2018—2019-o‘quv yilidan maktab darsliklarining xususiy noshirlar tomonidan chop etilishi ko‘paytiriladi
2018-yil 15-fevral kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida noshirlik va matbaachilik sohasida faoliyat yuritayotgan xususiy korxonalar rahbarlari va tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga agentlik mas’ul xodimi xabar berdi.
Ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda Agentlik Bosh direktori Laziz Tangriyev O‘zbekiston Prezidentining farmon va qarorlari bilan noshirlik, matbaa yo‘nalishida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib, ushbu sohani yanada taraqqiy toptirish yo‘lida muntazam izlanish hamda tarmoqqa innovatsion g‘oyalarni keng jalb etish kerakligi haqidagi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Muhokamalar jarayonida tadbirkorlar tomonidan bir qancha takliflar ilgari surildi. Shuningdek, ular qog‘oz va boshqa matbaa xomashyolarini xarid qilishda ayrim muammolarga duch kelishayotganini aytib o‘tishdi.
Qolaversa, ba’zi xususiy bosmaxonalarda kitob mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun matbaa uskunalari bilan to‘liq ta’minlanmagani, ya’ni katta hajmdagi buyurtmalarni bajarishda chop etish, tikish, muqovalash uskunalarining quvvati yetishmasligi ta’kidlanib, bu borada matbaa korxonalari o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda davlat buyurtmalarini sifatli bajarish hamda amaldagi standartlar talabiga to‘liq javob beradigan matbaa xizmatlarini ko‘rsatish masalalari va 2018—2019-o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablari darsliklarini chop etishda xususiy sektorning rolini yanada oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter