Bosh vazir o‘rinbosarining lavozim majburiyatlari o‘zgartirildi
Vazirlar Mahkamasining 31.12.2020-yildagi 822-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining lavozim majburiyatlariga o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar bermoqda «Norma».
O‘zgartirishlarga muvofiq, Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining faoliyati investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, respublikada qulay investitsiya muhitini saqlash, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori mahsulotlarining eksport hajmlari hamda geografiyasini kengaytirish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga yo‘naltirilgan.
Bunda avval uning bevosita javobgarligiga kiritilgan davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi siyosatni rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni muvofiqlashtirish sohasiga bog‘liq masalalar qayta taqsimlandi.
Quyidagi vazifalar uning bevosita javobgarligidan chiqarildi:
- bojxona organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan zamonaviy AKTlarni joriy etish, bojxona to‘lovlarining to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash borasida bojxona organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishi;
- import qilinadigan mahsulot hajmlari va turlarining har tomonlama tahlil etilishini tashkil qilish, shu asosda importni yanada qisqartirish, import bojxona bojlarini optimallashtirish, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirishga doir takliflar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish;
- butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish, mahalliylashtiriladigan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish yuzasidan buyurtmalarni joylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil etish;
- Prezidentning hujjatlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida O‘zbekiston hududida o‘ziga xos tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziyalar berish ishlarini tashkil etish.
Yangi vakolatlar doirasida Prezidentning 18.08.2020-yildagi «Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6042-son Farmoniga asosan tashkil etilgan Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining faoliyatiga rahbarlik qilish Bosh vazir o‘rinbosari zimmasiga yuklatildi.
Bundan tashqari, Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi boshlig‘i va mutaxassislarining funksional vazifalarini taqsimlaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.12.2020-yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter