«Mansabdor shaxslarning OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilishi, senzura uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim» – Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yo‘lladi.
«Qadrli do‘stlar!
Avvalo, siz, azizlarni, sohaning muhtaram faxriylarini Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.
Sizlarning bu galgi kasb bayramingiz eng ulug‘ va eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik sanasi arafasida bo‘lib o‘tayotgani unga alohida ruh va mazmun bag‘ishlamoqda.
Barchangizga ayonki, keyingi yillarda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari sohasida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
El-yurtimiz, jamoatchiligimiz matbuot nashrlari, tele-radio kanallar, nashriyot va matbaa korxonalari, internet saytlari, axborot xizmatlarida o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan zahmatkash jurnalist va blogerlar, noshir va muharrirlar, tarjimon va rassomlar, rejissyor va operatorlar, barcha texnik xodimlarning mashaqqatli mehnatini yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Fursatdan foydalanib, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib yashaydigan, jamiyatda yuz berayotgan muhim o‘zgarishlar, ustuvor g‘oya va tashabbuslarning ma’no-mohiyatini odamlarga tezkorlik va xolislik bilan yetkazadigan, hayotning qaynoq nuqtalariga dadil kirib boradigan siz, azizlarga mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan beqiyos hissangiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi kunda barcha darajadagi boshqaruv idoralari rahbarlarining ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar bilan muntazam uchrashib, jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarni erkin muloqot asosida keng muhokama etishi yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Biz bunday yondashuvni O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik, oshkoralik va demokratik siyosatning eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz hamda milliy manfaatlarimizga javob beradigan bu yo‘lni qat’iy davom ettiramiz.
Shu sababli ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’siri, faoliyat samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish biz uchun hamisha ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda.
Bu borada avvalo mavjud me’yoriy-huquqiy bazani kuchaytirish maqsadida keyingi to‘rt yilda 12 ta qonun hujjati qabul qilinganini, media sohasi, axborot xizmatlari tizimi tubdan yangilanganini ta’kidlash lozim.
Buning tasdig‘i sifatida quyidagi raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Bu yil tashkil topganining 65 yilligini nishonlaydigan milliy televideniyemiz faoliyatida ham jiddiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. O‘z tarkibida tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan 26 ta tele va 16 ta radiokanalni birlashtirgan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining yangi zamonaviy platformasi («Over-the-top») markaziy telekanallarimizda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlarni butun mamlakatimiz bo‘ylab hamda dunyoning yuzdan ziyod davlatlariga uzatish, ijtimoiy tarmoqlarga faol joylashtirish imkonini bermoqda.
Ayni vaqtda nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari, gazeta va jurnallar, nashriyot va bosmaxonalar soni ko‘payib borayotgani e’tiborga loyiq.
Davlat idoralarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, milliy dastur va strategiyalarning bajarilishi yuzasidan doimiy ravishda matbuot anjumani va brifinglar, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Agar 2019 yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari – rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu raqam 2410 taga yetdi.
Ommaviy axborot vositalaridagi tanqidiy chiqishlarga vazirlik va idoralar, hokimliklarning axborot xizmatlari orqali tezkor munosabatlar bildirish amaliyoti shakllanmoqda. Buning tasdig‘ini davlat idoralari tomonidan tanqidiy materiallarga javob qaytarish ko‘rsatkichi 2018 yilda 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil yakuniga ko‘ra qariyb 90 foizga yetgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Yaqinda qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Hozirgi vaqtda elektron ommaviy axborot vositalari, xususan, Internet jurnalistikasi hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 1893 ta ommaviy axborot vositasidan 638 tasi yoki 33,7 foizi Internet nashrlari – veb-saytlar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Shu o‘rinda, mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda barcha jarayonlar inson omilisiz, elektron shaklda amalga oshirilayotgani bu yo‘ldagi yana bir muhim qadam bo‘lganini qayd etish zarur.
Sohada yuksak malakali kadrlar tayyorlash masalasi ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat chet tillari institutida ham jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Aziz yurtdoshlar!
Mamlakatimizdagi barcha siyosiy-ijtimoiy institutlar kabi O‘zbekiston jurnalistikasi ham hozirgi raqamli texnologiyalar davrida yangi shakllanish jarayonini boshidan kechirmoqda.
Bugun avlodlar, ijodiy maktablar, an’analar, tushuncha va tasavvurlar yangilanmoqda. Internet zamoni o‘z talab va qoidalarini ilgari surmoqda. Ana shunday murakkab o‘tish davrida milliy jurnalistikamiz ilgari kuzatilmagan turli sinov va qiyinchiliklarga ham duch kelayotganini e’tirof etish va ularni birgalikda bartaraf qilish haqida o‘ylashimiz lozim.
Aminmanki, mazkur sohada yillar davomida erishilgan eng yaxshi yutuq va an’analarni saqlab qolish, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga, qonun talablariga qat’iy rioya qilish, fuqaroning sha’ni va g‘ururi, uning o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lish huquqini hurmat qilish, yuksak professional mahorat sizlar uchun doimo asosiy faoliyat mezoni bo‘lib qoladi.
Ushbu maqsadlarga erishishda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan ilgari surilgan bir qator tashabbuslar, ya’ni milliy media makonimizga dadil kirib kelayotgan yosh jurnalistlar, blogerlar, axborot tizimlari xodimlari ishtirokida “Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida “O‘zbekiston jurnalistika maktabi: ijodiy meros va an’analar”, “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari”, “Jurnalistika odobi” kabi mavzularda davra suhbatlari va mahorat darslari, ijodiy tanlovlar uyushtirishga doir takliflar shubhasiz katta ahamiyatga ega.
O‘tish davri bilan bog‘liq sabablar tufayli bugungi kunda bir qator bosma nashrlarning moliyaviy ahvoli murakkab bo‘lib qolayotgani hammamizga yaxshi ma’lum. Yaqinda o‘zining yangi rahbarini saylagan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, respublikamizdagi yetakchi gazeta va jurnallar bosh muharrirlari bilan birgalikda mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish haqidagi takliflarini biz albatta ma’qullaymiz.
Ushbu hujjatda bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga oid amaliy chora-tadbirlar bilan birga, sohaga bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini to‘liq joriy etish, mazkur nashrlarning mazmuni va jozibadorligini yanada oshirish, ularning axborot maydonida raqobatbardosh bo‘lishi uchun mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish masalalari ko‘zda tutilishi maqsadga muvofiqdir.
Ayni vaqtda sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish va jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish ham oldimizda turgan muhim vazifadir.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari ijodiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va zarur texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalarni kuchaytirish lozim.
Ta’kidlab aytamanki, mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini har tomonlama rag‘batlantirishga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratiladi.
Muhtaram ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Sizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda barchangizga yangi yutuq va omadlar yor bo‘lsin!», deyiladi tabrikda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter