Maktabga «yuqori»dan kelishdi. Xo‘sh?
![Maktabga «yuqori»dan kelishdi. Xo‘sh?](https://static.xabaruz.com/crop/3/4/720_460_95_3409743008.jpg)
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 232-umumta’lim «yuqori»dan tashrif bo‘ldi. «Yuqori»ki, ularning vakolati va salobati oldida mo‘’jazgina o‘rta ta’lim dargohi tugul, katta-katta tashkilot rahbarlariyam shoshib qolishi mumkin: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi (rais o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov), Xotin-qizlar qo‘mitasi (rais o‘rinbosari Gulnora Ma’rupova), Bosh prokuraturadan vakillar, tuman prokuraturasi mutasaddilari...
![](https://static.xabar.uz/uploads/15/720__uW97GThDexRouwQL0O0Vx9hCSrJK3hCo.jpg)
Xotiringiz jam bo‘lsin: mehmonlar qandaydir tekshiruv yoki birorta ko‘ngilsiz hodisani muhokama etish uchun kelishmadi. Balki «Inson huquqi bola huquqidan boshlanadi» mavzui doirasida o‘quvchilar bilan o‘zaro muloqot qildilar. Ta’kidlaymiz: tadbir «o‘zaro muloqot» shaklida bo‘ldi. Bu esa maktab o‘quvchilari «hazm» qilolmaydigan ma’ruza yoki quruq pand-nasihatlarga hojat qolmaganini anglatadi. O‘z navbatida maktab ma’muriyati ham mehmonlar tashrifi sabab a’lochi o‘quvchilarni tanlab-tanlab tadbirga «tayyorlash» yoki zalni to‘ldirish uchun katta-kichik sinf bolalarini majburan «ushlab o‘tirish»dek boshog‘riqlardan voz kechishibdi. Buning daliliki, mehmonlar, asosan, yuqori sinf o‘quvchilari bilan muloqotda bo‘ldilar. Ikkinchidan, maktab direktori Dildora Usmonova mehmonlar bilan tanishtirgach, o‘zi zalni tark etdi: o‘quvchilar ortiqcha bosimdan xalos bo‘lishi va bemalol suhbatlashishi uchun...
Tadbirga muxtasar chizgi bersak, hammasi samimiy va jonli ruhda o‘tdi. Mehmonlar bolaning huquqi-yu majburiyati, odob-u va adab, to‘g‘rilig-u o‘g‘rilik kabi mavzularda o‘z tajribalaridan kelib chiqib gapirdilar. So‘ng so‘zni o‘quvchilarning o‘zlariga berishdi:«Nimalarni tushunding, bolam?» O‘quvchilar uqqanlarini aytishdi, tushmaganlarini takror so‘rashdi. Kattalar ham bir gapni ikki qaytarishdan erinmadilar... Mana buni jonli muloqot desa bo‘ladi.
Uchrashuv jarayonida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va buning oqibatlari haqida tasvirga olingan film namoyishi esa o‘quvchilarga o‘zgacha ta’sir etgani aniq. Mehmonlar tomonidan hadya etilgan turli nomdagi adabiyotlar-ku aytmang...
![](https://static.xabar.uz/uploads/15/720__IniZjQ34U4C3hQQJuzRT0Xi7AZeZaNgy.jpg)
... Bir qarashda katta-katta mutasaddilarning boshidan oshib yotgan ishidan arang ajratgan vaqtini yigirma-o‘ttiz nafar o‘quvchilar bilan suhbatlashishga sarflagani g‘ayritabiiyroq tuyuladi. Tadbir miqyosi kattaroq bo‘lsayam boshqa gap... Bunga Xolmo‘min Yodgorov izoh berdiki, tadbir katta bo‘lsa-yu samarasi kam bo‘lsa, bundan nima va kimga foyda?! Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bilvosita emas, bevosita bo‘lmog‘i kerak. Shunday ekan, mas’ullarning katta boshini kichik qilib, tarbiyaning asosiy o‘chog‘i bo‘lgan maktablarga kelishi lozim va shart. Mana, o‘tgan to‘qqiz oy davomida 8036 nafar yoshlar jinoyatga qo‘l urgan bo‘lsa, ularning 378 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Albatta, raqam labga uchuq toshiradigan darajada emas, biroq xotirjam bo‘lmoqqa-da izn bermaydi-da.
Prezidentimiz tashabbusi bilan bolalar haq-huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalash, voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish va ularning yuqori darajada ta’lim-tarbiya olishini har tomonlama ta’minlash borasida izchil hamda tizimli ishlar olib borilmoqda. Demak, kelajak oldidagi mas’uliyat zalvoridan bu yog‘iga quruq hisobot uchun tadbirlar uyushtirish bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Zero, Abu Homid G‘azzoliy ta’biri bilan aytganda: «Bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gavhardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga ko‘ra shakllanadi, eggan tomonga egiladi».
Jinoyat sodir etgan aksariyat voyaga yetmagan shaxslarning sudda: «Qonunni bilmaganim sabab o‘z harakatimning jinoyat ekanligini anglamaganman, endi tushundim, boshqa takrorlanmaydi, pushaymonman», mazmunida gapirishadi. Qayd etish joizki, qonunni bilmaslik jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga asos bo‘lmaydi. Aksincha, qonunni bilmaslik va unga rioya qilmaslik uni buzishga, bu esa javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shunday ekan, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish muhimdir. Yosh avlodning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati maktab davridayoq g‘uncha otmasa, muhim fursat boy berilmaydimi? Bu jarayonda paydo bo‘lgan bo‘shliq nainki voyaga yetmagan bolaning o‘ziga, ota-onasi, qo‘yingki, jamiyatga qimmatga tushmaydimi? Shunday ekan, katta-katta idoralarning mas’ul rahbarlari faqat katta tadbirlarda kimlardir yozib bergan nutqni hijjalab o‘qib berish o‘rniga vaqti-vaqti bilan umumta’lim maktablarga qadam ranjida qilib turishi, bunday tashriflar esa «g‘ayritabiiy» emas, mutlaqo tabiiy holatga aylanishi lozim. Zero, jamiyatda qonunlarga hurmat bilan qarash muhiti uzil-kesil shakllanmas ekan, taraqqiyotdan umid qilish dushvor. Qonun esa insonlardan halol-u poklikni talab etadi. Halolu pok avlodning odob-ahloqi ham shunga yarasha bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter