik uyi: Hukm o‘qildi. Xo‘sh?


Tergovda K.Yakubovning 2005-yil 5-oktyabrda tug‘ilgan 12 yoshli voyaga yetmagan farzandi A.Yokubov jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yetmagani sababli, jinoyat ishining unga nisbatan qismi JPKning 84-moddasi 5-qismi 3-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.

Bir necha oy davom etgan sud jarayonida voyaga yetmagan A.Yoqubovning Mehribonlik uyiga kelib turishi, tengqur bolalar bilan o‘ynashi, kichik yoshdagi bolalarni o‘ynatgani, jahli chiqqanda ularni urgani, so‘kkani haqida ko‘rsatmalar berilgan.

Ammo, ayni K.Yakubov farzandini jinoiy harakatga jalb etganini tasdiqlovchi biron-bir dalil topilmagan, jabrlanuvchi va guvohlar bu haqda ko‘rsatma berishmagan. Vaholanki, qonunga ko‘ra K.Yakubovni bu modda bilan ayblash uchun uning tomonidan voyaga yetmagan shaxsni ma’lum bir jinoyat sodir etish uchun harakatlarni bajarishga ko‘ndirishga yoki jalb etishga qaratilgan biror-bir aniq harakat mavjud bo‘lishi kerak edi. Shu sababli, K.Yakubovning aybidan O‘zbekiston Respublikasi JK 127-moddasi 3-qismining “v” bandi chiqarilgan.

Bundan tashqari, sud tomonidan Mehribonlik uyi ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlagan S.Usmanov, Mehribonlik uyi feldsheri vazifasida ishlagan I.Yo‘ldashev, Mehribonlik uyi tarbiyachisi vazifasida ishlagan H.Yakubova, R.Abdufattoyev, N.Soliyeva, Mehribonlik uyi enagasi vazifasida ishlagan D.Djuraboyeva, X.To‘rayeva, Mehribonlik uyi bosh hisobchisi lavozimida ishlagan A.Muydinova, hisobchi A.Saidkamalovalarga nisbatan ular ayblangan moddalar sanksiyasi doirasida jazo tayinlangan.

Yuqoridagi chiqishlarda bildirilgan Mehribonlik uyi faoliyati ustidan vazifasiga ko‘ra nazorat qilishi zarur bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rilmadi, degan e’tiroz yuzasidan viloyat sudi tomonidan hukm bilan bir vaqtda – joriy yilning 6 avgust kuni Marg‘ilon shahar 1-sonli Mehribonlik uyi mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risida Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga hamda Marg‘ilon shahar 1-sonli Mehribonlik uyiga nisbatan xususiy ajrimlar chiqarilgani va taraflarga e’lon qilingani bildiriladi.

Qonunga ko‘ra xususiy ajrim sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ngina tegishli manzilga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Shuningdek, Mehribonlik uyi xodimlari va rahbarlari tomonidan sodir qilingan boshqa og‘ir jinoyatlar — tarbiyalanuvchilarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha jinoyat ishi jabrlanuvchilarning qadr-qimmatini asrash uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 560-moddasiga ko‘ra alohida ish yurituviga ajratilgan va hozirda viloyat sudining yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda.

Mazkur ish bo‘yicha ham sudlov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Qonunda belgilangan muddatda mazkur sud yakuni haqida va yuqori idoralarga yuborilgan xususiy ajrim ijrosi haqida tegishli tartibda ma’lum qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring