Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktab o‘quvchilariga polda dars o‘tilishiga sababchi bo‘lganlar jazolandi

Maktab o‘quvchilariga polda dars o‘tilishiga sababchi bo‘lganlar jazolandi

Foto: Skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkabog‘ tumani 39-maktab o‘quvchilariga polda dars o‘tilgani haqida videotasvir keng tarqalgandi. Videoyozuvda qayd etilgan holatlar viloyat prokuraturasi tomonidan tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yakkabog‘ tumani «Qayrog‘och» MFYda joylashgan 39-sonli umumta’lim maktab binosi 420 o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 1974-yilda qurilgan. Maktab binosini ta’mirlash uchun 2021-yilda 3 mlrd 102 mln 400 ming so‘m ajratilgan, qurilish-ta’mirlash ishlari «Avangard gidro-ekspress» MChJ tomonidan olib borilib, 10.09.2021-yilda yakunlangan.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktab binosiga qurilish ishlari yakunida 27 ta sinfxona uchun 405 ta parta, direktor, uning o‘rinbosari xonalariga 1 to‘plamdan hamda o‘qituvchilar xonasiga 2 to‘plamdan zaruriy jihozlar yetkazib berilishi belgilangan bo‘lib, qurilish ishlari yakuni bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilayotgani sababli, 08.09.2021-yilga qadar jihozlar yetkazib berilmagan. Shu sababli, maktab ma’muriyati tomonidan eski jihozlardan foydalanilib, o‘quv yili boshlangan.

O‘rganishda umumta’lim maktabiga barcha zaruriy jihozlar yetkazib berilishi ta’minlandi. O‘qituvchilar N.S. va O.S.larning maktab direktori bilan dars taqsimoti masalasida yuzaga kelgan kelishmovchiligi sababli, o‘quv yili boshlangan kunlari maktabda mavjud jihozlangan xonalarda dars o‘tish imkoniyati bo‘la turib, maktab ma’muriyatining tashkiliy masalalardagi kamchiliklarini ijtimoiy tarmoqlarda bo‘rttirib ko‘rsatish maqsadida 5 «a»-sinf o‘quvchilariga partalar joylashtirilmagan xonada dars o‘tilgan.

O‘qituvchilar N.S va O.S.lar ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishga uringanlari uchun ularga maktab pedagoglari va kasaba uyushma a’zolarining qo‘shma yig‘ilishi qarori bilan hayfsan intizomiy jazosi berildi.

Shuningdek, tekshiruv natijasi bo‘yicha maktabning o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish va o‘quv jarayonini to‘g‘ri tashkil qilishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan maktab direktori Sh.Q. o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.X. va xo‘jalik mudiri J.J.larga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ham bu mavzuga o‘z munosabatini bildirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring