Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Majburiy obuna — dardning isitmasi!

Majburiy obuna — dardning isitmasi!

Foto: «Sputnik»

Ochig‘i, kayfiyatim tushib ketdi. Kecha telegramdagi bir guruhdan chiqib ketdim: majburiy obuna to‘g‘risidagi bahs shaxsiyatga o‘tib ketdi. Mayli, bahslashamiz, yarashamiz, do‘stchilikda bo‘laveradi. Lekin men yana aysbergning uchi ustida bahs borganidan afsusdaman.

Majburiy obuna yomon! Unga qarshiman!

Lekin nega bizda ixtiyoriy obuna yo‘q? Nega hech kim bu savol ustida bosh qotirmaydi ham?

Men anchadan beri o‘ylayman va ikki asosiy sababni ko‘raman.

1-sabab: SENZURA!

Erkin matbuot yo‘q joyda, ixtiyoriy obuna bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, rasman senzura yo‘q, taqiqlangan! So‘nggi yillarda matbuot erkinligi yo‘lida ko‘p ilgariladik. Hech bir soha matbuotchalik ochilmadi, o‘smadi, nazarimda. Lekin baribir bu ixtiyoriy obuna uchun kamlik qiladi.

Eshitishimcha, haliyam gazetalarda «itog» degan narsalar bor. Muharrirlarning ichki senzurasi kuchli. Gazetalarda dadillik yo‘q. Bosma nashrlar va TV matbuot amaldorlarining o‘ta ehtiyotkor qo‘llarida.

Bu dardning isitmasi kutilmaganda oshkor bo‘lib, ayrim jurnalistlar «Kun.uz»gacha arz qilib borishdi. Shaxsiydan menga «bizning ham dardimizni yoz, bosh muharrirlarning tuturuqsiz buyruqlariyu senzurasidan bezor bo‘ldik» degan arznomalar juda ko‘p keladi.

Matbuot saytlar kabi o‘z chegaralarini kengaytirib borishi kerak edi. Juda sust kechyapti bu jarayon.

So‘nggi yillarda xalq bilan muloqot, odamlar dardini tinglash asosiy o‘ringa chiqdi. Matbuot bu borada eng ilg‘or bo‘lishi kerak edi, xuddi bir paytlardagidek. Eslasangiz, 1980-90 yillarda odamlar gazetalarga qoplab xatlar yozishgan («Yosh kuch»ga, masalan). Bugun ular arzini «Kun.uz»ga aytyapti. Bu matbuotning boy bergan pozitsiyasidir.

Olaylik, o‘sha ariq voqeasi saytlarda yoki xorij gazetalari muqovasida emas, o‘zimizning gazetalarda, masalan, «Xalq so‘zi» muqovasida chiqsagina, biz odamlarning gazetalarni talashib-tortishib o‘qishlaridan umid qilsak bo‘ladi.

Erkin va dadil matbuot bo‘lgandagina, iste’dodli, qalami o‘tkir jurnalistlar sohaga qaytadi.

2-sabab: O‘QIMASLIK!

Bu — epidemiya.

Saytlarni o‘qishyapti-ku deyapsizmi? Ko‘rishdi degani bu hali o‘qishdi degani emas. Asosan sarlavhalar o‘qilyapti. O‘sha maqolalar tagidagi sharhlarni ko‘rsangiz, bunga amin bo‘lasiz.

«Tafakkur», «Ma’rifat» yo «Jamiyat» degan nashrlar adadi nega tushib ketadi? «Jajji akademik»dek jurnallar nega 1000 ta nari-berisida chiqadi? O‘sha saytlar qatori sifatli kontent beryapti-ku.

(Ularni sotib olish kerak, odamlarda pul yo‘q demang. Internet ham arzon emas, gadjetlar ham. Ularni har ikki yilda yangilab ham turamiz).

O‘qimaydigan avlodmiz, o‘qimaydigan avlodni tarbiyalayapmiz. Shu xolos!

Nega bizda saytlar va bosma matbuot xorijdagidek o‘zaro ahil yashay olmayapti? Senzura va ma’rifatsizlikka qarshi birga kurashish o‘rniga, nima uchun bir-biri bilan kurashyapti?

Biri ijtimoiy tarmoqda o‘tiradiganlarni qovoqbosh deb muqovasiga karikatura chiqarsa, boshqasi «enamning pensiyasini tinch qo‘y» deb matbuotni butunlay yopmoqchi.

Blogerlar yo saytlar tazyiqqa uchrasa, dod soladigan virtual olam senzura ostida ezilgan matbuotni faqat tomosha qiladi. O‘z boshingga tushgan qorni o‘zing kura deydi.

Sohani ichdan biladigan matbuot jurnalistlari esa o‘z muammolarni yozmaydi (propiskadan boshqa), o‘zining ichki senzurasini yengolmaydi yo shu ham bo‘laveradi qabilida yashayapti. Yana «internet –  ajdar, balo» va hokazo deb yig‘laydi.

Ha, bu bizmiz!

Ba’zilar «buncha shu bosma nashrlarga yopishding, qog‘oz bir vosita, xolos-ku» deyishadi. Men unday o‘ylamayman.

Internet ancha afzalliklariga qaramay, bir katta aybi bor: feyklar uyasi (ayrim nashrlar internetdan tarjima bosishga o‘tvoldi, men ularni matbuot o‘rnida ko‘rmayman).

Faktcheking deyarli yo‘q, axborot tarqatish mas’uliyati yo‘q. Plagiatmi, yolg‘onmi ― shart tahrirlaydi yo o‘chiradi («O‘zA»ning kechagi ishiga o‘xshab). Skrinshot olib hammaga bittalab ko‘rsatib yurish kerak yolg‘onni fosh qilish uchun.

Qog‘oz esa mas’uliyat beradi. Xatga tushding ― o‘tga tushding. Feyklar kamroq.

To‘g‘ri, boshqa tusdagi yolg‘on ko‘p qog‘ozda. Ammo u yolg‘onning sababi mas’uliyatsizlik emas!

Biz odamlar talashib-tortishib, navbat turib sotib olib o‘qiydigan matbuotga loyiqmiz!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring